Reja kirish


Bodringning rivojlanish davrlari



Yüklə 188,36 Kb.
səhifə5/19
tarix21.10.2023
ölçüsü188,36 Kb.
#158699
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   19
TAYYOR REFERAT

Bodringning rivojlanish davrlari.
Kuzgi-qishki aylanish. Kuzgi-qishki aylanish davrining farqli xususiyatlariga o‘simliklarni o‘sishi va rivojlanishi uchun sharoitlarni sekin-asta yomonlashib borishidir: yorug‘lanish va harorat sekin-asta pasayib, kunning uzunligi qisqaraboradi. Bu zararkunanda va kasalliklarni tez rivojlanishiga sharoit yaratadi. Buning ustiga, bir tomondan quyosh radiatsiyasidan yaxshiroq foydalanish uchun yana ham ertaroq ekish zarurligi, ikkinchi tomondan esa – hosilni yetilishi kechroq boshlanganligi, ochiq yerdan mahsulot boshqa chiqmayotgan vaqtga to‘g‘ri kelishi ham juda muhim.
Kuzgi-qishki aylanishda kasalliklarga, ayniqsa bakterioz va un shudringga bardosh bera olish xususiyatiga ega bo‘lgan, ham ari bilan changlanadigan, hamda partenokarpik duragaylardan foydalaniladi.
Kuzgi-qishki aylanish davrida yangi meva hosilini oktyabrni ikkinchi yarmida olish uchun, bodringni to‘g‘ridan-to‘g‘ri urug‘ bilan issiqxona tuprog‘iga avgustda ekib yetishtirish yaxshiroq deb topilgan. Urug‘ni qishki issiqxonalarga ekishning eng maqbul muddati: Qoraqalpog‘istonda – avgust boshida, Toshkent va Samarqand viloyatlarida – 10-15 avgustda, Farg‘ona vodiysida – 15-20 avgustda, Qashqadaryo viloyatida – avgust oxirida. Bunda geterozis duragaydan bir davrda 10-12 kg/m2 hosil olinadi.
Yuqori hosilli nav va duragaylarning qimmatbaho tanqis urug‘ini iqtisod qilish uchun bodring ko‘chat qilib ekiladi. Bunda albatta 8×8×8 va 10×10×10 sm hajmli oziqali kubikdan foydalaniladi. Urug‘ni kubikka ekish muddati xuddi tuproqqa ekish bilan bir xil. Ko‘chatni doimiy joyiga 20-25 kunligida, 2-3 barg chiqarganda o‘tqaziladi. Ko‘chatlarni o‘tqazish muddati 10-20 sentyabr.
Kuzgi-qishki aylanishda bodring o‘simliklarini asosiy joylashtirish shakli qo‘shqatorli lentasimon. Ari bilan changlanadigan kalta mevali navlarni sm shaklda yoki 1 m2 maydonga 3-3,5 ta o‘simlik joylashtiriladi. Ari bilan changlanadigan duragaylarni qatorda biroz siyrakroq – 40-50 sm masofada ekiladi, 1 m2 dagi o‘simliklarni qalinligi 2,5-3 taga to‘g‘ri keladi va ularni sm shaklda joylashtiriladi. Ari bilan changlanadigan duragaylarni yetishtirishda har 5-6 qatordan so‘ng bir qator changlovchi nav yoki duragaylar ekiladi yoki issiqxonaga 10-15% changlovchi o‘simliklar ekiladi.
Uzun mevali partenokarpik duragaylar katta oziqlanish maydonida yetishtiriladi. Angar issiqxonalarda ular keng qatorli usulda joylashtiriladi, bunda qator oralarni enini 1-1,2 m, qatordagi o‘simliklar orasini 45-50 sm masofada, ya’ni 1 m2 ga 2 tadan o‘simlik joylashtiriladi. Zvenosi eni 6,4 m bo‘lgan blokli issiqxonalarga 6 ta qator joylashtiriladi.
Qo‘shqatorli lentasimon usulda joylashtirishda eni 160 sm va balandligi 30 sm bo‘lgan egatlar hosil qilinadi. Bu egatlarga urug‘ni ekish va ko‘chatlarni o‘tkazish ikki qatorda olib boriladi, ularni orasi 60 sm. Lentalar orasidagi jo‘yaklardan sug‘orish uchun foydalaniladi. Urug‘ ekish yoki ko‘chatlarni o‘tqazishdan oldin tuproqni namlash uchun sug‘oriladi. Sug‘orishdan oldin ko‘chatni o‘tqazish uchun chuqurlar (uyalar) ochib chiqiladi va ularga suv quyiladi. Sug‘orilgan jo‘yaklar selgigandan so‘ng urug‘ ekiladi yoki ko‘chatlar o‘tqaziladi. Urug‘lar 2-3 sm chuqurlikka ekiladi. Ko‘chatlarni o‘tqazishda tuvakchalarni 3/4 qismi tuproqqa ko‘miladi. Ko‘chatlar ekilgandan so‘ng egatlar orqali sug‘oriladi.
Kuzgi-qishki aylanishdagi bodring o‘simligi tik kanopga (shpalerga) bog‘lab o‘stiriladi. Ko‘chat o‘tqazilgandan so‘ng 3-4 kun o‘tgach yoki urug‘idan unib chiqqan o‘simlikda 3-4 ta chin bargi chiqqach, kanop bilan egatlar bo‘ylab gorizontal tortilgan simga 2,2-2,5 m balandlikdan bog‘lab qo‘yiladi. Kanopni pastki qismi o‘simlikka, tuproq yuzasidan 10-12 sm balandligida erkin xalqa qilib bog‘lab qo‘yiladi. Keyinchalik haftasiga bir martadan o‘simlikni kanopga chirmashtirib qo‘yiladi, bunda poya uchi bo‘sh qo‘yiladi.
Issiqxonalarda bodring yetishtirishda olib boriladigan muhim tadbirlardan biri – o‘simliklarga shakl berishdir. Uni yuqorida izohlangan usulda o‘tqaziladi.
O‘simlikni parvarishlashda qari barglaridan tozalab turish zarur tadbirlardan hisoblanadi. Qari barglar – kasallik manbaidir. Shuning uchun ularni o‘tkir pichoq yoki tok qaychi bilan bandini qoldirmay kesib tashlanadi. Qurigan barg, bujmaygan tugunchalari va mo‘ylovlarini muntazam olib turish zarur.
Issiqxonada o‘sayotgan bodringni changlatish uchun asalaridan (500 m2 maydondagi issiqxonaga bir quti) foydalaniladi. Asalari qutisini tashqaridan arilarni uchib kelishi to‘xtaganda, noyabr oyida o‘rnatiladi. Asalari bo‘lmaganda sun’iy changlanadi, bunda changlatuvchi navlar bilan ari bilan changlanadigan navlarning ona gullari changlanadi. Biroq bu tadbir ko‘p mehnat talab qiladi. Partenokarpik navlar uchun changlatgich nafaqat kerak emas, balki u zararlidir.
Bodringdan kuzgi-qishki davrda yuqori hosil olishga harorat, namlik, mineral va havodan oziqlanish tartibotlarini o‘z vaqtida ta’minlash orqali erishish mumkin.
Noyabr-dekabrda havo va tuproq harorati birmuncha pasayadi (20-22° gacha). Havoning nisbiy namligi hosilga kirguncha 70-75%, hosilga kirganda – 75-80% bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston issiqxonalarida nisbatan zich tuproqdan foydalaniladi, shuning uchun sug‘orish odatda egatlar orqali amalga oshiriladi. Agar yomg‘irlatib sug‘orish qo‘llanilsa, nam tomchilari barglarda uzoq saqlanmasligi uchun uni ertalab o‘tkaziladi.
Egatlar orqali sug‘orish avgust, sentyabr va oktyabr oyining birinchi yarmida har 3-4 kunda o‘tkaziladi, bunda sug‘orish me’yori 10-12 l/m2, so‘ng har 5-6 kunda 5-6 l/m2 ni tashkil etadi. Yomg‘irlatib sug‘orish tez-tez, biroq kam me’yorda o‘tkaziladi. Ayrim hollarda bir-ikki marta tuproq aralashmasi 1-2 sm qalinlikda sochiladi. O‘simlikni oziqlantirish ikki haftada bir marta o‘tkaziladi. Mavsum oxirida sug‘orish va oziqlantirish cheklanadi. Havo namligi 70-75 foizga pasaytiriladi.
Qish mavsumida 22-24°S isitilgan suv bilan sug‘oriladi. Oziqlantirish sug‘orish bilan bir vaqtda tuproq tahliliga asosan o‘tkaziladi. Agrokimyo xizmati bo‘lmasa, oziqlantirish har 1,5-2 haftada amalga oshiriladi. Ularni solish me’yori (10 l suvga) quyidagicha: meva tukkunicha – 10 g ammiakli selitra, 15 g xlorli kaliy va 40 g superfosfat, meva tugayotgan davrda – shunga muvofiq ravishda 30, 15, 60 g solinadi. Yorug‘likni ta’minlanishi yomonlashishi bilan azotli o‘g‘itlar miqdori kamaytiriladi, kaliy miqdori ko‘paytiriladi. Tuproq doim yumshatilgan holda saqlanadi. Buning uchun vaqti-vaqti bilan yumshatib turiladi. Yumshatish bilan birga qatordagi begona o‘tlar yo‘qotiladi.
Zamonaviy issiqxonalarda o‘simlik karbonat angidrid gazi bilan oziqlantiriladi. Bodringni yetishtirayotganda havo tarkibida CO2 konsentratsiyasi 0,1-0,2% bo‘lishi maqbul hisoblanadi. Agar havoni karbonat angidrid gazi bilan to‘yintiruvchi uskunalar bo‘lmasa, go‘ngni 4-5 m3 hajmli o‘raga solinib, undan foydalaniladi.
Noyabr-dekabr oylarida qisqa kunlarni boshlanishi va yorug‘lik kamaygan sari bodring o‘simligi nimjonlashadi va kasalliklarga chalinaboshlaydi. Bu vaqtda asosiy e’tiborni o‘simliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilishga qaratish lozim.
Urug‘ ekilganidan ikki va ko‘chat o‘tqazilgandan so‘ng bir oy o‘tgach oktyabr oxiri – noyabr boshlarida barralarni birinchi terimi o‘tkaziladi. Yorug‘ kunlarni mavjudligiga ko‘ra gullashdan to terimgacha 12-15 kun, dekabrda esa 20-22 kun o‘tadi.
Kuzgi-qishki aylanishda mevalarni vazni qishki-bahorgiga qaraganda maydaroq bo‘ladi. Uzun mevali navlarni mevalari haftada ikki, kichik mevalilarni esa – uch marta teriladi.

Yüklə 188,36 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   19




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin