3801e3ba156a9d876bcdf91e187071aa Fuqarolik va oila huquqi Darslik
Fuqaroni «bedarak yo‘qolgan» va «vafot etgan» deb e’lon qilish
Fuqaroni o‘z yashash joyida uzoq muddat bo‘lmasligi, agarda uni qayerdaligi noma’lum bo‘lsa, u bilan huquqiy munosabatlarda bo‘lgan tashkilotlar va fuqarolar uchun o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Masalan, agarda fuqaro qarzdor bo‘lsa, uning kreditorlari qarzni qaytarilishini talab qila olmaydilar. Fuqaroni qaramog‘ida bo‘lgan shaxslar ta’minotidan mahrum
bo‘ladilar, biroq ular formal jihatdan boquvchisi bo‘lgani sababli nafaqa so‘rab murojaat qilishga hali haqli emaslar. Fuqaroni uzoq muddat yo‘q- ligi uni yashash joyidagi mol-mulkini qarovsiz qolishiga, shikastlanishi- ga olib keladi.
Fuqaro uzoq muddat bo‘lmasligi sababli ro‘y bergan yuridik (huqu- qiy) noaniqlikni bartaraf etish, uning mol-mulki uchun salbiy oqibatlar- ning oldini olish uchun fuqarolik huquqida bunday fuqaro uchun alohida yuridik holat, ya’ni uni bedarak yo‘qolgan deb topish yoki vafot etgan deb e’lon qilish tartibi belgilangan.
Bedarak yo‘qolganlik – qayerdaligini aniqlashni imkoni bo‘lmagan fuqaroni uning yashash joyida uzoq muddat bo‘lmaganlik faktini sud tartibida guvohlantirish hisoblanadi.
FKning 33-moddasi 1-qismiga binoan, agar fuqaroning qayerdaligi haqida uning yashash joyida bir yil davomida ma’lumotlar bo‘lmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq sud bu fuqaroni bedarak yo‘qolgan deb topishi mumkin. Shunday qilib, bunday tartibda, sudga da’vo bilan emas, balki ariza bilan murojaat qilinadi. Qonunda manfaat- dor shaxslar doirasi belgilab qo‘yilmagan. Agar qonunning umumiy mohiyatidan kelib chiqsak, u holda manfaatdor shaxs doirasiga bedarak yo‘qolgan shaxsning eri (yoki xotini), qaramog‘idagi shaxslar kiradi. Bundan boshqa sabablarga ko‘ra ham har qanday shaxslar agarda shaxsni bedarak yo‘qolgan deb topish uning qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun zarur bo‘lsa «manfaatdor shaxs» sifatida qaralishi mumkin.
Bundan tashqari, prokuror, davlat boshqaruv organlari, shuningdek, qonunga ko‘ra o‘zgalarni huquq va manfaatlarini sud orqali himoya qilishga haqli bo‘lgan organlar va fuqarolar ham bunday ariza bilan murojaat qilishga haqlidirlar.
Fuqaroni bedarak yo‘qolgan deb topish uchun uning yashash joyida eng kamida bir yil davomida uning qayerdaligi to‘g‘risida hech qanday ma’lumot bo‘lmasligi lozim. Fuqaro to‘g‘risida oxirgi ma’lumotlar sana- sini belgilab olish muhimdir. Ushbu sana u yuborgan oxirgi xat-xabar, guvoh ko‘rsatuvlari asosida belgilanadi. Yo‘qolgan shaxs to‘g‘risida oxirgi ma’lumotlar olingan kunni aniqlash imkoni bo‘lmasa, bedarak yo‘qolgan deb hisoblash muddati yo‘qolgan shaxs to‘g‘risida olingan oxirgi ma’lumotlar olingan oydan keyingi oyning birinchi kunidan, bu oyni belgilash mumkin bo‘lmagan taqdirda esa – keyingi yilning birinchi yanvaridan boshlanadi.
Fuqaroni bedarak yo‘qolgan deb topish uning haqiqatda qayerdali- gini aniqlash mumkin bo‘lmagandagina amalga oshiriladi. Agar fuqaro biror mamlakatda yashab yuribdi degan ma’lumotlar mavjud bo‘lsa yoxud jinoyat sodir etib, qochib yurgan bo‘lsa, uni bedarak yo‘qolgan deb topish uchun asos bo‘lmaydi.
Bedarak yo‘qolgan deb topilgan fuqaro qaytib kelgan yoki uning turar joyi aniqlangan taqdirda, sud uni bedarak yo‘qolgan deb topish haqidagi qarorni bekor qiladi. Sudning qarori asosida fuqaroning mol- mulkini boshqarish bekor qilinadi (FK 35-m.).
Fuqarolik kodeksining 36-moddasiga muvofiq, faqat sud fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilishi mumkin. Fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish uning oxirgi yashab turgan joyida amalga oshiriladi.
Sud amaliyoti fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi ish ko‘rilayotgan vaqtda sud o‘lim paytini emas, balki vafot etgan deb gumon qilishga asos bo‘luvchi holatning borligini aniqlashi kerak.
Sudning fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish to‘g‘risidagi qarori qonuniy kuchga kirgan kun vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning o‘lgan kuni deb hisoblanadi.
Fuqaroning vafot etgan deb e’lon qilinishi to‘g‘risidagi asosiy qoida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 36-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan. Bunda qayd etilishicha, agar fuqaroning qayerda turganligi haqida uning yashash joyida uch yil mobaynida ma’lumot bo‘lmasa, basharti u o‘lim xavf solib turgan yoki muayyan baxtsiz hodisadan halok bo‘lgan deb taxmin qilish uchun asos bo‘ladigan vaziyatlarda bedarak yo‘qolgan bo‘lib, uning qayerdaligi haqida olti oy mobaynida ma’lumot- lar bo‘lmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq sud uni vafot etgan deb e’lon qilishi mumkin.
Harbiy harakatlar munosabati bilan bedarak yo‘qolgan harbiy xizmatchi yoki boshqa fuqaro harbiy harakatlar tamom bo‘lgan kundan e’tiboran kamida ikki yil o‘tganidan keyin sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi mumkin.
Fuqaro vafot etgan deb e’lon qilinganida uning mulkiga nisbatan meros ochiladi hamda shaxsiy majburiyatlari tamom bo‘ladi.
Vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaro qaytib kelgan yoki uning qayerda turganligi ma’lum bo‘lgan taqdirda, uni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qaror sud tomonidan bekor qilinadi (FK 37-m.).
Fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish to‘g‘risidagi qaror bekor qilingani- dan so‘ng u har qanday shaxsdan bu shaxsga bepul o‘tib qolgan mol-mulkini
o‘ziga qaytarib berishni uch yil mobaynida sud orqali talab qilishga haqli. Biroq Fuqarolik kodeksi 229-moddasining 2,4-qismlari talablariga ko‘ra, bunday shaxsning mol-mulki sud qarorini ijro etish uchun belgilangan tartibda sotilgan va puli, taqdim etuvchiga deb yozilgan qimmatli qog‘ozlari insofli egallovchida bo‘lsa, u talab qilib olinmaydi. Agar vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning mol-mulki uning vorislari tomonidan uchinchi shaxslarga sotilgan bo‘lib, bu shaxslar xarid narxini fuqaro qaytib kelgan paytgacha batamom to‘lamagan bo‘lsalar, bunday hollarda to‘lanmagan summani talab qilish huquqi qaytib kelgan fuqaroga o‘tadi.
Vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroga qarashli mulkni haq to‘lashni nazarda tutadigan bitimlar asosida olgan shaxslar mol-mulkni vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning tirikligini bila turib olganliklari isbotlansa (insofsiz egallovchi), ular fuqaroga bu mol-mulkni qaytarib berishlari shart. Bunday mol-mulkni asli hamda qaytarib berishning imkoni bo‘lmasa, uning qiymati to‘lanadi.
Agar vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning mol-mulki meros huquqi bo‘yicha davlatga o‘tgan va sotib yuborilgan bo‘lsa, fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish to‘g‘risidagi qaror bekor qilinganidan so‘ng unga mol- mulkni sotishdan tushgan pul qaytarib beriladi (FK 37-m.).
Agar vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning mol-mulki uning vorislari tomonidan uchinchi shaxslarga sotilgan bo‘lib, bu shaxslar xarid narxini fuqaro qaytib kelgan paytgacha batamom to‘lamagan bo‘lsalar, to‘lanmagan summani talab qilish huquqi qaytib kelgan fuqaroga o‘tadi.
Agar vafot etgan deb e’lon qilingan shaxsning mol-mulki meros huquqi bo‘yicha davlatga o‘tgan va sotib yuborilgan bo‘lsa, fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qaror bekor qilinganidan keyin unga mol-mulkni sotishdan tushgan pul qaytarib beriladi (FK 37-m.).
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, mazkur huquqiy institutlar ichki ishlar organlari faoliyatida muhim rol o‘ynaydi. Chunki, bedarak yo‘qolgan fuqaroni qidirish harakatlari asosan ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.