Narkotik qabul qilgan paytda odamda kayf qilish holati vujudga keladi. Bu holat ikki xil belgilar bilan namoyon bo`ladi:
1. Kayfning qo`zg`aluvchanlik turi.
2. Kayfning bo`shashuvchanlik turi.
Kayfning qo`zg`aluvchanlik turida narkotik qabul qilingandan keyin odam ko`p harakat qiladi, ko`p gapiradi, gaplari qovushmaydi, savolga ma‘noli javob qaytaraolmaydi. Tez jahli chiqadi, atrofdagilarga qo`pol muomalada bo`ladi, asossiz janjal chiqaradi. yoki aksincha. kayfiyati yaxshi bo`lib, o`z-o`zidan kulaveradi, atrofdagilarga mehribonlik qiladi, qo`lidagi yaxshi narsalarni sahiylik bilan ulashadi.
Kayfning bo`shashish turida narkotik qabul qilgandan keyin odam karaxt bo`ladi, bo`shashadi, kam harakat qiladi, uni uyqu bosadi, kam gapiradi, gaplari mazmunsiz bo`ladi. Tanasini tutish muvozanati buziladi, yurganda galdiraydi, atrofdagi voqealarga befarq bo`ladi, u hech narsa bilan qiziqmaydi, yotib uxlaydi.
Kayfni qo`zg`alish yoki bo`shashish turlarining har ikkalasida quyidagi qo`shimcha belgilar ko`zga tashlanadi: rangi qizaradi, ko`p terlaydi, ko`zlarining pardasi xiralashadi (yaltirab turmaydi) ko`ziga qon quyiladi, ya‘ni ko`z oq pardasining qon tomirlari kengayib, ko`zlari qizaradi, ko`z qorachiqlari kengayadi, ularning yorug`lik ta‘sirida kengayib-torayish reaksiyasi buziladi (normada ko`z qorachig`i yorug`lik ta‘sirida torayadi, qorong`ulikda kengayadi).
Giyohvandlik kasalligi quyidagi 3 davrda kechadi:
Birinchi davr - odam organizmi reaktivligining o`zgarishi, ya‘ni odamning narkotik moddaga moslashishi bilan xarakterlanadi. Giyohvandlikning boshlanish davrida odam narkotik modda qabul qilganida kayfiyati oshgandek, yaxshi dam olgandek, hordiq chiqargandek bo`ladi.
Ikkinchi davr - giyohvandning narkotikka ruhiy bog`lanishi, ya‘ni ruhiy mu‘teligining yuzaga kelishi bilan xarakterlanadi. Narkotikni qabul qilish muddati kechiksa giyohvandning ruhiyati buziladi, kayfiyati yomonlashadi. ish qobiliyati yo`qoladi.
Uchinchi davr - giyohvandning narkotikka nisbatan nafaqat ruhiy, balki jismoniy jihatdan mu‘teligining oshishi bilan xarakterlanadi. Giyohvandning yurak, o`pka, oshqozon-ichak, jigar, buyrak, nerv, endokrin va boshqa a`zolarida surunkali kasalliklar yuzaga kelganligi sababli uning nafaqat aqliy, balki jismoniy ish qobiliyati ham yo`qoladi. U ozgina harakat qilsa yuragi o`ynaydi, nafasi qisadi. Giyohvand ozadi, ranglari oqaradi, kamqonlik yuzaga keladi.
Agar giyohvand o`z ixtiyori bilan yoki majburiy ravishda narkotik qabul qilishni to`xtatsa birinchi kunning oxiri va ikkinchi kunning boshida unda abstinensiya holati vujudga keladi.
Dostları ilə paylaş: |