Har qanday fuqarolik huquqi subyekti uning subyekt sifatida fuqaro- lik huquqiy muomalada faol qatnashishi uchun huquq layoqati va muo- mala layoqatiga ega bo‘lishlari lozim. Fuqarolik huquqining asosiy subyektlaridan biri bo‘lib hisoblangan fuqarolar ham xuddi shunday belgilarga ega bo‘lishlari talab etiladi.
Fuqarolik huquq va burchlarga ega bo‘lish layoqati huquq layoqati hisoblanadi va teng ravishda e’tirof etiladi. Fuqarolarni huquq layoqati mazmuni Fuqarolik kodeksida belgilab qo‘yilgan. Ayni paytda fuqarolarni huquq layoqati mazmunining asosiy qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham o‘z ifodasini topgan. Konstitutsiyaning 18-modda- siga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdir- lar. Binobarin, fuqarolik huquqiy munosabatda ham fuqarolar huquq layoqatida teng deb e’tirof qilinadilar, ya’ni barcha fuqarolarga bir xildagi fuqarolik huquq va majburiyatlari belgilanadi.
Fuqarolik kodeksining 18-moddasi mazmuniga ko‘ra fuqarolar: mulk huquqi asosida mol-mulkka ega bo‘lishlari; mol-mulkni meros qilib olishlari va vasiyat qilib qoldirishlari; bankda jamg‘armalarga ega bo‘lishlari; tadbirkorlik, dehqon (fermer) xo‘jaligi bilan hamda qonunda taqiqlab qo‘yilmagan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishlari; yollanma mehnatdan foydalanishlari; yuridik shaxslar tashkil etishlari; bitimlar tuzishlari va majburiyatlarda ishtirok etishlari; yetkazilgan zararning to‘lanishini talab qilishlari; mashg‘ulot turini va yashash joyini tanlash- lari; fan, adabiyot va san’at asarlarining, ixtironing, qonun bilan qo‘riqla- nadigan boshqa intellektual faoliyat natijalarining muallifi huquqiga ega bo‘lishlari mumkin.
Qonunda belgilangan hollar va tartibdan tashqari, hech kimning huquq va muomala layoqati cheklanishi mumkin emas. Fuqarolarning muomala layoqatini cheklashning qonunda belgilab qo‘yilgan shartlari va tartibiga rioya qilmaslik davlat organining tegishli cheklashni belgi- laydigan hujjati haqiqiy emasligiga sabab bo‘ladi. Fuqaroning huquq
layoqatidan yoki muomala layoqatidan to‘la yoki qisman voz kechishi va huquq layoqati yoki muomala layoqatini cheklashga qaratilgan boshqa bitimlar o‘z-o‘zidan haqiqiy emasdir, bunday bitimlarga qonun tomoni- dan yo‘l qo‘yiladigan holatlar bundan mustasno (Fuqarolik kodeksining 23-moddasi).
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 43-moddasiga ko‘ra, jinoyat sodir etganlik uchun shaxslar ayrim fuqarolik huquqlaridan chunonchi, xizmat bo‘yicha cheklash, muayyan huquqdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash choralari qo‘llanilishi mumkin. Umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosidan tashqari boshqa fuqarolik huquqlarini cheklash choralari vaqtinchalik xarakterga ega. Huquq layoqati inson tug‘ilgandan boshlab to u vafot etguncha unga xos xususiyat, sifat bo‘lib hisoblanadi. Inson o‘zini holatidan qat’i nazar chaqaloq bo‘ladimi, aqli zaif bo‘ladimi yoki ruhiy hasta bo‘ladimi baribir to‘laqonli huquq layoqatiga ega.
Yuqorida ko‘rsatilganidek, umumiy qoida bo‘yicha huquq layoqati subyekti sifatida mavjudlik chaqaloq tirik tug‘ilishi bilan boshlanadi. Biroq, qonun ba’zi holatlarda hali tug‘ilmagan, ya’ni ona qornida homila sifatida mavjud bo‘lganda ham uning kelgusidagi manfaatlarini qonun e’tiborga oladi, qo‘riqlaydi. Masalan, agar meros qoldiruvchi fuqaro vafot etgan hollarda uning nafaqat hayot paytida tug‘ilgan farzandlari balki, qonunda belgilangan tartibda meros ochilgandan so‘ng tug‘ilgan farzandlari ham merosxo‘r sifatida e’tirof etiladilar (FK 1118-m.).
Uy-joy kodeksida belgilanishicha, fuqarolarga turar joylar berilgan- da turar joy hajmini belgilashda oilada homilador ayollarning mavjudligi ham hisobga olinadi. Huquq layoqati fuqaro, ya’ni huquq subyekti o‘limi bilan tugaydi.
Bugungi kunda fan texnika taraqqiyoti ba’zi og‘ir kasalliklarda kishini sun’iy ravishda hayotini saqlab qolishga imkon beradi. Ba’zan bunday holat uzoq vaqt cho‘zilishi mumkin (ba’zida yillab davom etadi va buni ba’zi adabiyotlarda o‘simlik hayoti deb ham ataladi). Kishini o‘simlik hayoti (sun’iy jonlantirish holati)da bo‘lishi uni o‘lim fakti ro‘y berma- ganligi sababli huquq layoqatini bekor bo‘lishiga olib kelmaydi. Biologik o‘lim hollaridan tashqari qonunda fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish taomili ham mavjud.
Fuqarolik kodeksining 22-moddasiga ko‘ra fuqarolarning muomala layoqati fuqaroning o‘z harakatlari bilan fuqarolik huquqlariga ega bo‘lish va ularni amalga oshirish, o‘zi uchun fuqarolik burchlarini vujudga
keltirish va ularni bajarish layoqatidir. Muomala layoqatini yuridik harakat- larni amalga oshirish layoqati deb ham e’tirof etish mumkin. Ba’zida, huquq layoqatiga ega bo‘lgan fuqarolar fuqarolik muomala layoqatiga ega bo‘lavermaydilar. Muomala layoqatiga ega bo‘lgan fuqarolar o‘z xatti-harakatlarini anglab, oqibatlarini tushunib o‘z erki irodalari asosida harakatni amalga oshiradilar.
Odatda, yangi tug‘ilgan chaqaloq garchi to‘liq huquq layoqatiga ega bo‘lsa ham o‘z mustaqil harakatlari bilan o‘zi uchun huquq va maj- buriyatni vujudga keltirish qobiliyatiga ega emas. Bolalar yillar o‘tgan sayin aqliy bilimlar va hayotiy tajriba orqali ongi to‘liqlashib boradi. 18 yoshga to‘lganda unda to‘liq muomala layoqati vujudga keladi. Ayni paytda qonunda belgilangan tartibda va asoslarda nikohdan o‘tgan voyaga yetmaganlar ham shu paytdan e’tiboran to‘la hajmda muomala layoqatiga ega bo‘ladilar. FKning 23-moddasiga ko‘ra, voyaga yetgan fuqarolar teng darajada muomala layoqatiga ega bo‘ladilar. Fuqarolar- ning muomala layoqati faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda cheklanishi mumkin. Fuqaroning o‘zi tomonidan yoki boshqalar tomonidan uning muomala layoqatini cheklashga qaratilgan bitimlar o‘z- o‘zidan haqiqiy emas.
Fuqarolik muomalasida voyaga yetmaganlarning ishtiroki masalasi tabaqalashtirilgan holda tartibga solinadi. Ya’ni 6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar va 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlarning muomala layoqatining hajmi va mazmunida o‘ziga xosliklar mavjud. 14 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar (kichik yoshdagi bolalar) to‘la ravishda muomalaga layoqatsiz hisoblanadilar. Biroq, qonun ularga fuqarolik muomalasida qatnashish bo‘yicha muayyan imkoniyatlar beradi.
Bunga ko‘ra 6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar:
mayda maishiy bitimlar;
tekin manfaat ko‘rishga qaratilgan, notarial tasdiqlashni yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni talab qilmaydigan bitimlar;
qonuniy vakil yoki uning roziligi bilan uchinchi shaxs tomonidan muayyan maqsad yoki erkin tasarruf etish uchun berilgan mablag‘larni tasarruf etish borasidagi bitimlarni mustaqil ravishda amalga oshirishga haqlidirlar.
14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar ota-onalari, farzandlikka oluvchilar va homiylarining roziligisiz quyidagilarni mustaqil ravishda amalga oshirishga haqli:
o‘z ish haqi, stipendiyasi va boshqa daromadlarini tasarruf etish;
fan, adabiyot yoki san’at asarining, ixtironing yoxud o‘z intellektual faoliyatining qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa natijasi muallifi huquqini amalga oshirish;
qonunga muvofiq kredit muassasalariga omonatlar qo‘yish va ularni tasarruf etish;
mayda maishiy bitimlarni hamda boshqa bitimlarni tuzish.
Kishining ruhiy kasalligi, aqli zaifligi uni sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topishi uchun asos bo‘ladi. Bu o‘rinda shuni unutmaslik lozimki, har qanday ruhiy kasallik yoki aqli zaiflik fuqaroni ongli ravishda harakatlar qilish va fuqarolik muomalasida faol qatnashish imkoniyati- dan mahrum etmaydi. Fuqarolik kodeksining 30-moddasida ko‘rsatili- shicha ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi oqibatida o‘z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan fuqaroni sud qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topishi mumkin va bunday fuqaroga vasiylik belgilanadi. Tabiiyki, muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro nomidan bitimlarni o‘z vasiysi amalga oshiradi. Agar fuqaro ruhiy kasallikdan davolansa, tegishli tartibda sud tomonidan to‘liq muomalaga layoqatli deb topilishi, ya’ni muomala layoqati tiklanishi mumkin.
FKning 31-moddasiga ko‘ra spirtli ichimliklarni yoki giyohvandlik vositalarini suiiste’mol qilish natijasida o‘z oilasini og‘ir moddiy ahvolga solib qo‘yayotgan fuqaroning muomala layoqati sud tomonidan fuqarolik protsessual qonun hujjatlarida belgilangan tartibda cheklab qo‘yilishi mumkin. Unga homiylik belgilanadi. Bunday fuqaro mayda maishiy bitimlarni mustaqil tuzish huquqiga ega. U boshqa bitimlarni homiyning roziligi bilangina tuzishi, shuningdek, ish haqi, pensiya va boshqa daromadlar olishi hamda ularni tasarruf etishi mumkin. Biroq bunday fuqaro o‘zi tuzgan bitimlar bo‘yicha va yetkazgan zarari uchun mustaqil ravishda mulkiy javobgar bo‘ladi.