Shimoliy Afrika. Shimoliy Afrika mamlakatlariga Misr, Sudan, Liviya, Jazoir, Tunis, Marokash, Mavritaniya va G‘arbiy Sahroyi kabir kiradi.
Misr sivilizatsiyaviy jihatdan ko‘proq Sharqiy O‘rtayer dengiziga mansub bo‘lsa-da, Afrikaning arab mamlakatlari hayotida katta rol o‘ynay di. XX asr oxiri – XXI asr boshlarida Misr iqtisodiy rivojlanishda, qishloq xo‘jaligi, madaniyatda katta yutuqlarni qo‘lga kiritdi, rivojlangan sayyohlik industriyasini yaratdi, mamlakatning valuta zaxirasi to‘xtovsiz ortib bordi. Bu yutuqlar Misrga arab va musulmon dunyosining yetakchisi bo‘lish imkonini berdi.
Ammo 2000-yillarga kelib, Misrda ham islom fundamentalizmi faol lashib qoldi. Ular bosimi ostida Misr prezidenti Husni Muborak 2011-yili iste’foga chiqdi. Shundan so‘ng bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida «Musulmon birodarlar» radikal tashkilotidan nomzod Muhammad Mursi g‘alaba qozondi. M. Mursi mamlakat prezidenti «inqilob himoyasiga yo‘naltirilgan har qanday dekretni» imzolashi va
u sudda rad etilishi mumkin emasligini belgilab qo‘ydi. Bu harakati uchun muxolifatchilar M. Mursini hokimiyatni egallab olishda, diktaturani tiklashda aybladi. Armiyada norozilik boshlandi. Natijada 2013-yili M. Mursi harbiylar tomo nidan ag‘darildi va qamoq qa olindi. Hokimiyatga mudofaa vaziri general Abdul Fattoh as-Sisi keldi. U 2014-yili bo‘lib o‘tgan saylovlarda Misr prezidenti etib saylandi.
«Musulmon birodarlar» terrorchi tashkilot deb e’lon qilindi, uning faollari qatag‘onga uchradi. M. Mursi va tashkilotning yana bir qator faollari o‘lim jazosiga hukm qilindi.
Ammo Misrda terroristik xavf yuqoriligicha qolmoqda. 2017-yil 24-noyabrda ISHID tarkibiga kiruvchi «Viloyat Sinay» terrorchi tashkiloti vakillari Sinay yarimorolidagi masjidda juma namozi paytida portlash uyushtirib, namozxonlarga qarshi avtomatlardan o‘t ochdi. Oqibatda 235 kishi, jumladan, bolalar halok bo‘ldi, 100 dan oshiq kishi yaralandi.
Sudan XX asr oxiri – XXI asr boshlarida mintaqaning eng qoloq mamlakati bo‘lib qolmoqda. Mamlakat aholisining asosiy qismi qishloq xo‘jaligida band. Sanoat juda sust rivojlangan, mamlakat aholisining faqat 5%i bu sohada band. Sudanning chegarasi mustamlaka davrida sun’iy bo‘lingan bo‘lib, bu ko‘plab etno-konfessional mojarolarga sabab bo‘lib kelmoqda.
Liviyada M. Kaddafiyning uzoq hukmronligi davrida neftdan olingan daromad yirik ijtimoiy islohotlarni amalga oshirish imkonini berdi. Liviyaliklar Shimoliy Afrikada eng ta’minlangan aholiga aylandi.
Ammo tashqi siyosatda M. Kaddafiy hukumati inqilobiy va terrorchi tashkilotlariga, ayniqsa, islom dini bayrog‘i ostida harakat qiluvchilarga yordam ko‘rsatdi. M. Kaddafiyning nomi bir qator terroristik aktlar bilan bog‘landi va bu xalqaro jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi.
2011-yili Liviyada ham hukumatga qarshi g‘alayonlar boshlandi. Qo‘zg‘olonchilar muvaqqat hukumat tuzib, yordam so‘rab NATOga murojaat qildi. NATO kuchlari Liviyani bombardimon qildi, M. Kaddafiy o‘ldirildi, ammo turli guruhlar o‘rtasida to‘qnashuvlar to‘xtamadi. 2016-yili mamlakatda fuqarolar urushi boshlanib ketdi. Bu urushda turli turli diniy tashkilotlar ishtirok etmoqda. Urush Liviyani iqtisodiy halokat yoqasiga olib keldi. Mil lionlab kishilar mamlakatni tark etib, qochoqqa aylandi.
Mintaqaning Jazoir, Tunis, Marokash va Mavritaniya kabi mamlakat larida ham shu davrda yuz bergan inqiloblar va to‘ntarishlar murakkab ko‘rinishga, ko‘pincha diniy asosga ega bo‘lib, bu jamiyatlarning modernizatsiyaga muhtojligini ko‘rsatmoqda.
Tropik va Janubiy Afrika. 1990-yillari Tropik va Janubiy Afrika mamlakatlarida ham muhim va o‘ta murakkab o‘zgarishlar yuz berdi. Bular Afrika mamlakatlarining o‘zidagi rivojlanish tendensiyalari va umumjahon ahamiyatiga ega bo‘lgan voqea – «sovuq urush»ning yakunlanishi bilan bog‘liq edi. Ikki qarama-qarshi bloklar o‘rtasida Afrikaga ta’sir uchun kurash yakun topdi.
Afrika mamlakatlarida demokratlashtirish tendensiyalari, fuqarolik jamiyatini tuzishga intilish paydo bo‘ldi. Bir partiyali tizimdagi davlat larning ko‘pchiligi ko‘p partiyali tizimga o‘tdi. Dasturida marksizm-leninizm haqidagi nizom saqlanib qolayotgan hukmron partiyalar bu yo‘riqlardan voz kechdilar, marksizmga sodiq qolgan Efiopiyadagi Mengistu Xayle Mariam hukumati 1991-yili ag‘darib tashlandi.
Ammo bu jarayonlar mintaqadagi siyosiy holatni keskinlashtirib yubordi. 1989-yili Liberiyada etnik asosda boshlangan fuqarolar urushi ko‘plab qurbonlar va 1 mln aholining qo‘shni davlatlarga ommaviy qochishiga olib keldi. Mamlakat xarob ahvolga keldi. Faqat Liberiyaga xalqaro harbiy kuchlarni kiritish ahvolni biroz tartibga keltirdi.
Syerra-Leoneda ham harbiy to‘ntarishlar va qurolli mojarolar fuqarolar urushiga olib keldi. Faqat BMT aralashuvi keskinlikni biroz yumshatdi, ammo mamlakat iqtisodi vayron bo‘lgan edi.
Ruanda va Burundida ham qonli mojarolar bo‘lib o‘tdi. 1990-yillar o‘rta lariga kelib tutsi va xutu xalqlari o‘rtasidagi kurash keskinlashib, genotsidga olib keldi. Natijada Ruandaning 1 mln ga yaqin aholisi halok bo‘ldi, Burundida 1 mln ga yaqin kishi qochoqqa aylandi.
1997-yili Kongo Demokratik Respublikasida Mobutuning diktatorlik rejimi ag‘darildi. Ammo yangi hukumat uzoq yillar davomida to‘planib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy inqirozni yengib, etnik ziddiyatlarni yumshata olmadi. BMT Kongo Demokratik Respublikasini dunyoning eng qashshoq mamlakati deb tan oldi.
Kongo inqiroziga Afrikadagi qator davlatlar: Janubiy Afri ka Respublikasi, Angola, Nami biya, Uganda, Ruanda, Zimbabve ham u yoki bu darajada hissa qo‘shdi. Ularning bar chasi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish to‘g‘risida bayonot bersa lar-da, bir guruhi markaziy hokimiyatni, boshqalari isyonchilarni qo‘llab-quvvatladi.
Hozirgi kunda qashshoqlik va korrupsiya bilan birga mamlakatning eng katta muammolaridan biri gender tengsizlik bo‘lib qolmoqda. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik oddiy hol bo‘lib, eng dahshatlisi, aholining katta qismi buni oddiy hol sifatida qabul qiladi. Boshqa bir muammo Afrika mamlakatlarida zamonaviy qullikning saqlanib qolayotganligi bo‘lmoqda. Ayniqsa, bolalarning qullik holati jahon jamoatchiligini tashvishga solmoqda. Bugun Afrika mamlakatlarida millionlab
bolalar qullik holatida hayot kechirishayotir. Bu kabi kulfatlar Tropik va Janubiy Afrikaning katta qismidagi holatni aks ettiradi. Ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz borgan sari kuchayib bordi. Aholi o‘sish darajasining yuqoriligi ishsizlik muammosini yanada keskinlashtirdi. Jahon bozorida Tropik va Janubiy Afrika xomashyosiga bo‘lgan talabning kamayishi mintaqa mamlakatlari iqtisodiga katta zarba bo‘ldi. Afrikaning ko‘plab mamlakatlarida aholi jon boshiga yillik daro mad 1960-yildagidan ham pastga tushib ketdi. Faqat XXI asr boshlarida ijobiy tomonga o‘zgarish boshlandi. Ammo XXI asrda afrikaliklar oldida katta muammolar turgani aniq. Bulardan eng kattasi demografik muammo. Qashshoqlik, dahshatli kasalliklarga qaramasdan, XXI asr boshlarida Afrikaning ko‘plab mamlakatlarida aholining yillik o‘sishi juda yuqori. BMTning hisob-kitobiga ko‘ra, Afrika aholisi 2050-yilga kelib 2 mlrd kishiga yetadi. Bu yangi asrda Afrika juda katta muammolar oldida turganligidan dalolat beradi.