1.3-rasm. Pedagogning individual ta’lim trayektoriyasi tuzilmasi Individual ta’lim trayektoriyasining mazmunga doir komponenti malaka oshirish mazmunini belgilaydi. Uning tayanch (invariant) qismi Davlat talablarida belgilangan, ta’lim-tarbiya sifati va pedagogning kompetentliligini rivojlantirishga qaratilgan modullarni o‘zlashtirishni, variativ qismi esa kasbiy ehtiyojlar tashxisi natijalari hamda shaxsiy qiziqishlarga ko‘ra tanlov asosida belgilanadigan modullarni o‘zlashtirishni nazarda tutadi. Bu modullar pedagogning individual ta’lim dasturida o‘z aksini topadi.
Korreksion-tahliliy komponent pedagogning kasbiy qiyinchiliklari va ehtiyojlari tashxisi, faoliyati davomida doimiy monitoring, o‘z-o‘zini tahlil va ularning natijalariga ko‘ra individual ta’lim trayektoriyasiga o‘zgartirishlar kiritishni ifodalaydi, shuningdek, tashkiliy komponentni moslashtirishga yo‘naltiriladi. Shu o‘rinda pedagogga individual ta’lim dasturini tuzish va yo‘nalishini belgilashda ilmiy-metodik kuzatuv amalga oshiriladi. Chunki individual ta’lim trayektoriyasini loyihalash hamda amalga oshirish jarayonida MOI o‘qituvchisi va metodistlarning funksional vazifalari o‘zgarib, o‘zaro ta’sir funksiyasi maslahatchi, tahlilchi, tashkilotchi, muvofiqlashtiruvchiga aylanadi.
Tashkiliy komponent belgilangan o‘quv mazmunini o‘zlashtirishning metodik va texnologik usullari yig‘indisini, pedagogning ta’lim faoliyati shakli, metodlari, vositalari hamda qo‘llab-quvvatlovchi omillar kabi metodik tizimni ifodalaydi.
Individual ta’lim trayektoriyasini loyihalashda pedagog va maslahatchi hamkorlikda ishlashlari hamda quyidagilarni inobatga olishlari lozim bo‘ladi:
pedagogning umumiy kasbiy tayyorgarligi, ish tajribasi, kasbiy qiyinchiliklari va ehtiyojlari;
kasbiy va ijtimoiy faoliyati holati;
psixologik xususiyatlari (temperamenti, xarakteri, emotsionalligi va b.), kommunikativ xususiyatlari;
kasbiy, ijtimoiy, bilish motivlarining shakllanganligi va turg‘unligi;
optimal qarorlar qabul qila olishi, o‘zi uchun eng qulay hamda samarali shakl va usullarni tanlay olishi
refleksiyasi, faoliyati mazmuni, ehtiyojlarini anglashi va b.
Pedagogning individual ta’lim trayektoriyasini tuzish algoritmining tashxis, maqsadni aniqlashtirish, mazmunni shakllantirish, yo‘nalishni belgilash, amalga oshirish, tahlil va refleksiv baholash bosqichlaridan iborat bo‘lishi uning mantiqiy zanjiridagi izchilligi, uzluksizligi hamda tugallanganligini bildiradi (1.4-rasm).