Yaponiya XXI asrda. Yaponiya XXI asr boshlarida iqtisodi barqaror rivojlanayotgan mamlakat bo‘lib qolmoqda. U 400 mlrd dollardan oshiqroq summaga teng mahsulot eksport qilyapti. Yaponiya kemasozlik, traktorsozlik, metallni qayta ishlash sanoati uchun uskunalar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallab turibdi. U po‘lat, televizorlar va avtomobil ishlab chiqarishda ham jahonda yetakchilardan hisoblanadi. Yaponiya YIM hajmi bo‘yicha jahonda AQSH va Xitoydan so‘ng uchinchi o‘rinni egallab turibdi.
Yaponiya ko‘plab orollardan iborat mamlakat. U boshqa mamlakatlarga nisbatan tabiat kuchlari: okean bo‘ronlari, tayfunlar, zilzilalarga ko‘proq bog‘liq. Yaponlar o‘z ishlab chiqarish madaniyatida ana shu bog‘liqlikni kamaytirishga intilib keldi. Ammo tabiat kuchlaridan to‘liq ustun kelishning iloji yo‘q, ularning zararini kamaytirish mumkin, xolos.
2011-yil mart oyida Xonsyu orolida yuz bergan zilzila Yaponiyaga katta zarar
yetkazdi. Minglab kishilar halok bo‘ldi, 300 mingdan oshiq kishi boshpanasiz qoldi.
Bir necha atom elektrostansiyalariga zarar yetdi, Fuku si ma-1 atom elektro stansiyasidan radioaktiv moddalarning atrof-muhitga tarqalishi yuz berdi. Mamlakatga juda katta iqtisodiy zarar yetkazildi.
Ichki siyosatda asosan LDPning yetakchiligi saqlanib qoldi. 2001-yili Yaponiya bosh vaziri lavozimini Junitiro Koidzumi egalladi. U nisbatan yosh, serg‘ayrat bo‘lib, mamlakatda katta obro‘ga ega edi. J. Koidzumi Yapo niya konstitutsiyasining mamlakatga o‘z qurolli kuchlariga ega bo‘lishini taqiqlovchi moddasini qayta ko‘rib chiqish tarafdori bo‘lib chiqdi. J. Koidzumi uch muddat hukumatni boshqardi. 2012-yildan LDP yetakchi si Sindzo Abe hukumatni boshqarib kelmoqda.
Shuni aytish lozimki, siyosiy inqirozlar faqat Yaponiya uchun xos bo‘lgan hodisa emas. Shunga o‘xshash jarayonlar yangi, postindustrial sivilizatsiya shakllanayotgan boshqa mamlakatlarda ham yuz bermoqda. Aholining ijtimoiy tarkibi o‘zgarmoqda, jamiyatni tashvishga solayotgan muammolarning ham mohiyati o‘zgacha tus olyapti; ko‘plab eski partiyalar inqirozni boshdan kechirmoqda – ular juda qiyinchilik bilan yangi sharoitlarga moslashmoqda, har doim ham yangilikni o‘z vaqtida ilg‘ab ololmayapti. Rivojlangan mamlakatlar siyosiy tizimida ham jiddiy qayta qurish ketyapti. Vakillik demokratiyasining rivojlanishi yaqin kelajakda mutlaqo yangi mazmun kasb etishi mumkin, qandayligini vaqt ko‘rsatadi. Ammo hozirdanoq yaponlar muammolarning muvaffaqiyatli hal qilinishiga ishonch bilan harakat qilmoqda.
Yaponiya tashqi siyosatida AQSH bilan munosabatlar asosiy o‘rin tutadi. Ikkinchi jahon urushi yakunlangandan beri Yaponiya AQSHning mintaqadagi eng yaqin savdo hamkori va strategik sherigi bo‘lib kelmoqda. Yaponiyaning Xitoy bilan munosabatlari ancha murakkab.
2005-yili J.Koid zumi hukumati Tayvan oroli masalasida ilk bor AQSHni ochiq qo‘llaganda Xitoy bilan munosabatlari keskin yomonlashdi. Jahon hamjamiyatini tashvishga solib kelayotgan va 2017yili yanada keskinlashgan Shimoliy Koreya masalasida ham Yaponiya bilan Xitoy o‘rtasida kelishmovchiliklar mavjud.