Sharq yulduzi” jurnalida 2011-2020 yillarda chop etilgan hikoyalar biografiyasini tuzish.
2. “Yoshlik” jurnalida e’lon qilingan qissalar tahlili. Maʼsuma Ahmedovaning “Mangu kuy” nomli qissasida hozirgi kun yoshlari hayoti yoritiladi. Asar boshlanishidan lirik kayfiyat sezilib, qishloq manzarasi tasvirida koʻtarinkilik kuchayadi. Bosh qahramon Jaʼfarning tugʻilgan qishlogʻi qoʻynida dam olishi, tabiat tovushlaridan ilhomlanib, yangi kuy yaratishidan bastakorligi maʼlum boʻladi. Yigit tabiat nafosatini nozik ilgʻaydi. Azizaning Choʻlpon, Rauf Parfi sheʼriyatiga oshuftaligi oʻqigan sheʼrlaridan anglashiladi. Yigit va qiz muloqotida zamonaviy texnologiya – internet, telefonga urgʻu beriladi. Makon oʻzgarib, konservatoriya, universitet, qishloq, qahvaxona hududida rivojlantiriladi. Yoshlar uchrashganda koʻpincha yomgʻir yogʻishi, tabiatning ularga joʻr boʻlib kuylashi epizodida oʻziga xos shivalagan, shitirlagan ohangni tinglaysiz. Adiba yoshlar orasidagi sof tuygʻularni sanʼatlar uygʻunligida ifodalaydi.
Goʻzaloy Solih qizining “Siz oʻshami?” (“Yoshlik”) qissasi ham muhabbat mavzusida. Sarlavha beixtiyor “Oʻtkan kunlar” asaridagi mashhur iborani yodga soladi. Ochigʻi, bu asarda muhabbatning yangicha talqinini uchratsam kerak, deb oʻylagandim. Afsuski, qissa yigit bilan telefon orqali tanishgan Munisaning bekorchi gaplaridan iborat boʻlib qolgan. Masalan: “Kimsiz, oʻzingiz kimsiz?” yoki “Ismingizni bilsam boʻladimi?” soʻroviga “Oʻzingizning ismingizni bilsam boʻladimi?” tarzidagi quruq, takror jumlalarni oʻqidim. Qizning dugonalarini yigit bilan tanishtirishi, ularning bemalol hazillashishlari bachkana tus oladi. Munisa yigit bilan koʻp tortishadi, voqea takrori kuzatiladi. Taassufki, qissada ortiqcha, maʼnisiz gaplar juda koʻp. Abdulla Qodiriyning soʻz qoʻllashda uzoq andisha kerakligi borasidagi hikmatlari barcha ijodkorga taalluqlidir. Ustoz ijodkorlar soʻzga hassos boʻlgani bois ular yaratgan puxta, mukammal matnlar hozirgacha mutaxassislar eʼtiborida. Shu sabab asar sifatiga masʼullikni yoddan chiqarmaslik darkor.
Shodiqul Hamroning “Qaqnus qanotidagi umr” (“Yoshlik”) qissasi oilada farzand tugʻilgan ondagi xushnudlik lavhasidan boshlanadi. Muallif ism qoʻyish masʼuliyati, uning farzand kelajagiga taʼsiri masalasini yoritishga urgʻu beradi. Bejiz Hadisi shariflarda ota-onaning farzandiga munosib ism qoʻyishda burchdor ekanligi taʼkidlanmagan. Ziyoli qahramon bu borada koʻp oʻylanar ekan, matn tarkibiga qorayimlar haqidagi qissa kiritiladi. Unda oʻtmish avlod ismni ulugʻlashi, haqiqiy ism voyaga yetib, turli sinovga bardosh bergan insonga nasib etishi, noloyiqlar esa qabiladan badargʻa qilinishi uqtirilgan edi. Tilanchi obrazi ham otaga ism oʻz ruhi hamda yuki bilan yaralishini taʼkidlab, uni tanlashda eʼtiborli boʻlishni eslatib, maʼlum vaqt syujet chizigʻidan chetlashadi. Nihoyat, goʻdakka Muayyad (quvvatlangan, madad berilgan) ismi beriladi. Biroq, koʻp oʻtmay bolada gʻayritabiiy holatlar kuzatiladi. Goʻdakning mungli nigohi, bezovtalanishi, dunyodan ne istayotganini anglamay xarxasha qilishi ota-onasini qattiq tashvishlantiradi. Ziyoli doʻsti Hayot xarakterida bolasiga xos telbalik holatini kuzatib, muqoyasa qiladi, kalavaning uchini axtaradi. Koʻp oʻtmay, hovlida paydo boʻlgan tilanchi goʻdakning dardini volidaga anglatib: “Haliyam gumrohlik qilib, bolaga koʻp azob beribsizlar. Ohu nolasi yetti osmonni tutib ketgan. U tugʻilganida kesilgan kindigi bor-ku, shuni izlayapti. Unga shuni topib beringlar”, – deydi. Qissada gʻayritabiiy siyratli Tilanchi, Hayot, Muayyad dardmand shaxslar, ular umr mohiyatini, yashash sinoatini oʻzgacha anglaydi. Pok qalbli insonlar muhitdagi nosozlik, nohaqlikni hazm qilolmay iztirob, figʻon chekadi, yoʻl axtarishga intiladi. Goʻdak taxmondagi koʻrpa, koʻrpachalar orasidan (oʻzbek xonadoniga xos jihoz) narsa izlaydi. Faqat beshikda yotib, alla tinglaganda biroz orom oladi. Bola kesilgan kindigi bezovta qilgani bois yerga, qon tomgan maskanga talpinadi. Ziyoli ota anglolmagan haqiqatni oʻqimagan, ammo uqqan donishmand Tilanchi tushunadi. Ota goʻdakni oʻzi tugʻilgan maskanga olib borib, norasida fitratiga sokinlik, xotirjamlik baxsh etishiga ishonadi. Qissada ona Vatan, tugʻilgan yurtga mehr, sadoqat mantiqan dalillanadi. Mumtoz adabiyotdagi Qaqnus qush obraziga murojaat etilib, oʻz dardi koʻyida oʻrtangan jonzotning majoz insonga koʻchishi, shiddatli hayotning oniy lahzasini aks ettirishga eʼtibor beriladi. Qissa boshlanishida bayonchilik kuzatiladi. Onaning Yaratganga iltijo paytida goʻdagidan ayrilsa oʻjarlik bilan taqdirini qargʻab oʻtishini aytishi xatoday, zero, inson bu holatda tavozeda boʻlishi maqsadga muvofiq. Insonni oʻzi yashab turgan muhitdan bir qadar yuksaklikka koʻtarish va tubandagi hayotga bir qur nazar tashlashga undash istagi adabiyotning birlamchi maqsadlaridan biridir. Keyingi yillarda inson ichki holatlarini, kechinmalarini aks ettiruvchi, qalblarni tozalovchi, yuksakka koʻtaruvchi hikoyalar yaratildimi, yaratilgan boʻlsa, ular Gʻ. Gʻulomning “Mening oʻgʻrigina bolam”, A. Qahhorning “Asror bobo”, Sh. Xolmirzayevning “Oʻn sakkizga kirmagan kim bor” hikoyalari kabi dilga yaqinmi va yoki farqlimi? Umuminsoniy tushunchalar bugungi hikoyalarda ham aks etayaptimi, degan savollar ijodkorlar, adabiyotshunoslar oldiga koʻndalang qoʻyilganda qanday javob olamiz? Oʻtish davrining oʻziga xos qiyinchiliklari, maʼnaviy dunyoqarashda roʻy bergan tub burilishlar, shakllangan estetik ideallarning nurashiyu tamoman yangi qiyofadagi zamondosh obrazining paydo boʻlishi, uning ruhiy iztiroblarini qalamga olinishi kitobxonni biroz gangitgani, yangi adabiyotga yot nazar bilan qarashni paydo qilgani sir emas. Biroq bugungi kun adabiyotini tahlil qilar ekanmiz, oʻzimizga qadrdon boʻlgan, asliy va asriy qadriyatlarimizga qaytilayotganiga ham guvoh boʻlamiz.