Metabolizmga ta’sir qiluvchi dori vositalarining klinik va farmakologik tavsifi
184. GIPOLIPIDEMIK DORI VOSITALARI
Qonda ko‘paygan lipidlar, asosan xolesterin va triglitseridlar miqdorini kamaytiruvchi farmakologik moddalar, gipolipidemik moddalar degan nom bilan yuritiladi.
Gipolipidemik moddalar aterosklerozni davolash va oldini olish, shuningdek uning asorati — yurakning ishemiya kasalligining oldini olishga qaratilgandir. Yurakning ishemiya kasalligida giperlipidemiyaning asosiy omillardan biri hisoblanishi, bunga dalil bo‘lib xizmat qiladi. Ishonchli ma’lumotlarga ko‘ra, o‘z vaqtida boshlangan to‘g‘ri gipolipidemik davolash aterosklerozning tuzalishiga olib keladi. Klinik xurujlarning kamayishi, EQG ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi, jismoniy zo‘riqishga chidamlilikning oshishi bilan namoyon bo‘ladi.
Lipid almashinuvini mo‘tadillashtirishga tavsiya etilgan ko‘pgina moddalar ichidan klofibrat, nikotin kislotasi, betasitosterin, xolestiramin, dekstratiroksin, neomitsin, to‘yinmagan yog‘ kislotasi preparatlari kengroq qo‘llanilmoqda.
Gipolipidemik dorilarning ta’sir mexanizmi va ularning to‘g‘ri tavsiya etishni bilish uchun qisqacha bo‘lsada lipoproteidlarning tasnifi va giperlipoproteidemiya turlarini ko‘rib chiqish zarur.
Lipoproteidlar oqsillar bilan kuchsiz (nokovalyont) bog‘langan lypidlar (xolesteryn, tryglyseryDlar, fosfolipidlar, yog‘ kislotalari) hosilasidir. Bu aralashma lipidlarga eruvchanlik, transport va metabolizm xususiyatlarini beradi.
Tarkibidagi xolesterin va triglitseridlar miqdoriga qarab lipoproteidlar juda kam qalinlikdagi lipoproteidlar (LPNOP), kam qalinlikdagi lipoproteidlar (LPNP) va yuqori qalinlikdagi lipoproteidlarga (LPVP) bo‘linadi. Qonda lipoproteidlar almashinuvining buzilishi u yoki bu turdagi giperlipoproteidemiyaga olib keladi.
Birlamchi giperlipoproteidemiya Fredrikson va Levi (1972) bo‘yicha 5 turga bo‘linadi:
1. Giperxilomikronemiya.
2. Giperbetalipoprodemiya.
3. Disproteidemiya.
4. Giperprebetalipoproteidemiya.
5. Giperxilomikronemiya va giperbetaliproteidemiya.
Amaliyotda gipolipidemik dorilarni tavsiya etishda ko‘proq xolesterin va triglitseridning qon zardobidagi miqdoriga qaraladi.
Giperxolesterinemiya deb, shartli ravishda 2—2,2 g/l ga teng bo‘lgan umumiy XS miqdori (o‘rta yoshdagi kishilar uchun esa 2,5 g/l) yoki undan ko‘proq, gipertriglitserinemiya uchun esa qondagi triglitseridlar miqdori 1,5 g/l dan yuqori bo‘lgan darajalari olinadi.
Gipolipidemik dorilar o‘z ta’sirini lipidlar sintezini o‘zgartirishi yoki katabolizmni kuchaytirishi yo‘li bilan, oshqozonichaklar yo‘lida lipidlar so‘rilishini kamaytirish, yog‘ kislotalarini kamaytirib, ularning tanada siklik aylanishiga va lipidlarning endogen sintezida ishtirok etishga qarshilik ko‘rsatish yoki umuman yuqorida keltirilgan bir necha mexanizmlarni o‘zida mujassam qilgan bo‘lishi mumkin.
Gipolipidemik moddalar lipoproteidlar hosil bo‘lishiga qarshilik qiluvchilar, lipidlar katabolizmining va tanadan chiqishini kuchaytiruvchilar va boshqa guruhlarga bo‘linadi.