Iqtisodiy islohotlarni boshqarish tizimining barpo etilishi. Bozor infratuzilmasining shakllanishi. Iqtisodiyotni isloh qilishning asosiy strategik maqsadi, avvalo, kishilar turmushi va faoliyati uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlaydigan, kuchli va muntazam rivojlanib boruvchi iqtisodiy tizimni barpo etishdir. Bozor munosabatlariga o‘tish davrining birinchi bosqichi mustaqillik kunidan milliy valutani muomalaga kiritishgacha bo‘lgan vaqtni o‘z ichiga oladi. Birinchi bosqichda ikkita asosiy vazifa hal qilindi. Birinchidan, ma’muriy-buyruqbozlik tizimining og‘ir oqibatlari yengib o‘tildi, tanglikka barham berildi va iqtisodiyot barqarorlashtirildi.
Ikkinchidan, bozor munosabatlarining huquqiy negizlari shakllantirildi. O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyatning huquqiy iqtisodiy negizlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida o‘z ifodasini topdi. Islohotlarning birinchi bosqichida Oliy Kengash tomonidan iqtisodiyotga oid 100 dan ortiq qonunlar qabul qilindi. Shu bilan birga, xususiylashtirish chog‘ida imtiyozlar tizimi yaratildi. Xususiylashtirilayotgan korxona mehnat jamoasining xodimlariga aksiyalarni imtiyozli shartlar bilan sotib olish imkoniyati berildi. Eskirgan asosiy fondlar, ijtimoiy infratuzilma obyektlari yangi mulkdorlarga tekinga topshirildi. Qishloq xo‘jaligi davlat xo‘jaliklarining mol-mulki, fermalar, bog‘lar va uzumzorlar imtiyozli shartlar asosida xususiylashtirildi.
Davlat mulkini xususiylashtirish zaruriyati bozor iqtisodiyoti munosabatlariga asoslangan jamiyatni barpo etishning asosiy shartidir. O‘zbekistonda chek vositasi bilan xususiylashtirish g‘oyasidan voz kechildi, davlat mol-mulki yangi mulkdorga faqat sotish yo‘li bilangina mulkchilikning boshqa shakliga aylantirila boshlandi. O‘zbekiston Oliy Kengashi 1991-yil 18-noyabrda “Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish
to‘g‘risida”gi qonun qabul qildi. Dastlabki bosqich xususiylashtirish jarayoni umumiy uy-joy fondini, savdo, mahalliy sanoat, xizmat ko‘rsatish korxonalarini hamda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini tayyorlash tizimini qamrab oldi. O‘zbekiston Respublikasida xususiylashtirish jarayonini tashkil qilish va unga rahbarlik qilish maqsadida 1992-yil fevralda Davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirish Davlat qo‘mitasi ta’sis qilindi. 1994-yilda u Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash Davlat
qo‘mitasiga aylantirildi. Kichik xususiylashtirish 1994-yildayoq tugallandi. Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishga doir 20 dan ortiq me’yoriy hujjat qabul qilindi. 1995-yili xalq xo‘jaligida ommaviy xususiylashtirishlar davri bo‘ldi. 1998-yilga kelib xususiylashtirilgan korxonalar tarmog‘i keskin ko‘payganligi bilan xarakterlanadi. Davlat mulkini xususiylashtirish yuzasidan mamlakatimizda olib borilgan katta ko‘lamdagi amaliy ishlar natijasida mamlakatda ko‘p ukladli iqtisodiyot va mulkdorlar
sinfi vujudga keldi.
O‘zbekiston Respublikasi bu davrda o‘z valutasiga ega emasligi, muomalada esa 1961–1992-yillarda chiqarilgan rublning bo‘lganligi, ayrim oziq-ovqat va sanoat mahsulotlariga o‘zining tannarxiga qaraganda arzon narx belgilanganligi uchun ularni respublikadan tashqariga olib chiqib ketish avj ola boshladi va mamlakatimizda aholini asosiy iste’mol mahsulotlari bilan ta’minlashda qiyinchiliklar yuzaga keldi.