1.3. O‘ZBEK TILSHUNOSLIGIDA LINGVOKULTUROLOGIK TADQIQLAR O‘zbek tilshunosligida lingvokulturologiya tadqiqiga bag’ishlangan bir necha ilmiy ishlar mavjud bo‘lib, ular lingvomadaniyatshunoslikning ilmiy jihatdan asoslanishi, madaniyatning tilda aks etishi singari qator masalalarga qaratilgan. Xususan, O‘zbekistonda lingvokulturologiyaga bag’ishlangan dastlabki ilmiy izlanish namunalari sifatida tilshunos A.Nurmonovning “O‘zbek tilida lingvokulturologik yo‘nalish”50, N.Mahmudovning “Tilning mukammal tadqiqi yo‘llarini izlab” 51, N.Sayidrahimovaning “Lingvokulturologiyaning ilmiy asoslanishiga doir ayrim mulohazalar”52, “Lingvokulturologiyaning komponentlari”53 nomli maqolalarini, shuningdek, D.Xudoyberganovaning “Matnning atropotsentrik tadqiqi”54 mavzusidagi monografiyasini, “O‘zbek tili o‘xshatishlarining izohli lug'ati”55 ni misol keltirish mumkin. Mazkur tadqiqotlarda lingvokulturologiya fanining mohiyati, predmeti va obyekti masalalari o‘rganilgan.
Shuningdek, S.Mo‘minov o‘zining "O‘zbek muloqot xulqining ijtimoiy-lisoniy xususiyatlari" mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasida o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan muloqot xarakterini ijtimoiy-lisoniy nuqtai nazardan tadqiq etgan56. Dissertatsiyada shunday fikrlar keltirilgan: "Muloqot xulqi muammosini milliy xarakter, millat aholisining o‘ziga xos urf-odatlari, qadriyat va an`analarini hisobga olmasdan turib mutlaqo o‘rganish mumkin emas. Chunki muloqot xulqi millat xarakterining uzviy bir qismi bo‘lib, ular bir-biri bilan chambarchas bog`liqdir”.
Proffesor SH.Safarovning "Semantika" nomli monografiyasida lingvokulturologiya, xususan,lingvomadaniy konseptga oid fikrlar bayon etilgan57.
Monografiyaning "Konsept va ma’no" deb nomlangan 8- bobida muallif konsept to‘g’risidagi turli nazariyalarni chuqur tahlil etib, ularga o‘z munosabatini bildirgan. Unda muayyan xalqqa tegishli bo‘lgan har qanday konsept mundarijasida o‘sha til egalarining dunyoqarashi va o‘sha xalqqa xos bo‘lgan milliy-madaniy belgilar namoyon bo‘lishi g’oyasi o‘rin olgan.
Shuningdek, o‘zbek tilshunosligida A.Abduazizov, D.Ashurova, O.Yusupov, A.Mamatov singari tadqiqotchilar ham lingvokulturologiya sohasiga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqdalar. Xususan, professor D.Ashurovaning fikricha, lingvokulturologiyaning eng muhim vazifalaridan biri – metodologik sharoitlarni aniqlashtirish, tadqiqotlarning konseptual qonun-qoidalari hamda madaniyat nuqtayi nazaridan ajratib olingan til birliklarini (lingvokulturemalar) tizimiga solish va tasniflash muammolarini ishlab chiqish hisoblanadi58.
Tilshunos M.X.Hakimovning "O‘zbek tilida matnning pragmatik talqini" mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasida o‘zbek tilshunosligida lingvistik pragmatikaga oid nazariy masalalar birinchi marta monografik aspektda tadqiq etilgan59. Dissertatsiyada garchi lingvokulturologiya termini qo‘llanmagan bo‘lsa-da, lingvistik pragmatika nazariyasi tilning milliy o‘ziga xosligini namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlanadi: "Millatga bo‘lgan hurmatning asl namunasi sifatida tilimizga davlat tili maqomining berilganligi o‘zbek tili va unga xos milliy xususiyatlarni o‘rganishga dunyo xalqlari intilishining qiziqishi pragmatika nazariyasiga, uning mohiyatiga bo‘lgan ehtiyojni yanada orttirmoqda.Sababi lingvistik pragmatika nazariyasi, ya’ni nutqning amaliy qo‘llanishi bilan bog`liq hodisalar talqini o‘sha tilga xos milliy o‘ziga xoslikni anglash uchun qulay imkoniyatlar yaratadi".
Proffesor N.Mahmudovning "O‘xshatishlar – obrazli tafakkur mahsuli" nomli maqolasida o‘zbek tilidagi o‘xshatishlarning lingvokulturologik xususiyatlarini o‘rganish ahamiyati haqida so‘z borib, ular milliy obrazli tafakkurni ifoda etishi ta’kidlanadi60. Olim bu boradagi fikrlarini o‘zining "O‘zbek tili o‘xshatishlarining izohli lug`ati"da yana-da kengroq talqin etdi61. Olim o‘zinig "Tilning mukammal tadqiqi yo‘llarini izlab..." nomli maqolasida lingvokulturologiyaning asosiy tushunchalari bo‘lmish til va madaniyat haqida quyidagilarni yozadi: "Til va madaniyat deganda, ko‘pincha, "nutq madaniyati" deyiladigan muammo assotsiativ holda esga tushsa-da, bu ikki o‘rindagi madaniyatning aynanligini also ko‘rsatmaydi. Til va madaniyat deganda, odatda, (to‘g`risi ham Shu) til orqali u yoki bu madaniyatni yoki aksincha, madaniyatni o‘rganish orqali u yoki bu tilni tushuntirish nazarda tutiladi, aniqroq aytadigan bo‘lsak, lingvokulturologiyadagi madaniyatning ma’nosi "aqliy-ma’naviy yoki xo‘jalik faoliyatida erishilgan daraja,saviya (nutq madaniyati)" emas, balki "kishilik jamiyatining ishlab chiqarish,ijtimoiy va ma’naviy-mahrifiy hayotida qo‘lga kiritgan yutuqlari majmui (madaniyat tarixi, o‘zbek madaniyati)"demakdir. Shunday bo‘lgach, nutq madaniyatining o‘rganish muammolari boshqa, lingvokulturologiyaning o‘rganish obyekti tamoman boshqadir"62.
Proffesor A.Nurmonov esa o‘zining “O‘zbek tilida lingvokulturologik yo‘nalish” nomli maqolasida til va madaniyat aloqasiga doir fikrlarini bayon etadi.U tillar o‘rtasida umumiy tomonlar ham bor ekanligini tahkidlab,buni shunday izohlaydi: "Har bir tilda xalqning ruhi, milliy madaniyati, o‘ziga xos dunyoni ko‘rish, idrok etish tarzi namoyon bo‘lish bilan birga, tillar o‘rtasida obraz yaratishdagi shunday umumiy jihatlar borki, bular umuminsoniy tafakkur mahsuli sifatida yuzaga chiqadi"63.
A.Nurmonov til va madaniyat o‘rtasidagi aloqa yuzasidan olib borilgan ilmiy izlanishlarni uch yo‘nalishga bo‘ladi: "Birinchi yo‘nalish V.Gumboldt, E.Sepir va B.Uorf nomlari bilan bog`liq bo‘lib, ular til va tafakkur, til va madaniyat munosabatida tilni belgilovchi kuch deb hisoblaydilar". Nurmonovning fikricha bu qarash biryoqlama Chunonchi, u shunday deb yozadi: "... nominatsiyaga asos bo‘lgan obraz markazini idrok qilishda turli tipdagi tillarda o‘ziga xos umumiy jihatlardan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bu ham lingvistik nisbiylik nazariyasining olamni idrok qilishda tilning roli ustuvor ekanligi haqidagi xulosasi biryoqlama ekanligidan dalolat beradi"64. A.Nurmonovning fikricha, til va madaniyat munosabati haqidagi ikkinchi nuqtai nazarda bu ikki hodisa o‘rtasidagi aloqa tamoman inkor etiladi. Olim bu masala haqidagi uchinchi nuqtai nazarda yuqoridagi ikki qarama-qarshi fikrlar o‘zaro sintezlanadi deb hisoblaydi.Jumladan: "... til va madaniyat o‘zaro bog`liq va ayni paytda farqli hodisalardir. Til va madaniyat munosabatida tilning roli katta. Har bir xalqning o‘ziga xos etnomadaniyati uning tili orqali ifodalanadi. Lekin obyektiv borliqda ana shu etnomadaniyat mavjudligi uchun u tilda o‘z ifodasini topadi. Demak, til va madaniyat munosabatida ham obyektiv borliq - ong- til munosabati amal qiladi"65.
Tilshunos D.Xudoyberganovaning “Matnning antropotsentrik tadqiqi” monografiyasi tahsinga loyiq66. Olima bu izlanishi orqali o‘zbek tilidagi matnlarning lingvokulturologik xususiyatlarining o‘rganish ahamiyatini ko‘rsatdi. Monografiyada lingvomadaniy birliklarning matn yaratilishidagi o‘rni, o‘xshatish mazmunli matnlar, metaforalarning matn yaratilishidagi o‘rni, jonlantirish asosida matnlarning lingvokulturologik xususiyatlari tadqiq etilgan.
Tadqiqotchi Y.Odilov o‘zbek tilidagi enantiosemik so‘zlarga bag`ishlangan ilmiy ishida frazeologizmlarning milliy-madaniy xususiyatlariga ahamiyat berar ekan, shunday fikrlarni ta’kidlaydi: “Albatta, tildagi har qanday birlik u yoki bu darajada milliy-madaniy o‘ziga xosliklarni namoyon etadi. Ammo shunday til birliklari borki, ular milliy-madaniy injaliklarning benihoya betakror timsolidir. Shu ma’noda frazeologizmlar millat mentaliteti, madaniyati, turmushtarzi hamda uzoq yidlik kuzatuvlarining qabariq ifodasidir.”67 So‘nggi yillarda O‘zbekistonda linvokulturologiyaga bag’ishlangan o‘quv – uslubiy qo‘llanmalar ham yaratila boshladi. Xususan, tilshunos Sh. Usmanovaning “Lingvokulturologiya fanidan ma’ruzalar kursi “ nomli kitobi bu sohada o‘zbek tilida yaratilgan ilk o‘quv adabiyoti sanaladi68. Darslikda linvokulturologiyaning maqsadi va vazifalari, o‘rganish obyekti hamda predmeti va u bilan bog’langan fanlar bo‘yicha muhim ma’lumotlar berilgan. Lingvokulturologiyaga oid eng asosiy tushunchalarga izoh berilib, fan yuzasidan amalga oshirilgan ilmiy asarlar bilan yaqindan tanishtirilgan.
Shuningdek, tilshunos I.Darvishov tomonidan “Lingvokulturologiya fanidan ma’ruzalar matni” nomli o‘quv qo‘llanma yaratilgan bo‘lib, unda lingvokulturologik birliklarga ta’rif berilib, ular haqida juda ko‘plab ma’lumotlar keltirilgan69. Bundan tashqari muallif kitobda soha bo‘yicha qilingan ilmiy izlanishlarga o‘z fikrini bergan.