Umumiy ulushli mulk bo‘lgan meros mol-mulk merosxo‘rlar o‘rtasida- gi kelishuvga ko‘ra taqsimlanishi mumkin. Taqsimlashda ushbu merosni qabul qilgan barcha merosxo‘rlar emas, ulardan faqatgina mol-mulkka umumiy ulushli mulk huquqi paydo bo‘lganlari ishtirok etishi mumkin.
Mol-mulkni bo‘lish barcha mol-mulkning umumiy mulk hamma ishtirokchilari o‘rtasida ularga tegishli ulushlarga muvofiq haqiqiy taqsim- lanishini nazarda tutadi hamda bu umumiy mulkning tugallanishiga olib keladi. Vaholanki, ajratib olish qolgan umumiy mol-mulkka boshqa ishtirokchilarning umumiy mulkini saqlab qolgan holda faqat bir yoki bir necha ishtirokchilarga mol-mulkning muayyan qismini haqiqiy ajratib berishdan iborat.
Merosxo‘r boshqa merosxo‘rlardan ulushli mulk bo‘lgan meros mol- mulkdagi o‘z ulushi ajratib berilishini talab qilish huquqiga ega. Mazkur normani o‘z ulushi ajratib berilishini faqat sud tartibida talab qilishga bo‘lgan huquq sifatida sharhlamaslik kerak. Mazkur norma ulushli mulk ishtirokchisi o‘z ulushini ajratib berish haqidagi niyatini boshqa mulkdorlar bilan kelishishga majbur emasligini ta’kidlashga qaratilgan. Agar ulushni ajratish uslubi va shartlari bunday kelishuvni talab qilsa hamda mazkur kelishuvga erishilsagina, ulushli mulkning tegishli ishti- rokchisi sudga murojaat qilishi kerak.
Meros ulushlarining oshishi
Meros ulushlarining ortishi – merosdan voz kechgan yoki muayyan holatlar bo‘yicha vorislik qila olmagan (merosxo‘rlar qatoridan chiqib ketgan) vorislikka chaqiriladigan merosxo‘rning meros ulushi taqdirini belgilashning qonun bilan belgilangan maxsus tartibidir.
Meros ulushlarining ortishi haqidagi qoida merosdan voz kechgan yoki merosxo‘rlar qatoridan chiqib ketgan har qanday merosxo‘rning ulushiga, u qanday asosga ko‘ra, ya’ni qonun bo‘yicha yoki vasiyatnoma bo‘yicha vorislikka chaqirilganidan qat’i nazar, tatbiq etiladi.
Meros mol-mulkiga qaratiladigan xarajatlar va qarzlar
Merosga mulkiga o‘lim munosabati bilan yuzaga kelgan bir qator xarajatlarni to‘lash bo‘yicha qarzlar yuklangan bo‘ladi. Avvalo, meros qoldiruvchining vafoti oldidan xastaligi tufayli qilingan zarur xarajatlar ko‘rsatilgan. Ularga meros qoldiruvchining davolanishi uchun ketgan zarur xarajatlar (statsionar davolash muassasalarida bo‘lish, vrachlar
bilan maslahatlashuv, boshqa tibbiy yordam, dori-darmonlar, sanitariya- kurort yo‘llanmalari, davolanish joyiga borish va kelish xarajatlari hamda shu kabilar), o‘limni keltirib chiqargan kasallik munosabati bilan yaxshilangan oziq-ovqat va parvarishlash uchun ketgan xarajatlar kiradi.
Meros qoldiruvchini dafn etish xarajatlari dafn uchun talab etiladigan hujjatlarni rasmiylashtirishga, vafot etgan shaxsning jasadini ko‘mish joyiga olib borishga, odat va an’analarga muvofiq jasadni ko‘mishga ketadigan xarajatlarni, dafn joyi, qabr toshini tayyorlash va o‘rnatish uchun chiqimlarni o‘z ichiga oladi. Boshqa diniy marosimlarga sarflangan xarajatlarni ham meros hisobidan qoplashga yo‘l qo‘yiladi.
Meros hisobidan qoplanadigan xarajatlarga merosni muhofaza qilish va boshqarish yuzasidan zarur xarajatlar ham taalluqli. Bunga meros mol- mulkning ro‘yxatini tuzish, merosni muhofaza qilish bo‘yicha choralarni ko‘rishda mustaqil baholovchilar tomonidan meros mol-mulkni baholash yuzasidan qilingan xarajatlar va hokazolar kiradi. Meros hisobidan, shuningdek, vasiyatnomani ijro etish, vasiyatnomani ijro etuvchi yoki merosni boshqaruvchiga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar qoplanadi.