Fuqarolik huquqi yagona huquq tizimining tarkibiy qismi sifatida o‘ziga xos funksiyalarni, vazifalarni amalga oshiradi. Huquq tarmog‘i- ning funksiyalari uning huquq tizimidagi joyini, o‘rnini belgilab beradi, chunki, aslini olganda, alohida tarmoqlar o‘z funksiyalari va o‘z mazmuni bo‘yicha bir biridan farqlanadi.
Fuqarolik huquqining asosiy funksiyalari tartibga solish va muhofaza qilish hisoblanadi. Fuqarolik huquqining o‘ziga xos funksiyasi shundaki, unda tartibga solish vazifalari ustuvor ahamiyatga ega, jinoyat huquqida esa qo‘riqlash, muhofaza qilish vazifalari ustuvor ahamiyatga ega.
Fuqarolik huquqining asosiy vazifasi eng avvalo, jamiyatdagi normal iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Boshqacha aytganda, fuqarolik huquqi huquqbuzarliklarni jazolashdan ko‘ra ko‘proq odatdagi o‘zaro mulkiy munosabatlarni tashkil etish bilan shug‘ullanadi. Xuddi shu sababli ham fuqarolik huquqida taqiqlar nihoyatda kam va yo‘l qo‘yilgan (ruxsat berilgan) harakatlar benihoyat ko‘pdir. Fuqarolik-
huquqiy qurilmalar va ta’sir vositalarini mulkiy munosabatlar ishtirok- chilari o‘zlari mustaqil tashkil etadilar. Shunday qilib, fuqarolik huquqi- ning tartibga soluvchi (regulyativ) funksiyasi tartibga solinayotgan munosabatlar ishtirokchilariga o‘z o‘zini tashkil etish, o‘z o‘zini tartibga solish imkoniyatlarini berishda ifodalanadi. Bunga fuqarolik munosabat- lari ishtirokchilari turli tijorat va notijorat yuridik shaxslari tuzish, o‘zaro shartnomaviy munosabatlarga kirishish imkoniyatlari fuqarolik huquqiy normalar orqali belgilab qo‘yilganini misol keltirish mumkin.
O‘z o‘zidan yoki ushbu funksiyani mazmuni va yo‘naltirilganligi fuqarolik huquqi tarkibiga kiruvchi munosabatlarning xususiy xarakteri- dan kelib chiqadi. Bu esa ommaviy huquq oldida turgan regulyativ (tartibga solish) munosabatlaridan tubdan farq qiladi. Ommaviy huquqda tegishli munosabatlarni tartibga solish qat’i belgilangan xarakterga ega bo‘lib, ishtirokchilarning erkin ravishda o‘z xohish irodasi bilan ish ko‘rishlariga imkon qolmaydi.
Fuqarolik huquqining muhofaza, qo‘riqlash funksiyasi, birinchi navbatda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining mulkiy manfaatlarini himoya qilish maqsadini ko‘zlaydi. U fuqarolik muomalasining insofli ishtirokchilarining mulkiy holatini, ularning huquq va manfaatlarining buzilishidan ilgarigi, avvalgi holatiga qaytarishga yo‘naltiriladi. Shu sababli ham u umumiy qoidaga ko‘ra buzilgan huquqlarni tiklash yoki jabrlanuvchiga yetkazilgan zararlarning qoplanishi, tovon to‘lash yo‘llari bilan amalga oshiriladi. Aniqki, uning qayta tiklanishi, tovon to‘lashga yo‘naltirilganligi tovar-pul mulkiy munosabatlarning ekvivalentli to‘lov, qiymatga asoslangan tabiatidan kelib chiqadi.
Qo‘riqlash, muhofaza qilish funksiyasining eng muhim yo‘na- lishlaridan biri bo‘lib, huquqbuzarlikning oldini olish, huquqbuzarlarga tarbiyaviy ta’sir etish (preventiv) vazifalari hisoblanadi. Buning uchun fuqarolik-huquqiy munosabatlar ishtirokchilarning muayyan xulq-atvori rag‘batlantiriladi, xuddi shunday xulq-atvorga ular yo‘naltiriladilar. Bu esa, o‘zgalarni manfaatini asossiz kamsitish yoxud buzishni istisno etadi. Ushbu funksiya delikt (zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyat- larda) va boshqa huquqni qo‘riqlovchi majburiyatlarda, shuningdek, shaxsiy nomulkiy huquqlarni tartibga solishda yaqqol namoyon bo‘ladi. Mulkiy munosabatlar bilan bog‘lanmagan shaxsiy nomulkiy munosabat- larni rasmiylashtirishda esa fuqarolik huquqi umuman olganda mutlaqo himoya vazifalari bilan cheklanadi.