Gidrologik – geografik usul tabiatda suvning aylanishi va quruqlik bilan suv o`rtasidagi muvozanatni boshqarishga asoslangan. Bu usul asosan yer osti suvlari oqimining barqarorligini saqlash va tuproqdagi namlikni ko`paytirishga qaratilgan bo`lib, u o`z ichiga quyidagilarni oladi:
1)daryo suvlari rejimini boshqarib turish. Bunga daryolarda suv omborlari qurish, shu hisobdan suv toshqinlari xavfini bartaraf etish va daryo suvi kamayib qolgan davrda suv omboridagi suvdan qo`shib berish tadbirlari kiradi. Bunda ba'zi joylarda yer osti suvining sathi ko`tarilib, yerlarning sho`rlanishi oshishi mumkin, lekin bundan keladigan zarar suv omborining daryo suvini tartibga solishdan keladigan foydasiga nisbatan arzimas darajadadir.
Bunday suv omborlarining umumiy suv hajmi Yer sharida 70-yillar boshida 100 mln. m. kub bo`lgan bo`lsa, o`n yil orasida bu miqdor 410 mln. m. kubga chiqdi. Bunday suv omborlari jumlasiga 90-yillar Amudaryoda barpo etilgan Tuya mo`yin suv omborini ham kiritish mumkin;
2)yer ostidagi suvning aylanib yurish halqasini kengaytirish yo`li bilan yer osti suv omborlari qurish, ya'ni yer osti suvi hajmini sun'iy ravishda yer usti suvi hisobiga ko`paytirish. Bu usuldan suv tanqisligi sezilayotgan rivojlangan mamlakatlarda keng foydanilmoqda. Toshkin suvlari va korxonalarda ishlatilgan suvlarni tozalab, yer osti omborlarida to`plash natijasida AQSH da ulardan sutkasiga 2 mlrd. litr toza suv olinmoqda. Germaniya, Turkiya va boshqa mamlakatlarda ham yer osti suv omborlari mavjud;
3)ekinzorlarni suv bilan keragicha ta'minlash maqsadida tuproqning namligini saqlashga imkon beruvchi meliorativ tadbirlarni amalga oshirish, o`rmon va ixota maydonlarini kengaytirish. Sug`oriladigan dehqonchilikda melioratsiya ishlarini amalga oshirish suvdan unumli foydalanishining muhim usulidir. Bularga suvdan tejamkorlik bilan foydalanish, yomg`ir usulida, tomchilatib va namlatib sug`orish, kanallarda suv yerga shimilib ketishining oldini olish maqsadida ularni betonlashtirish, lotok ariqlar qurish kabi ishlar kiradi.
Suvdan foydalanishga kompleks yondashish usuli suvdan foydalanishni rejalashtirishda yerlarning tabiiy xususiyatlarini, irrigatsiya, sanoat, energetika va kommunal xo`jaligining istiqboli rivojini hisobga olgan holda suv ta'minoti vazifalarini kompleks rejalashtirishni ko`zda tutadi.
Tashkiliy chora-tadbirlar suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan unumli foydalanishda muhim rol uynaydi. Bu chora-tadbirlarga suvning sifatini nazorat qilib turish, oqava suvlarni tozalash ustidan nazorat o`rnatish, suv xavzalariga neft va boshqa ifloslovchi moddalarning to`qilishiga yo`l qo`ymaslik, korxonalarning suvdan foydalanishi ustidan nazorat o`rnatish, aholini ichimlik suvi bilan ta'minlaydigan manbalarning biologik, kimyoviy va bakteriologik holatini nazorat qilib turish, yangi quriladigan korxonalarning loyiha hujjatlarini ekspertizadan o`tkazish, ularning tozalagich inshootlarisiz ishga tushirilishiga yo`l qo`ymaslik va shu singari ko`pgina tadbirlar kiradi-ki, bular pirovardida suv resurslarini muhofaza qilishda beqiyos ahamiyatga ega.
Iflos suvlarni tozalash maxsus suv tozalash inshootlarida 3 xil usulda bajariladi:
a) mexanik tozalash usulida suvda erimaydigan aralashmalar maxsus panjaralar, simturlar, yog` tutgichlar, moy tutgichlar va neft tutgichlarda saqlab qolinadi. Keyin esa suv tindirgich hovo`zlarida tindiriladi, bunda tutib qolinmagan og`ir mexanik zarrachalar suv ostiga cho`kadi, yengillari esa suv betiga qalqib chiqadi. Mexanik tozalash usulida kundalik turmush oqavalaridagi suvda erimagan zarralarning 60% gacha, sanoat oqavalaridagi zarralarning esa 95% igacha tozalanadi;
b) kimyoviy tozalash usulida suvga shunday kimyoviy moddalar qo`shiladiki, bu moddalar oqava suvdagi iflosliklar bilan bog`lanib, ularni cho`kmaga tushiradi. Cho`kmaga tushmaydigan ba'zi moddalarni esa ular kimyoviy yo`l bilan zararsizlantiradi. Kimyoviy tozalash usulida suvda erigan iflosliklar 25% gacha, erimagan iflosliklar esa 95% gacha tozalanadi;
v) biologik tozalash usuli oqava suvlar tarkibidagi organik iflosliklarning aerob biokimyoviy jarayonlar natijasida tozalanishiga asoslangan bo`lib, bu jarayon tabiiy va sun'iy sharoitlarda amalga oshirilishi mumkin. Tabiiy sharoitda tozalash iflos suvni maxsus maydonlardagi tuproqdan filtrlab o`tkazishga asoslangan. Bunda suvni tozalash uchun qalinligi 80 sm bo`lgan tuproq qatlami kifoya. Sun'iy sharoitda esa oqavalar bioprudda tozalanadi. Bioprudlarda biofiltrlar yoki (aerotenkalar) bo`lib bu usul ham suvni filtrlab tozalashga asoslangan. Bunda bioprud tagiga donador g`ovak materialdan tushalgan biofiltr qatlami bo`lib, bu qatlamning sirtida aerob mikroorganizmlar plyonka hosil qiladi. Bu plyonka ba'zan «Tirik loy» ham deb yuritiladi. Bu yerda suvdagi iflosliklar ham biokimyoviy yo`l bilan parchalanadi va ham iflos suv donador qavatdan sezib o`tib tozalanadi. Biofiltr sifatda keramzit, shag`al, shlak va donador qumdan foydalanish mumkin. «Vodgeo» Toshkent ilmiy tekshirish institutida o`tkazilgan tajribalar ko`rsatishcha keramzitdan sizdirib o`tkazilgan suv ammoniy azotidan yarim soatda 86,7%, bir soatda esa 95,6% tozalanadi.
Ifoslangan suvni biotexnologik yo`l bilan tozalash bo`yicha Buxoro davlat universiteti mutaxassisilari keyingi yillarda qator tavsiyalar ishlab chiqmoqdalar. Ularga ko`ra biofiltr sifatida mikroskopik suv o`tlaridan (masalan, stsenodermusdan) foydalanib yengil sanoat oqavalarini ammiak, nitrit va nitratlardan tozalash mumkin (Mustafoyeva, 2000).
O`rta Osiyo va O`zbekistonda suv resuslaridan foydalanish
O`rta Osiyo respublikalari daryolarining suvlari Tyan-Shon va Pomir-Oloy tog` tizmalarida vujudga keladi. Bu suvlarning umumiy hajmi 136 mlrd m. kub bo`lib, shundan 110,4 mlrd m. kubi (81,2%) O`rta Osiyo hududida vujudga keladi; 25,6 mlrd m. kub suv Afg`oniston va Eron mamlakatlari hududidan kelib qo`shiladi. Daryolarning ko`pchilida oqadigan suvlar qor-yomg`ir suvlari bo`lib, ozrog`i muzlik-qor suvlaridir.
Yer osti suvlarining umumiy hajmi yer usti suvlari hajmining taxminan 13,5% ga teng. Yer osti suvlarining yarmidan ko`prog`i O`zbekiston respublikasi hududida, qolgani Qirg`iziston, Tojikiston va Turkmaniston respublikalari hududida joylashgan. O`zbekistondagi yer osti suvlarining ko`p qismi Farg`ona va Toshkent atrofidagi vodiylarda, Qirg`izistondagi yer osti suvlarining 77% respublikaning shimoliy hududlarida, Tojikistonda uning janubiy-g`arbiy qismida, Turkmanistonda esa Kopetdog atroflarida hamda Murg`ob va Tedjen daryolari boshlanadigan hududlarda joylashgan.
O`rta Osiyo respublikalarida, ular ma'muriy jihatdan shakllangan vaqtdan boshlab, irrigatsiya ishlariga e'tibor berildi. 1926-1927 yillarda irrigatsiya tarixida birinchi marta suvdan rejali foydalanish, ya'ni tuproq sharoiti va ekin turlari xususiyatlarini hamda maydon miqdorini hisobga olgan holda sug`orish tadbirlari ishlab chiqildi. Bu tadbirlarni amalga oshirish maqsadida keng ko`lamda ilmiy-tekshirish va qidiruv ishlari olib boriladi. Bularning natijasi o`laroq daryolarda tug`onlar, suv ayirgichlar va suv omborlari qurildi, ko`rik va bo`z yerlar o`zlashtirilib, ularga suv chiqarildi. 1927 yilda Zarafshon daryosida ko`rilgan Damxo`ja tug`oni O`rta Osiyoda dastlabki eng yirik inshoot bo`ldi. 1926-1928 yillarda Sirdaryo bo`yida Dalvarzin cho`li, Qirg`izistonda Krasnorechensk va Samsoniyev ko`riklari o`zlashtirildi. Shu yillarda Turkmanistonda Tedjen daryosida Karo`bent tug`oni qurildi.
1929-1933 yillarga muljallangan birinchi besh yillikda O`zbekistonda sug`oriladigan yerlar maydoni 246,4 ming gektarga yetkazildi, daryolardan kanal va ariqlarga suv ko`tarib berishda chigiriklar o`rnini suv nasoslari egallay boshladi. Tojiksitonda Vaxsh vodiysi, Qirg`izistonda Chu, Talas vodiysi va Issiqko`l kotlovinasi yerlarini suv bilan ta'minlash uchun kanallar qurildi. Chu daryosida O`rtato`qay, Chumo`sh va Tashutkul suv omborlari barpo etildi.
Keyingi besh yilliklar davomida yangi yerlarni o`zlashtirib, ularga suv chiqarish ishlari sur'ati yanada oshirildi. Faqat 1939 yilning o`zida O`zbekistonda xalqning qo`l kuchi bilan umumiy uzunligi 1332 km bo`lgan 55 ta kanal qurildi. Shundan birgina Katta Farg`ona kanalining uzunligi 344 km. bo`lib, u 45 kun ichida qazib bo`lindi. 1940 yilda Janubiy Farg`ona kanali qazildi. Shu yillar davomida Tojikistonda Vaxsh va Xisor vodiylari, Turkmanistonda Amudaryoning o`rta va quyi oqimlari hamda Murg`ob vohalari dehqonchiligini suv bilan ta'minlashda katta ishlar qilindi. Qirg`izistonda Aravan kanali qurildi. Ikkinchi Jaxon urushi yillarida O`zbekistonda hajmi 100 mln. m. kub bo`lgan Kattaqo`rg`on suv ombori qurildi.
Shunday qilib, xalq xo`jaligining rivojlanishi, ayniqsa qishloq xo`jaligi ishlab chiqarishining beto`xtov o`sishi juda katta hajmdagi suv inshootlarining barpo etilishini, daryolardan olinadigan suv miqdorining keskin oshishini talab qildi. 1969 yildagi ma'lumotlarga ko`ra O`rta Osiyoda 3 mingta sug`orish shoxobchalari qurilgan bo`lib, shundan 997 tasi Qirg`izistonda, 974 tasi O`zbekistonda, 500 tasi Tojikistonda va yana shunchasi Turkmaniston hududida barpo etildi. Keyinchalik esa ularning umumiy soni va uzunligi yanada ko`paytirildi. Bu, o`z navbatida, daryo suvlarini tobora ko`p olib ishlatishga imkon berdi. Ayniqsa keyingi yillarda Amuduryo suvini katta hajmda olish quvvatiga ega bo`lgan Qoraqum kanali (250 m. kub sek., 1954-1966 yillar) hamda Amu-Buxoro mashina kanalining (124 m. kubsek., 1963-1966 yillar) qurib ishga tushirilishi Zarafshon vodiysi quyi qismini va Turkmaniston respublikasi hududining katta qismini daryo suvi bilan ta'minlash imkoniyatini berdi.
O`zbekistonning asosiy suv arteriyalari Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Chirchiq va Ohangaron daryolari bo`lib, bu daryolarda oqadigan umumiy suv hajmining juda oz qismi- 10 km. kubi respublika hududida vujudga keladi. Bu miqdor respublikada sarflanadigan yillik suv hajmining atigi 15% ini tashkil qiladi. O`zbekistondan oqib o`tadigan daryolar suvining asosiy qismi respublika tashqarisidagi hududlarda vujudga keladi.
Amudaryo O`zbekistondagi eng yirik daryo hisoblanadi. Uning uzunligi 1440 km bo`lib, undan yilida o`rtacha 78 km. kub suv oqadi. Bu suv tog`lik hududning 227 ming kv. km. maydonidan yig`ilib keladi. Sirdaryo garchi uzunligi jihatdan oldini o`rinda tursada (2140 km), unda yillik oqim miqdori Amudaryoga qaraganda ikki baravar kam- 36 km. kub. Uning suvi 150 ming kv. km. maydondan to`planadi. Respublikadagi kattayu-kichik suv omborilarining umumiy soni 53 ta bo`lib, ularda 16 km. kub suv to`planadi. Tekislikda joylashgan ko`llar suvi 70 km. kubni tashkil qiladi.
O`zbekistonda suvning yillik sarfi 62-65 km. kub atrofida bo`lib, bu suvning 25 km. kubi Amudaryodan, 11 km. kubi Sirdaryodan, 19 km. kubi qolgan boshqa daryolardan va 9-10 km. kubi yer ostidan olinadi. Sarflanadigan ana shu suvlarining 85% (53-55 km. kub) sug`oriladigan dehqonchilikka, 12% (6 km. kub) sanoat ehtiyojlariga va 3% (1,7 km. kub) kommunal zaruriyatlarga ishlatiladi. Foydalanilgan bu suvlarning qariyb yarmi (23-25 km. kub) zovurlar orqali chiqarilib, ochiq suv havzalariga, qolgan 8-10 km. kubi esa kichik daryo va ko`llarga tashlanadi.
Keyingi yillarda qishloq xo`jalagida mineral o`gitlar va kimyoviy zaharlarni qo`llash bir muncha tartibga tushdi. Shunga ko`ra yer usti va yer osti suvlarining bunday chiqindilar bilan ifloslanishi sezarli darajada kamaydi. Lekin shunga qaramay respublikadagi suv resurslarining sanoat va turmushdan chiqqan oqava suvlar bilan ifloslanishi davom etmoqda. Respublika hududida faoliyat ko`rsatayotgan 600 ta suv tozalagich inshootlarining ishi to`liq samara bermayapti-ularning yarmi qoniqarsiz ishlamoqda. Suvning ifloslanishi ayniqsa sanoat korxonalari ko`p joylashgan hududlarda, jumladan Toshkent va Fargona viloyatlarida yuqori bo`lmoqda.
Respublikaning suv manbalaridagi suv tozaligi bo`yicha 6 tipga bo`linadi:
toza suvlar – tog` jilg`alarining suvlari (Pskom, Oqbuloq, Qizilsoy, Toshkesken, Terakli, Oqsuv va Geledaryo). Bu suvlarda biogen moddalar miqdori kam, minerallashish darajasi past, og`ir metallar va pestitsidlar belgilangan me'yordan oshmaydi;
kuchsiz ifloslangan suvlar – tog` oldi hududlarining soylari (Oqtoshsoy, Ugam, Ohangaron, Gavasoy, Omonqo`ton, soylari, Chorvoq va Xisor suv omborlari). Bu suvlarda biogen moddalar va minerallar miqdori oldingi tipdan ko`ra ko`proq;
kamroq ifloslangan suvlar – tog` oldi hududlari va tekislikda joylashgan aholi punktlaridan oqib o`tadigan suvlar (Chirchik, Ohangaron, Norin, Qoradaryo, Zarafshon (Samarqand shaxridan yuqori qismi) daryolari, Chimqo`rg`on, Qayroqxum va Tuyamuyin suv omborlari). Bu suvlarda minerallashish, biogen moddalar va boshqa iflosliklarning miqdori belgilangan me'yordan 2-3 baravargacha yuqori;
biroz kamroq ifloslangan suvlar - asosan daryolarning quyi oqimlarida uchraydi (Chirchik daryosining Chirchik sanoat majmuidan quyi qismida, Qo`qon daryosining Qo`qon shahridan quyi qismida, Siyob va Shimoliy Bag`dod kollektorlarida). Bu suvlarda pestitsidlar miqdori me'yordan 3-5 marta, minerallashish esa 4-5 martagacha yuqori;
ifloslangan suvlar - sho`rlangan tuproqning sizot suvlari to`planadigan zaxkashlar hamda sanoat va turmushdan chiqadigan oqava suvlar qo`shilib ifloslangan suvlardir. Bu suvlar asosan Amudaryo havzasida, Orolbo`yi hududlarida, Buxoro vohasida, kamroq Farg`ona vohsida uchraydi. Bu suvlarda minerallanishish me'yoridagidan 3-5 baravar yuqori bo`lib, ular tarkibida oqava suvlardagi murakkab iflos birikmalar mavjud;
o`ta ifloslangan suvlar - aholi zich joylashgan va sanoati rivojlangan shaharlarda va ular atrofida uchraydi. Bu suvlar ayniqsa Toshkent shahridan oqib o`tadigan Solor daryosining shahardan quyi qismida, Chirchiq daryosining Solor bilan qo`shilgandan keyingi qismida ko`p uchraydi. Bu suvlarda og`ir metallar me'yordan 40-50 baravar yukori bo`lib, turli xildagi murakkab birikmalar va zaharli moddalar miqdori ko`p.
Aholi sonining ko`payishi, shaharlarning kengayishi, sanoat ishlab chiqarishining o`sishi va qishloq xo`jaligida zaharli moddalarning tobora ko`p qo`llanishi bilan keyingi yillargacha suvlarning ifloslanishi yuqorilab kelayotgan edi. 1994 yil yer usti suvlarining sifatini yaxshilashda burilish yili bo`ldi. Ana shu yildan boshlab suvlarning ifloslanish darajasi to`xtatildi va ba'zi joylarda hatto kamaytirishga erishildi. Masalan, Amudaryo va Buxoro viloyati hududidagi zaxkashlar suvining ifloslik darajasi bir oz pasaydi. Respublikada sanoatdan chiqadigan oqava suvlarining yillik miqdori 300 mln. m.kub bo`lib, shundan 230 mln. m.kub tozalanmasdan ochiq suv havzalarga tashlanar edi. Sanoat ehtiyojlari uchun suvdan foydalanishda yopiq tsiklning rivojlantirilishi sanoat oqava suvlari miqdorini kamaytirish imkonini berayapti. 1994 yilda oldingi yilga qaraganda oqava suvlar 69 mln m.kubga kamaydi.
Yer usti suvlarining sifati yaxshilanishi, sugoriladigan dehqonchilikda suvga nisbatan xo`jasizlik oqibatlarining kamaytirilishi natijasida 1994 yildan boshlab yer sug`orishdagi yillik suv xarajatlarining amaldagi me'yori ancha kamaydi. Bu ko`rsatkich 1993 yilda gektariga 13,2 ming m. kubni tashkil qilgan bo`lsa, 1994 yilda 12,6 ming m.kubga tushdi.
O`zbekistonda yer osti suvlarining yillik zahirasi, 19 km. kub bo`lib, shundan har yili o`rtacha 9,5 km. kubi olib ishlatilyapti. Ishlatilayotgan bu suvning asosiy qismida minerallashish 3 mgl. dan oshmaydi. Bu ko`rsatkich suvning sifati yaxshiligidan dalolat beradi va shuning uchun ham uning uchdan bir qismi (3,43 km.kub) aholini ichimlik suvi bilan ta'minlashga, qolgani texnik maqsadlarga sarflanmoqda. Lekin umuman olganda respublikaning ba'zi hududlarida yer osti suvlarining sifati tobora yomonlashib bormoqda. Keyingi 15-20 yil davomida respublikaning g`arbiy va janubiy-g`arbiy hududlarida, jumladan Qoraqalpog`iston avtomnom respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlari hududida yer osti suvlarining minerallashish darajasi bir necha martaga oshib ketdi. Hozirgi paytda respublikaning sharqiy hududida sanoat markazlari atrofida ham ahvol tashvishli bo`lib qolmoqda. Ayniqsa Qo`qon, Farg`ona va Marg`ilon shaharlari yer osti suvlarining sifati juda yomon bo`lib, bu suvlarda azot birikmalari me'yordagidan 10 baravargacha, neft mahsulotlari va fenollar esa 100 baravargacha ko`p. Yer osti suvlari tarkibida nitratlar, fosfatlar, tsianidlar va turli minerallarining ko`payib ketishi Toshkent viloyatidagi Pskem vodozaborini butunlay ishdan chiqardi. Keyingi yillarda Zarafshon shahrida tog`-kon sanoatining rivojlanishi, ulardagi texnologik jarayonlar natijasi o`laroq Navoiy va Buxoro viloyatlarida ham yer osti suvlarining sifati yomonlashib bormoqda. Hozirgi kunda bu suvlarda molibden, tsianidlar, ammiak va nitratlar miqdori me'yordan 7-30 martagacha oshadi. Bu esa o`z navbatida Zarafshon shahri aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta'minlashda uzilish xavfini tug`dirmoqda.
Keyingi yillarda O`zbekistonda aholini markazlashgan tartibda quvurlar orqali ichimlik suvi bilan ta'minlashga katta e'tibor berilmoqda. Shu maqsadda 1990-1994 yillar davomida 13,5 ming km. suv quvurlari tortildi. 1990 yilda shahar aholisining 81% va qishloq aholisining 52% markazlashgan tartibda ichimlik suvi bilan ta'minlangan bo`lsa, bu ko`rsatkich 1994 yilda shaharliklar uchun 84% va qishloq ahli uchun 58,9% ni tashkil qildi. Uzunligi 210 km.ni tashkil qilgan Damxo`ja-Buxoro suv quvurining ishga tushirilishi Zarafshon vohasining quyi qismida yashayotgan xalqlarni sifatli ichimlik suvi bilan ta'minlash muammosini birmuncha hal qildi. Yer osti suvlarining foydalanilmay qolayotgan zahirasi mavjudligi kelajakda xalqning toza ichimlik suviga bo`lgan talabini qondirishda muhim o`rin tutadi.
Mavzuni mustahkamlashga doir savollar
Yer yuzida iqlim hosil qilishda suvning kanday ahamiyati bor?
Suvning biosfera uchun ahamiyati nimada?
Suv zahiralarining qanday turlarini bilasiz?
Suv zahiralarining geografik joylashishi to`g`risida nimalarni bilasiz?
Insoniyat barcha suv zahiralaridan foydalana oladimi?
Suvdan xalq xo`jaligining qaysi sohalarida ko`p foydalaniladi?
Chuchuk suv muammosi nimada?
Suvni ifloslovchi manbalar to`g`risida nimalarni bilasiz?
Suvdan tejab foydalanish tadbirlariga nimalar kiradi?
Ifloslangan suv qanday usullar bilan tozalanadi?
Suvning o`z-o`zini tozalash xususiyati, ya'ni tabiiy tozalanishini qanday tushunasiz?
Mavzuga doir tanyach tushunchalar
Dostları ilə paylaş: |