Kelintopar/Kelinyashindi – bu marosim tarixiy hisoblanib, hozirda kop joylarda o‘tkazilmaydi. Ushbu marosimda to‘y kuni kuyov kelinni olib ketishga kelganida, qizning qarindoshlari uni tandir iichiga, qora uyning burchagidagi yuklar (taxlangan ko‘rpa-to‘shak) orqasiga, tikka qilib o‘rab qo‘yilgan kigiz (jundan tayyorlangan to‘shamchi) orasiga, kacharga (qo‘y-qo‘zilarni yozda qamash uchun mo‘ljallangan joy)yashirishgan. Baʼzida esa, uch-to‘rtta yosh kelin yoki qizlar kelinga o‘xshab kiyinib, yuzlarini yopib olgan. Kelin tarafdan birorta ayol qarindosh “kelin yashindi, kelin qochib ketdi, kelinni toping” deb baland ovozda baqirgan. Kuyov kelinni qidirgan. Odatda kelin yashinadigan joylar aniq bo‘lgani uchun kuyov kelinni tez topgan. Qiyini bir xil ayollar orasidan kelinni topish bo‘lgan. “Soxta kelin”lar kuyov yaqinlashishi bilan qochganlar. Kuyov ularni ushlab, yuzini ochib ko‘rgan. “Qalliq” qa borgan kuyovlar o‘zlari tanib olgan, kelinni umuman ko‘rmaganlariga atrofdan “topdingiz”, “topolmadingiz” deb aytib turishgan.102 Bugungi kunda bu marosim deyarli o‘tkazilmaydi. Hozirda ba’zan Farg’ona viloyatida bu udum chaqiriq marosimi so‘nggida o‘tkaziladi. Bundan maqsad, ota – onasi uyiga endi mehmon bo‘lib kelgan qizning ko‘nglini ko‘tarib, quvontirishdir.
Chaqirdi – to‘ydan keyin o‘tkaziladigan marosim. Chaqiriq, kelin chaqiriq, kuyov chaqiriq, quda chaqiriq, kelin chaqirdi, kuyovchaqirdi, qizchaqirdi, qudachaqirdi kabi bir qancha ko‘rinishlari bor. O‘zbek etnografizmlarining sistemaviy tadqiqi bo‘yicha kuzatishlar olib borgan M.Qaharova bu marosim to‘gʼrisida shunday fikr bildiradi: “Аyni bir leksema umumiy leksik sistemadan ham. sohaviy leksik sistemadan ham joy olib, muayyan paradigmaning aʼzosi bo‘lishi mumkin. Masalan, chaqirdi leksemasi umumiy leksik sistemada bir subʼektni ikkinchi subʼekt tomonidan o‘ziga daʼvat etmoq maʼnosi bilan baqirmoq, daʼvat etmoq singari leksemalar bilan bir paradigmani hosil qilsa, chaqirdi shakli barqarorlashgan, yaxlitlashgan holda maxsuslashgan semaga ega bo‘ladi va to‘ydan so‘ng qiz tomonning kuyov va kelin hamda ularning yaqinlariga berilgan ziyofat, marosim maʼnosida ko‘llanadi va unashtirdi, yuzochdi singari birliklar bilan bir paradigmani hosil qiladi”.103 Nikoh to‘yi bilan bogʼliq etnografizmlarning katta qismini to‘y kuni o‘tkaziladigan marosim nomlari tashkil etadi. Nikoh to‘yi bilan bogʼliq etnografizmlar, jumladan to‘y kuni o‘tkaziladigan urf-odat nomlari uchun xos muhim xususiyat ularning aynan muayyan ishning bajarilishi asosida funktsional jihatdan denotativ maʼno ifodalashi va bajariladigan hatti-harakat bilan bogʼliq holda vujudga kelishidir. Masalan, poyondozsoldi etnografizmi kelin va kuyov oyoqlari ostida to‘shaladigan mato (poyondoz)ni to‘shash jarayonini ifodalash uchun hosil bo‘lgan. Bunday mavjud holatni bajariladigan harakat bilan bogʼliq holda ifodalash etnografizmlar uchun xos muhim jihatdir.104Xususan, qo‘lushlatar, oyoqbosar, soch siypatar, oyna ko‘rsatish, guruch berish nomlari shular jumlasidandir.
Tadqiqot uchun ma’lumotlar yig’ish jarayonida shuni angladikki, barcha urf-odat va marosimlar inson omili bilan bevosita bog’liq bo‘ladi. Insonlarning ma’naviy ehtiyoji, farovon va to‘laqonli hatyot kechirishi, farzand ko‘rish, baxtli oila qurish kabi ezgu niyatlari asosida turli xil urf- odatlar, marosimlar va irim-sirimlar vujudga kelgan. Olov, hayvonlarning tana a’zolari, oziq- ovqat mahsulotlari, o‘simlik va ba’zi narsa –buyumlar bu marosimalrni amalga oshirishda zarur vositalar sanaladi. Ulardagi o‘ziga xosliklar inson hayoti bilan bog’lanib, ularga sig’inish, ixlos qilish kabi tushunchalar vujudga kelgan. Bu singari tasavvurlar o‘zbek xalqi madaniyatiga singib ketgan va nikoh to‘ylarining marosim va urf- odatlarida ham o‘z aksini topgan.
N.Mirzaev nikoh to‘yidagi ko‘pgina urf-odatlarni, jumladan, qudalarga oq o‘ratish, to‘qqiz tortar, oyna ko‘rsatish, sharvat yalatish, chiroq aylantirish va boshqalarni magik (sehrgarlik tassavvurlari) bilan bogʼliqligini, ushbu urf-odatlar irim sifatida bajarilishini ko‘rsatadi.105 Iso Jabborov nikohning ibtidoiy jamiyat davridan boshlanganligi haqida fikr yuritar ekan, uning umuminsoniy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan marosimlardan ekanligiga diqqatni jalb etadi.106 Xalq orasida saqlanib kelinayotgan turli-tuman odat, marosim va eʼtiqodlar, gʼayri tabiiy kuchlarga ishonch kabi udumlar juda qadimiy bo‘lib, afsun, onimizm, totemizm, shomoniylik va nihoyat islom dini aqidalari bilan bogʼliq holda yuzaga kelganlar. Bundan tashqari, bunday leksemalar xalqning ijtimoiy va maʼnaviy hayotining faqat bir jihati bilan bogʼlangan tor (lokal) sohaning leksemalari bo‘lmay, balki ishlab chiqarishning, moddiy va maʼnaviy hayotning juda ko‘p sohalarini o‘zida maʼlum darajada aks ettirib kelgan leksema va leksemalardir.107 Bizning fikrimizcha, haqiqatan ham, nikoh to‘y marosimlarida olovga, narsa –buyumlarning sirli kuchiga ishonish natijasida bu udumlarning aksariyati bugungi kunda ham saqlanib qolgan. Bunday urf –odatlar yangi qurilgan oilaga baxt keltiruvchi va yosh kelin- kuyovni har xil balo –qazolardan saqlovchi zarur vositalar sifatida qadrlanadi. Xususan, olov atrofida kelinni aylantirish, isiriq tutatar, pichoq qo‘yish, tumor va ko‘zmunchoq taqish shular jumlasidandir.
Quyida to‘y marosimiga oid o‘zbek xalq og’zaki ijodi namunalarini leksemalariga ko‘ra klassifikatsiya qildik: