Respublikasi ichki


«Nikoh» tushunchasi, uni tuzish va bekor qilish tartibi



Yüklə 5,47 Mb.
səhifə131/154
tarix25.12.2023
ölçüsü5,47 Mb.
#194966
1   ...   127   128   129   130   131   132   133   134   ...   154
3801e3ba156a9d876bcdf91e187071aa Fuqarolik va oila huquqi Darslik

«Nikoh» tushunchasi, uni tuzish va bekor qilish tartibi


O‘zbek xalqi Turkistonning qadimiy xalqlaridandir. Bu mamlakati- miz hududlarida o‘tkazilgan qadimshunoslik (arxeologik) tadqiqotlarida isbotlangan va tasdiqlangan. O‘zbek xalqining vujudga kelishi, rivojla- nishi va ko‘payishini o‘rganish muhim. Xalqlar ko‘payishining birdan- bir asosi nikoh va uning asosida qurilgan oiladir. Qadim zamonlarda hozirgi tushunchadagi nikoh va oila munosabatlari bo‘lmagan. Dastlabki vaqtlarda guruhiy nikoh, ya’ni bir guruh ayollar bilan bir guruh erkaklar o‘rtasida umumiy er-xotinlik, yaqin qarindoshlar o‘rtasida jinsiy aloqalar bo‘lganligi tarixiy manbalarda qayd etiladi. Ammo, bizning xalqlarimiz tarixi bilan bog‘liq manbalarda bu kabi nikohlar mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar aniqlanmagan.
Zardushtiylik dinining asoschisi va Markaziy Osiyo, Ozarbayjon, Eron hamda yaqin va O‘rta Sharq, ayniqsa, Xorazm xalqlari ko‘p asrlik ijodi mahsuli, bir qancha elatlarning ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-ilmiy va axloqiy-ta’limiy qarashlarining vujudga kelishi va rivojlanishi tarixini o‘rganishda qimmatli manba bo‘lgan «Avesto» kitobining muallifi Spitama Zaradushtra oilaviy turmush masalalarida juda qiziq ma’lumot- larni beradi. «Avesto»da insoniy burch faqat axloqiy yo‘l-yo‘riqlarni o‘zlashtirishdan iborat bo‘libgina qolmay, balki inson oilaviy turmush, yaxshi yor va farzand to‘g‘risida ham o‘ylashi zarurligi ta’kidlanadi. O‘sha davrda erkaklar roppa-rosa 16 yoshidan uylanib, bir nechta xotin olish huquqiga ega bo‘lgan. Hamma vaqt birinchi xotin boshqalariga bosh bo‘lgan. «Avesto»da qayd etilishicha, erkak kishi avvalo uylanish uchun moddiy va ma’naviy tomondan to‘q va jismonan baquvvat bo‘lishi lozim bo‘lgan. Buning uchun o‘z vaqtida ovqatlanishi zarur, aks holda erkak kishi o‘z xizmat va axloqiy burchlarini bajara olmaydi. «Yeb ichmaydigan insonning toat-ibodat qilishga kuchi bo‘lmaydi, er-xotinlik vazifasini ado etishga quvvati yetmaydi, bola tug‘dira olmaydi» («Yasna», 33-bob).
Umuman, zardushtiylikda oilaviy burch va farzand tarbiyasi, er va xotinning huquq va majburiyatlari alohida o‘rin tutadi. Bu o‘rinda
«Avesto» tadqiqotchisi H.Homidovning fikrini keltirib o‘tish o‘rinlidir:
«Erkak zurriyot qoldirish qobiliyatiga ega bo‘lsayu, ammo uylanmasa, unga tamg‘a bosishar yoki beliga zanjir bog‘lab yurishga majbur qilishardi. Ba’zan bunday erkakni qopga solib kaltaklashgan. «Avesto»- da qarindoshlarning o‘zaro oila qurishi man etilgan. Qavm va urug‘ qonini toza, avlodni benuqson saqlash uchun shunday qilingan. Ko‘p bolali oilalarga davlat hisobidan nafaqa tayinlash lozimligi qayd etilgan, bir yo‘la 2-3 ta tuqqan ayollar mukofot olishga sazovor, deb uqtiriladi»1. Patriarxal oila Markaziy Osiyo xalqlarida oilaning eng dastlabki tarixiy shakli hisoblangan. Bu oila ayni zamonda jamiyatning asosiy ishlab chiqarish jamoasi ham bo‘lgan. Shuning uchun oilaviy munosabatlarga, har bir oila a’zolarining xatti-harakatlariga alohida e’tibor berilgan. Markaziy Osiyoda patriarxal oila milloddan oldingi birinchi ming yilliklarda vujudga kelgan. Uning eng rivojlangan davri milodiy birinchi asrlarga to‘g‘ri keladi. Patriarxal oilaning bo‘linib ketishi, uning o‘rniga kichik-kichik oilalar tarkib topishi milodiy birinchi ming yillik o‘rtalari- dan boshlanib deyarli XX asrgacha davom etdi. Kichik oilalar vujudga kelishi bilan nikohning shart-sharoitlari ham o‘zgarib borgan. Patriarxal oila bo‘lgan vaqtda nikoh shartlari ancha qat’iy qilib belgilangan va cheklab qo‘yilgan. Nikoh erkak bilan ayol o‘rtasidagi muayyan ittifoq ham bu ittifoqning jamiyat, davlat tomonidan tan olinishi va ma’qullani- shining tarixiy shaklidir. Buyuk alloma Abu Rayhon Beruniyning fikricha, bironta ham xalq nikohdan xoli emasdir. Jamiyat nikoh vositasi bilan erkak va ayol o‘rtasidagi tabiiy munosabatlarni tartibga solib turadi, er- xotin, ota-ona va farzandlar o‘rtasida axloqiy, huquqiy majburiyatlar o‘r- natadi. Nikoh jinsiy ehtirosni maxfiylik pardasiga o‘raydi, er-xotin orasi- dagi tabiiy munosabatga axloqiy, ma’naviy go‘zallik, andisha baxsh etadi.
«Nikoh» (arabcha – qo‘shilish) so‘zi o‘zbek tiliga arablardan kirib kelgan. Arab istilochilari islom dini qoidalarini o‘rnatish maqsadida Markaziy Osiyo xalqlarining islomdan oldingi dini bilan bog‘liq bitik- larni, ma’lumotlarni yo‘q qilib yuborganlar. Bu bilan madaniyatimiz rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatganlar. Buyuk bobokalonimiz Beruniy





1 Ҳамидов Ҳ. Шоҳноманинг шуҳрати. – Т., 1991. – Б.93-94; Отахужаев Ф.М.
Ўзбекистон Республикасининг оила ҳуқуқи. – Т., 2005. – Б.32.
o‘zining «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida bergan xabariga qaraganda, Markaziy Osiyoni fath etgan arab lashkarboshisi Qutaybaning buyrug‘iga ko‘ra Xorazm yozuvini yaxshi biladigan va boshqalarga o‘rgatadigan kishilar o‘ldirilgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ayrim tadqiqotlar bizda islomgacha erkak va ayol o‘rtasida nikoh degan tushuncha bo‘lmagan, deb hisoblaydilar. Bu fikr haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Qadimgi grek tarixchisi Strabonning (mil. av. 64-63 – mil. 23- 24 yillar) yozishicha, har bir massagetning o‘z xotini bo‘lgan. Ana shu tarixchining fikriga qaraganda, erkaklar va ayollar jinsiy hayotda muayyan erkinliklarga ham ega bo‘lganlar.
Umuman olganda, Markaziy Osiyoda ayollarga qadimdan katta hurmat bilan qaralgan. Ular jamiyatda erkaklar bilan teng huquqlardan foydalanishgan. Gerodotning «Tarix» nomli asarida vatanparvar ayol To‘maris haqida keltirilgan ma’lumot bunga yorqin misol bo‘la oladi. Unga ko‘ra, Turon aholisi To‘maris boshchiligida bosqinchi Kayxusrav lashkarlariga qaqshatqich zarba beradi. Boshqa bir qadimgi grek tarixchisi Elion qoldirgan ma’lumotga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi yirik qabilalardan biri bo‘lgan saklarning odatlari bo‘yicha, uylanishni istagan har bir yigit o‘zi uylanmoqchi bo‘lgan qiz bilan yer osti uyida kurash tushishi shart bo‘lgan. Yigit kurashda g‘alaba qilgan taqdirdagina uyla- nish huquqiga ega bo‘lgan. Aks holda uning o‘zi qizning asiriga aylan- gan. Demak, bu yerda kurash o‘ziga xos tarzda nikoh vazifasini bajargan. Nikoh muqaddasdir, u oliy maqsad va niyatlarda tuziladi. Nikoh – halollik, nikohsiz qo‘shilish esa haromlik belgisidir. U huquq tilida oilani vujudga keltiradi va uni qonunlashtiradigan alohida turdagi xususiy shartnomani anglatadi. Bu esa, bir tomondan, kelin bo‘lmish qizning, ikkinchi tomondan esa kuyov bo‘lmish yigitning o‘zaro ixtiyoriylik, teng huquqlilik va umumiy ro‘zg‘or asosida hayot kechirish maqsadida tuzilgan kelishuvdir. Nikoh masalasiga Islom dinida ham nihoyatda katta
e’tibor berilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq, nikoh davlat va jamiyat manfaatlarini ko‘zlab, shuningdek, er bilan xotin va bolalarning shaxsiy va mulkiy huquqlari hamda manfaatlarini muhofaza etish maqsadida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida qayd etiladi. FHDYO organlarida qayd etish, oilaning vujudga kelganligini isbotlovchi birdan-bir dalildir. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi- ning 7-bo‘lim, 201-moddasida bunday talabning qonuniy mustahkamlab
qo‘yilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad shundan iboratki, boshqa yo‘llar bilan, masalan, diniy yo‘l bilan, yoxud mahalliy urf-odatlarga amal qilingan holda tuzilgan nikoh yuridik ahamiyatga ega bo‘lmaydi.
O‘zbekiston Respublikasida nikoh tuzish tartibi Oila kodeksining 13-moddasida belgilangan. Ushbu modda talabiga ko‘ra, nikoh tuzish nikohlanuvchilarning FHDYO organiga birgalikda ariza berganlaridan so‘ng bir oy o‘tgach, nikoh shaxsan ularning ishtirokida qayd etiladi. Uzrli sabablar bo‘lganda, FHDYO organi mudiri yoki mudirasi bir oy o‘tgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berishi mumkin. Quyidagilar uzrli sabab hisoblanib, FHDYO organlari tomonidan bir oylik muddatni qisqartirishga asos bo‘lishi mumkin:

  • ariza beruvchilar uzoq vaqt birga yashab kelgan bo‘lsalar;

  • ariza berganlardan biri uzoq muddatga chet elga yoki kelib-ketish qiyin bo‘lgan joyga yo‘llanma bilan ketayotgan bo‘lsa;

  • kelin-kuyovning yaqin qarindoshlaridan biri og‘ir kasal bo‘lsa;

  • nikohni qayd ettirish uchun ariza bergan kuyov harbiy xizmatga chaqirilgan yoki boshqa uzrli sabablar bo‘lsa.

Yuqoridagi uzrli sabablar ro‘yxati cheklanmagan. Qanday sabablarni uzrli deb hisoblash huquqi qonun bo‘yicha FHDYO bo‘limining mudiri- ga berilgan. Buning uchun mansabdor shaxs uzrli sabab bo‘ladigan holatlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish huquqiga ega.
Alohida hollar (homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar)da esa nikoh ariza berilgan kunning o‘zida tuzilishi mumkin. Ko‘rsatib o‘tilgan hollardan tashqari nikohni bir oy o‘tmasdan rasmiy- lashtirish chegarasi aniq qilib ko‘rsatilmagan. Chunki boshqa sabablar ham nikohni bir oy o‘tmasdan rasmiylashtirish uchun asos bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda ham nikohni ariza berilgan kunning o‘zida darhol tuzilishi zarurligini iltimos qilish yoki qilmaslik bo‘lajak er-xotinning xohishiga bog‘liq. Ular yuz bergan vaziyatni hisobga olgan holda, nikohni ro‘yxatdan o‘tkazish muddatini qisqartirish haqida ham iltimos qilishlari mumkin.
Nikohni qayd etish nikohlanuvchi shaxslardan birining yashash joyi- dagi FHDYO organlari tomonidan FHDYO binosida amalga oshiriladi. Alohida hollarda FHDYO organlari tomonidan nikohni qayd etish kasal- xona yoki uyda ham amalga oshirilishi mumkin.
Amaldagi oila qonunchiligiga muvofiq, nikohlanuvchilardan biri ilgari nikohda turgan bo‘lsa nikoh tuzishga yo‘l qo‘yilmasligi sababli, FHDYO organi ariza qabul qila turib nikohlanuvchilarning shaxsini tasdiqlovchi
hujjatlar bo‘yicha ularning qonuniy nikohda bo‘lgan-bo‘lmaganligini tekshirib ko‘rishi lozim. FHDYO organi tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni tekshirish davomida ularning birida qonuniy nikoh bo‘lgan bo‘lsa-da, lekin sud tomonidan qonuniy tartibda ajrashgan bo‘lsa, ilgari nikohda bo‘lgan shaxs FHDYO organiga avvalgi nikohning tugatilganli- gi to‘g‘risida yuridik hujjat taqdim etishi lozim. Bu nikohdan ajratil- ganligi to‘g‘risida sudning qarori, er-xotindan birining vofot etganligi to‘g‘risidagi guvohnoma yoxud nikohni haqiqiy emas deb topgan sud- ning hal qiluv qarori bo‘lishi mumkin.
Nikohlanuvchilarning istaklariga binoan nikoh ularning qarindosh- lari, tanishlari ishtiroki (guvohligi)da qayd etiladi. Nikohni qayd etishda guvohlar soni ikki kishidan kam bo‘lmasligi oilaviy munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarda ko‘rsatilgan.
Nikoh faqat nikohlanuvchilarning ishtirokida qayd etiladi, uning ishonch qog‘ozi yoki vakil orqali qayd etilishiga ruxsat berilmaydi. Nikohi qayd etilgan shaxslarning pasportiga yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlariga shtamp bosilib, nikoh qayd etilgan vaqt va joy, nikohlangan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan yili yozib qo‘yi- ladi. Nikoh tuzish bo‘yicha o‘rnatilgan qoidalarni buzib tuzilgan nikoh, sudning hal qiluv qarori bilan haqiqiy emas deb topilishiga sabab bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasi ikkinchi qismida nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishi ko‘rsatilgan. Ushbu konstitutsiyaviy qoida Oila kodeksida ham o‘z ifodasini topgan. Uning 14-moddasiga ko‘ra, nikoh tuzish ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi lozim, o‘zaro rozilik va ixtiyoriy asosda tuzilgan nikoh oilaning mustahkam va barqaror bo‘lishiga imkoniyat yaratadi. Qo‘rqitish, zo‘rlik, aldash yoki nikohlanuvchilarning biri yoxud har ikkalasiga ruhan ta’sir etilgan holatlarda majbur qilish taqiqlanadi. Zo‘rlash, qo‘rqitish, aldash yo‘li bilan tuzilgan nikoh, zo‘rlash, qo‘rqitish yoki aldash kim tomonidan sodir etilgan bo‘lishidan qat’i nazar nikoh-
ning haqiqiy emas deb topilishiga sabab bo‘ladi.
Oila kodeksida va boshqa amaldagi qonunlarimizda nikoh yoshi erkaklar uchun 18 yosh, ayollar uchun 17 yosh etib belgilangan, uzrli sabablar bo‘lgan, alohida hollarda nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan 1 yilga kamaytirishi mumkin (OKning 15-m).
Yuqorida belgilangan nikoh yoshiga rioya qilmaslik turli huquqiy oqibatlarni vujudga keltirishi mumkin. Bunday nikoh o‘z-o‘zidan haqiqiy emas deb topilib, hattoki jinoiy oqibatlarga ham olib kelishi mumkin.
Oila kodeksining 16-moddasiga binoan, quyidagi holatlar nikoh tuzishga to‘sqinlik qiladi:

  • nikohlanuvchilardan biri ro‘yxatga olingan boshqa nikohda turgan bo‘lsa;

  • nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan qarindoshlar o‘rta- sida, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar bilan opa-singillar o‘rtasida hamda farzandlikka olinganlar bilan farzandlikka oluvchilar o‘rtasida;

  • loaqal bittasi ruhiyat buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Oila kodeksining 17-moddasiga hamda Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-avgustdagi 365-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Nikohlanuv- chi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida»gi nizomiga asosan davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalari tomonidan nikohlanuvchilar bepul asosda tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar. Bundan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad – tibbiy irsiy kasalliklardan bo‘lajak avlodni asrash, shuningdek, er-xotinlarni oldindan ogohlantirib, ular kasallanishining oldini olishdir.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 17-moddasiga ko‘ra, nikohlanuvchi shaxslar 50 yoshdan oshgan bo‘lsa, shuningdek, Oila kodeksining 13-moddasining beshinchi qismida ko‘rsatilgan alohida (homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar) hollar mavjud bo‘lganda tibbiy ko‘rikdan o‘z roziligi bilan o‘tkaziladi. Nikohlanuvchi shaxslar o‘zlarining doimiy yoki vaqtincha yashayotgan joyidagi tibbiyot muassasalari tomonidan o‘tkaziladi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun berilgan yo‘llanmalar FHDYO organlarida nikoh tuzish to‘g‘risidagi arizalarni ro‘yxatdan o‘tkazish daftarida qayd etiladi.
Oila kodeksining amaldagi moddalariga muvofiq er-xotin o‘rtasidagi nikohni bekor qilish o‘rnatilgan tartibda tegishli vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu kodeksning 37-moddasida nikohni tugatish asoslari va tartibi ko‘rsatilgan.
Oila huquqining asosiy masalalaridan biri nikohni tugatish masalasi- dir. Nikoh oilani vujudga keltiruvchi birdan-bir asos bo‘lib hisoblanadi. Oila kodeksining 37-moddasida nikohning tugatilishi asoslari ko‘rsatil- gan. Ushbu moddaning mazmunida bayon etilishicha nikohning tugatili- shiga quyidagilar asos bo‘ladi:

  1. er-xotindan birining vafoti yoki sud ulardan birini vafot etgan deb e’lon qilishi;

  2. nikohdagi er-xotindan biri yoki har ikkalasining nikohdan ajratish to‘g‘risida bergan arizasi;

v) sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan er yoki xotinning vasiysi bergan arizasi.
Ushbu asoslardan biri mavjud bo‘lsa, er va xotin o‘rtasida tuzilgan nikoh bekor bo‘ladi.
Nikohning tugatilishi deganda aniq sharoitdagi hodisa va boshqa yuridik faktlar – vafot etish, sud ulardan birini vofot etgan deb e’lon qilishi nikohdan ajratish tufayli er-xotin o‘rtasidagi munosabatlarning tugatilishi tushuniladi.
Er-xotinni nikohdan ajratish sud tartibida amalga oshiriladi. Xotin homilador bo‘lgan vaqtda va bola tug‘ilganidan keyin bir yil maboynida er-xotinning roziligisiz nikohdan ajratish to‘g‘risida sudga da’vo taqdim etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Agar xotin rozi bo‘lsa, er nikohni bekor qilish to‘g‘risida sudga da’vo taqdim etishi mumkin.
Voyaga yetmagan bolalari bo‘lmagan er-xotin nikohini bekor qilish- ga o‘zaro rozi bo‘lsalar, ular o‘rtasida nizo bo‘lmasa, nikoh ma’muriy yo‘l bilan FHDYOda bekor qilinadi. Bundan tashqari, Oila kodeksining 43-moddasida bayon etilgan quyidagi asoslar bo‘yicha nikoh, er va xotindan birining arizasi bo‘yicha FHDYO idorasida bekor qilinadi, ya’ni er-xotindan biri:
sud tomonidan bedarak yo‘qolgan deb topilgan bo‘lsa;
sud tomonidan ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa;
sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, o‘rtada voyaga yetmagan bolalari borligidan qat’i nazar, er-xotindan birining arizasiga ko‘ra ular fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikohdan ajratiladi. Qolgan barcha hollarda nikoh sud tartibida bekor qilinadi.
Agar bolalar haqida, er-xotinning birgalikdagi umumiy mol-mulkini bo‘lish xususida yoki yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er (xotin)- ga ta’minot berish uchun mablag‘ to‘lash masalasida nizo mavjud bo‘lsa, ular nikohdan sud tartibida ajratiladi.
Nikohdan sud tartibida ajratish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 40 moddasida ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, nikohdan ajra- tish to‘g‘risidagi ishlar sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro-
lik protsessual kodeksida da’vo ishlarini hal qilish uchun belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Sud ishning ko‘rilishini keyinga qoldirib, er- xotinga yarashish uchun olti oygacha muhlat tayinlashga haqli.
Er va xotin o‘rtasidagi nikohdan sud tartibida ajratish uchun nimalar asos bo‘lishi Oila qonunchiligida aniq ko‘rsatilmaganligi bois, agar sud er va xotin bundan buyon birgalikda yashashi va oilani saqlab qolishning imkoni yo‘q deb topsa, ularni nikohdan ajratadi. Bu holat Oila kodeksi- ning 41-moddasida o‘z ifodasini topgan.
Agar er-xotin o‘rtasida voyaga yetmagan bolalar bo‘lsa, nikohni bekor qilish to‘g‘risidagi bunday ishlar sudga taalluqli bo‘ladi va sud tomoni- dan protsessual qonunchilikda belgilab qo‘yilgan tartibda mazmunan ko‘rib hal qilinadi. Nikohni bekor qilish to‘g‘risidagi da’vo er-xotin yashab turgan joydagi tuman (shahar) sudiga, agar ular boshqa-boshqa joyda yashasalar, javobgar er yoki xotin yashaydigan joydagi sudga taqdim etiladi. Nikohni bekor qilish ishlarini ko‘rishda sud o‘z faoliyatini er-xotinni yarashtirishga va oilaviy vaziyatni sog‘lomlashtirish, eng muhimi, nikoh asosida vujudga kelgan oilani saqlab qolish choralarini ko‘rishga qaratishi lozim. Shu maqsadda sud ishning ko‘rilishini keyinga qoldirib, er-xotinga yarashish uchun 6 oygacha muxlat tayinlashga haqli. Muddat tayinlamasdan nikohni bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Amalda bu davr ichida nikohni bekor qilish to‘g‘risida sudga da’vo taqdim etgan- lar o‘zaro yarashib, da’vo arizalarini qaytarib olish hollari sud amaliyoti- da ko‘p uchraydi. Shuningdek, nizoni ko‘rish tayinlangan kuni sudga kelmaganlarning arizalari ham oqibatsiz qoldiriladi va er-xotin yarashib ketgan hisoblanadi. Sud yarashish uchun berilgan 6 oy muddat ichida er- xotin yashab turgan joydagi o‘z-o‘zini boshqarish organi – mahalla oqsoqollari kengashiga, xotin-qizlar qo‘mitalariga muhokama qilish va ularni yarashtirish uchun ajrim nusxalarini yuborishi mumkin. Agar er va xotin sud belgilagan muddat ichida, ota-ona, qaynona-qaynota yoki mahalla oqsoqollari aralashuvlariga ham quloq solmay, «ajrashaman, birga yashamayman» deb qat’iy turib olgan bo‘lsa, sud bunday er va xotin o‘rtasidagi nikohni bekor qilishga majbur bo‘ladi.
Agar sud er va xotinning bundan buyon birgalikda yashashiga va oilani saqlab qolishga imkoniyat yo‘q deb topsa, ularni nikohdan ajratadi (OK 41-m.)
Oila kodeksining 43-moddasida er va xotindan birining arizasi bo‘yicha FHDYO organlarida nikohdan ajratish asoslari ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra,
voyaga yetmagan bolalari bo‘lmagan er-xotin nikohdan ajratishga o‘zaro rozi bo‘lsalar, ular nikohdan FHDYO organlarida ajratiladi.
Sud nikohdan ajratish haqida hal qiluv qarorini chiqarish paytida er- xotinning har ikkalasi yoki ulardan biri to‘laydigan davlat boji miqdorini va uni to‘lashi lozimligini hal qilishi kerak. Nikohga kirishish vaqtida o‘z familiyasini o‘zgartirgan er yoki xotin, nikohdan ajrashgandan keyin ham shu familiyada qolishi yoki nikohgacha bo‘lgan familiyasiga o‘tishi mumkin.
Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organida nikohdan ajratilganlik ro‘yxatga olingan kundan boshlab tugatiladi.
Nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlar sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida da’vo ishlarini hal qilish uchun belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Sud ishning ko‘rilishini keyinga qoldirib, er-xotinga yarashish uchun olti oygacha muhlat tayin- lashga haqli.
Sud nikohni bekor qilish haqida ariza berish sabablarini, er-xotin o‘rtasida vujudga kelgan munosabatlarni aniqlashi, ularni yarashtirish chora- larini ko‘rishi zarur. «O‘zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan nikoh- dan ajratish haqidagi ishlarni ko‘rishda qonunlarni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qarorining 12-bandida: «Sudya nikohdan ajratish haqidagi arizani qabul qilib, qoidaga ko‘ra javobgarni chaqirishi, uning ushbu arizaga munosabatini aniqlashi, er-xotinni yarashtirish choralarini ko‘rishi shart», deb ta’kidlangan.
Avvalo, hech kimning oilasi buzilmasin. Lekin taqdir taqozosi bilan bu hol yuz bersa, nikohni bekor qilishda xato-kamchiliklar bo‘lmasligi uchun sudlar aniq holatlarni har tomonlama o‘rganib chiqib, ko‘proq oila buzilishining sabablarini aniqlash va bartaraf etish uchun er-xotinning ota-onalarini, zarur bo‘lsa yaqin qarindoshlarini, mahalla oqsoqollarini chaqirib, suhbatlashib, oila buzilishining oldini olishga harakat qilishlari foydadan xoli bo‘lmaydi.
Arzimagan sabablar ham oilani buzilishiga olib kelishi mumkin. Er- xotin ajralishi zamirida qanchadan-qancha begunoh norasidalar tirik yetim bo‘lib qolayotganini unutmasligimiz kerak. Har qancha sa’y- harakat bilan ham oila buzilishining oldini olib bo‘lmasa, sudlarimiz hal qiluv qarorlarida farzandlar kimda qolayotganini, ularni ta’minlash uchun kim, qancha mablag‘ to‘lashi, er-xotinlar orasidagi mol-mulkni bo‘lish kabilarga alohida ahamiyat berishlari kerak.

    1. Yüklə 5,47 Mb.

      Dostları ilə paylaş:
1   ...   127   128   129   130   131   132   133   134   ...   154




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin