2. Islom (arabcha: اَلْإِسْلَامُ, al-’Islām — „boʻysunish“, „itoat etish“) — jahonda keng tarqalgan uch dindan (xristianlik va buddaviylik bilan bir qatorda) biri. Islom diniga eʼtiqod qiluvchilar arabcha „muslim“ („sadoqatli“; koʻpligi „muslimun“) deb ataladi[1]. „Muslim“, „muslimun“ soʻzining boshqa xalqlar orasida oʻzgacha talaffuz etish (masalan, forslarda — musalmon, oʻzbeklarda — musulmon, qirgʻiz va qozoqlarda — musulmon, Ukraina va Rossiyada — basurman) natijasida bu dinga eʼtiqod qiluvchilar turli nom bilan ataladi, lekin bularning ichida hozir musulmon iborasi keng tarqalgan.
Jahonda dunyo aholising 24,9%i, yaʼni 1,1–1,8 milliard kishi Islomga eʼtiqod qiladi[2][3]. Musulmonlarning 2/3 qismidan koʻprogʻi Osiyoda yashaydi va bu qitʼa aholisining 20%idan ortiqrogʻini tashkil etadi. Qariyb 30% musulmonlar Afrikaga toʻgʻri keladi (qitʼa aholisining deyarli yarmi). Dunyoda musulmon jamoalari mavjud boʻlgan 120 dan ortiq mamlakatdan 40 dan ziyodida musulmonlar aholining koʻpchiligini tashkil qiladi — Shimoliy Afrika, Gʻarbiy Osiyoning barcha mamlakatlarida (Kipr, Livan, Isroil, mustasno), Senegal, Gambiya, Niger, Somali, Afgʻoniston, Pokiston, Bangladesh, Indoneziya va boshqa baʼzi mamlakatlarda aholining 80%dan ortigʻi musulmonlardir; bir qancha mamlakatlarda musulmonlar aholining yarmidan 80%igacha tashkil qiladi (Gvineya, Mali, Livan, Chad, Sudan). Malayziya va Nigeriyada qariyb yarmi, baʼzi bir mamlakatlar (Gvineya-Bisau, Kamerun, Burkina-faso, Syerra-Leone va boshqa)da musulmonlar ozchilikni tashkil qilsa ham, taʼsir doirasi kuchli. Musulmonlarning soni jihatdan eng yirik davlatlar — Indoneziya, Hindiston, Pokiston va Bangladesh; musulmonlarning anchasi Markaziy Osiyo mamlakatlari, Xitoy, Tailand, Efiopiya, Tanzaniya, Kiprda, Yevropaning ayrim mamlakatlari (Bosniya va Gersegovina, Albaniya, Buyuk Britaniya, GFR, Fransiya va boshqa), Amerikaqitʼasi mamlakatlari (AQSh, Kanada, Argentina, Braziliya, Gayana, Surinam, Trinidad va Tobago)da, Avstraliyada, Fiji orollarida yashaydi.
Davlatlar aholisi tarkibi islom dinida eʼtiqod qiluvchi 10%