Tog` cho`l mintaqasi-(300-500m) tog` etaklaridagi adirlarni, yoyilma konuslarni va daryo terrasalarini ishg`ol etgan.
Bu mintaqaning o`simliklari, tog` oldi bo`z tuproqli dashtlarning o`simligi singari asosan efemerlardan iborat bahorda hammadan ilgari ko`karadigan qorabosh va qo`ng`irbosh orasida chuchmoma, lola, gulsafsar va boshqa piyoz ildizlilar rang-barang bo`lib gullab yotadi. Eng so`ng ayiqtovon, lolaqizg`aldoq, turli astragallar gullaydi. Bu paytda o`simlik nihoyatda zich o`sadi, har bir kv.m. ga taxminan bir necha ming tupdan (masalan, qorabosh 2340 tupdan) to`g`ri keladi. Cho`l mintaqasining daryo o`zanlari qalin to`qaylar, terakzor, jiydazor va yulg`unzorlar bilan qoplangan. Bu mintaqa bahorgi va yozgi yaylovlar hisoblanadi. Obikor yerlarda paxtachilik va bog`dorchilik rivojlangan.
Tog` chala cho`l –(500-1500m) mintaqasidayog`in cho`ldagidan bir oz ko`proq yog`adi, shuning uchun unda o`simlik zichroq o`sadi, lekin yer yuzasini sidirg`asiga qoplay olmaydi. Bu mintaqaning asosiy o`simliklari Kopetdog`da, Turkiston, Zarafshon va Hisor tog`larida, Tojikistonning janubi-g`arbidagi Darvoz, Safedkuh, Hazratishox, Mozor, Ko`hitang, Alp tog` tizmalarida, Farg`ona vodiysi atrofidagi tog`larda, Qirg`iziston va Talas tizmalarida, Toshkent va Chimkent yaqinidagi tizmalarda o`sadigan chala cho`l tipidagi turli o`tlar va bug`doyiqdan iborat. Mintaqada efemerlar ham oz emas, biroq shuvoq uchramaydi. Uning o`rniga boshoqli dag`al o`simlik-bug`doyiq o`sadi. Bug`doyiqning ildiz tanachalari bo`lib, bo`yi 40-50 sm, ildizi yo`g`ondir. Boshoqlilardan taktak (yovvoyi arpa) ham uchraydi: uning bo`yi bir metrga yetadi. Bu mintaqada yarongul, tuberoza, liman sorgosi, jasmin, cho`l yalpizlari ham o`sadi.
Tog` quruq dashtlar mintaqasi (1200-1500m dan 2200-3000 m gacha) Kopetdog`dan Torbo`g`atoy tog`lari qadar bo`lgan barcha tog`larda uchraydi. Boshoqlilar ko`p o`sadigan bu mintaqani chalov betaga dashtlari deyish mumkin. Chalov betaga orasida chalovning boshqa turlari, tikanli bodom, na`matak kabi butalar uchraydi. Toshloq yerlarda esa shuvoq oralarida ebalak va izen o`sadi. Tog` chala cho`l va tog` quruq dashtlar mintaqasining janubidaKopetdog`dan to Issiqko`lning g`arbiga qadar bo`lgan yerlarda yovvoyi pistazor va bodomzorlar bor. Farg`onada, janubiy Tojikistonda va ayniqsa Kushka atrofida pistazorlar ko`p. Kushka va Eron bilan Afg`onistonning Kushka yaqinidagi yerlari pistaning haqiqiy makonidir. Tog` quruq dasht mintaqasida yovvoyi anor va boshqa mavali o`simliklar ham bor. Bu mintaqada lalmikor yerlarida g`alla, paxta va beda ekiladi, tok va mevali bog`largina sug`oriladi.
O`rmon o`tlari dasht mintaqasi ancha balandda va yog`in eng ko`p yog`adigan zonadir, shuning uchun bu mintaqaning iqlimi nam va salqin. Tog`larning shimoliy yon bag`irlari mezofit o`tloqlar bilan, janubiy quruq yon bag`irlari va yassi suv ayirg`ichlar esa ko`pincha kserofit dasht o`simliklari bilan qoplangan. Chuqur vodiylarda kotlovinalarda va zaxkash yonbag`irlarida turli tip butazorlar va bargli o`rmonlar o`sib yotadi. Bu mintaqaning bir-biriga ulanib ketgan uloqlaridagi barra o`tlar barq urib o`sadi. O`tloqlar ikkiga shimoliy va janubiy tipga bo`linadi. Birinchi tip o`tloqlar Jung`oriya Olatovidan to Talas Olatovigacha bo`lgan tog`larni, Farg`ona va Oloy tizmalarini, ikkinchi tip o`tloqlar esa O`rta Osiyo tog`li o`lkasining g`arbidagi va janubidagi tog`larni o`z ichiga oladi. Shimoliy tipdagi o`tloq o`simliklari murakkab gullilardan bo`lib, bo`yi 1m ga yetadigan sassiqquvray va baland bo`yga ega bo`lgan shirach-eremusdan iborat.
Ikkinchi tip ya`ni janubiy tip o`tloqlarga xos o`simlik chayirdir, u soyabongullilardan bo`lib, bo`yi 1m ga yetadi. Chayirlar orasida ko`rkam shirach, labgullilar va boshqa soyabongullilar ham o`sadi. O`rmon o`tloq dasht mintaqasining quyi yarusida astragal, kovrak va boshqa o`tlar yer yuzasining yoppasiga qoplab olgan. Tog`larda 2200 m gacha bo`lgan joylarda asosan yong`oq va zarang, archa, nama`tak, uchqat kabi daraxt va butalar o`sadi. O`rta Osiyo tog`lariga xos bo`lgan archa daraxti toshloq yon bag`irlarida 3000 m gacha balandlikda o`sadi. Bular orasida olmazorlar ko`p. Chetan, oq qayin, tog`terak, zarang, qayrag`och, o`rik kabi daraxtlar o`sadi.
Sub`alp tipidagi o`tloqlar mintaqasi o`rmon-o`tloq-dasht mintaqasidan yuqorida joylashgan va tog`larning geografik o`rni, yo`nalishi va namligiga qarab Orqaili Olatovida 1500-1600 m dan, qurg`oqchil Farg`ona tizmasida 2500-2700 m dan va Oloy vodiysida 3100-3200 m dan boshlanadi. Bu mintaqada o`tloqlar bilan bir qatorda yel`-pixta o`rmonlari, archazorlar, tog` dashtlari va qoyalar o`sadigan qo`ng`irbosh, sovuqqa chidamli yaron gul, oq animon va pushti qo`qongul o`tlaridir. Quyi poyas o`simliklaridan qizilquloq, sassiquvray, janubiy tog`li o`lkalarda esa chayir o`sadi. Sub`alp tipidagi o`tloqlar mintaqasida yel-pixta daraxtlaridan iborat igna bargli o`rmon, asosan Tayanshan sharqidagi tog` tizmalarida shuningdek, tog`larning soya salqin shimoliy yon bag`irlarida hamda vodiylardan ko`tarilib turgan tik yon beg`irlarda va tog` daralaridadir.
Alp tipidagi mintaqa sub`alp tipidagi mintaqadan yuqorida bo`lgan tog` tepalarini ishg`ol etadi va ba`zan doimiy qor chegarasidan ham yuqoriga chiqib boradi. Alp tipidagi o`tloq o`tlarining bo`yi subalp tipidagi o`tloqlarnikidan past bo`ladi, barglari esa ko`pincha yer bag`riga yopishib turadi. Namgarchilik ko`p yerlarda qiyoqning bir turi to`ng`izsirt o`sib yotadi. Alp tipida kichik-kichik zaxkash maysazorlarda son-sanoqsiz oq va ola-bula yulduzo`t, sariq ayiqtovon, erbaho, qo`qongul, sarg`ish yovvoyi ko`knor barq urib o`sadi. Alp tipidagi mintaqada o`tlardan tashqari, yostiqsimon chala butalar, chunonchi qizil tikan, toshyorargul va boshqalar uchraydi. Bu mintaqaning eng baland joylarda qor, muz va qoyalar o`lkasida kuchli sovuq va shamollardan toshlar orasida biqinib astragal, skerda, ostrolodochnik va boshqalar ham o`sadi. Alp tipidagi o`tloqlardan yozgi yaylov sifatida 3-4 oy foydalaniladi.
O`rta Osiyo hayvonlarga boy o`lka: bu yerda hayvon turlari ko`p, ular tekislik va tog`larda yashaydi. O`rta Osiyo hayvonlari asosan, dasht, cho`l va chalacho`l sharoitiga moslashgan bo`lib quruq va issiq yozga, sovuq qishga bardosh bera oladi, ular suvi kam o`simligi oz, qumli, gilli va toshli cho`llarda ham yashaydi. Shu sababli tez harakat qilishga, uzoq muddatli suvsiz yurishga odatlangan. Tog` hayvonlari maxsus zoogeografik oblastni tashkil etib, vertikal mintaqalarda yashaydi. O`rta Osiyoda uning o`ziga xos endemik hayvon turlari bilan bir qatorda atrofidagi qo`shni o`lkalardan Eron hamda O`rta dengiz bo`yi mamlakatlaridan va Markaziy Osiyodan kirib kelgan hayvonlarning vakillari ham bor.