Respublikasi ichki



Yüklə 5,47 Mb.
səhifə17/154
tarix25.12.2023
ölçüsü5,47 Mb.
#194966
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   154
3801e3ba156a9d876bcdf91e187071aa Fuqarolik va oila huquqi Darslik

Mulkiy mustaqillik belgisi – yuridik shaxsga ma’lum bir mol-mulkni mulk (xo‘jalik yuritish, operativ boshqaruv) huquqi asosida tegishliligini bildiradi. Ya’ni, FKning 39-moddasidagi yuridik shaxs ta’rifidan kelib chiqadigan bo‘lsak, «o‘z mulkida, xo‘jalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega bo‘lgan»da, tashkilot yuridik shaxs hisoblanadi. Yuridik shaxslarning mol-mulki ularning balans yoki smeta- sida hisobda turadi va FKning 39-moddasi talablariga muvofiq har qanday tashkilotda balans yoki smeta mustaqil bo‘lishi lozim. Davlat tashkilotlari davlatga qarashli mulkka nisbatan to‘la xo‘jalik yuritish yoki operativ boshqarish huquqigagina egadirlar. Xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlari, jamoat tashkilotlari, ularning birlashmalari o‘zlariga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan mulkni egallaydi. Alohida mulkka ega bo‘lmagan yoki mustaqil ravishda boshqara olmaydigan va shu sababli boshqa shaxslar bilan xo‘jalik munosabatlarida bo‘la olmaydigan tashkilotlar fuqarolik huquqining subyekti hisoblanmaydi.
Mustaqil mulkiy javobgarlik – yuridik shaxs o‘z majburiyatlari yuzasidan o‘ziga tegishli bo‘lgan (davlat tashkiloti esa, o‘ziga biriktirib qo‘yilgan) mulki bilan javob beradi. Yuridik shaxs hisoblangan davlat tashkilotlarining majburiyatlari yuzasidan davlat javobgar bo‘lmaydi, bu tashkilotlar ham davlat tashkilotlari majburiyatlari yuzasidan javobgar bo‘lmaydilar. Davlat budjetida turadigan tashkilotlarning qarzini qoplash, mablag‘ berish shartlari va tartibi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadi.
Yuridik shaxsning yuqori organi o‘ziga qarashli yuridik shaxs hisob- langan tashkilotlarning qarzlari yuzasidan javobgar bo‘lmaydi. Ammo yuridik shaxsning yuqori organi o‘ziga bo‘ysunadigan tashkilotning qarzlari uchun qonunda yoki ta’sis hujjatida nazarda tutilgan hollarda javobgar bo‘lishi mumkin. Quyi tashkilotlar ham o‘zlarining yuqori tashkilotlari majburiyatlari yuzasidan javobgar bo‘lmaydi. Yuridik shaxslar o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘zlariga qarashli butun mol-mulki bilan javob beradi. Davlat korxonasining mol-mulki yetarli bo‘lmaganida davlat uning majburiyatlari bo‘yicha subsidiar (qo‘shimcha) javobgar bo‘ladi. Yuridik shaxsning bankrotligi uning mulkdori yoki ta’sischining g‘ayriqonuniy harakatlari tufayli vujudga kelgan bo‘lsa, yuridik shaxs- ning mol-mulki yetarli bo‘lmaganda, uning mulkdori (yoki ta’sischisi) zimmasiga subsidiar javobgarlik yuklatilishi mumkin.
Fuqarolik muomalasida o‘z nomidan harakat qilishi – yuridik shaxs hisoblangan tashkilot o‘z nomidan huquqiy munosabatlarda qatnashib, turli bitimlar tuza olishi, mulkiy va mulkiy xarakterda bo‘lmagan huquq- larga ega bo‘la olishi va majburiyatlar vujudga keltira olishi, demakdir. Yuridik shaxs sudda, iqtisodiy sudda yoki hakamlik sudida mustaqil ravishda da’vogar va javobgar bo‘la oladi.
Yuridik shaxslar quyidagi usullarda vujudga kelishi mumkin:

  1. buyruq (farmoyish) orqali. Muassisning buyrug‘i asosida tashkil etiladigan yuridik shaxslar mazkur usulda vujudga keladi. Bu usulda, odatda, davlat korxonalari tashkil etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki boshqa vakolatli davlat organlarining qaroriga muvofiq tashkil etiladigan korxonalarning vujudga kelishiga mazkur imperativ xarakterdagi farmoyish (qaror, buyruq) korxonani tashkil etish uchun asos bo‘ladi (masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 28-iyundagi PQ-1990-son qaroriga asosan Toshkent davlat yuridik universiteti buyruq asosida tashkil etilgan);

  2. murojaat qilish usuli. Bunda muassislar tomonidan tuzilishi kutilayotgan yuridik shaxslarning vujudga kelish imkoniyati qonun tomonidan oldindan belgilab qo‘yilmagan bo‘ladi. Ya’ni, yuridik shaxsni tashkil etish istagida bo‘lgan shaxs – muassis qonunda taqiqlanmagan istalgan faoliyat turiga ixtisoslashgan hamda xohlagan tashkiliy-huquqiy shakldagi yuridik shaxsni tashkil etishi mumkin. Binobarin, bunday hollarda davlat organi xuddi shunday yuridik shaxsning tashkil etilish va etilmasligining maqsadga muvofiqligini tekshirmaydi, faqat uning ta’sis

hujjatlari qonunga muvofiqligi tekshiriladi. Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 24-maydagi PQ-357-sonli qaroriga asosan tashkil etilayotgan korxonalar (banklar va ommaviy axborot vosita- lari bundan mustasno) aynan murojaat usuli orqali vujudga kelmoqda;

  1. ruxsat olish usuli. Bunday usulda tashkil topadigan yuridik shaxslarning vujudga kelish imkoniyatlari qonunlarda oldindan belgilab qo‘yiladi va binobarin, ularning tashkil bo‘lish-bo‘lmasligi maqsadga muvofiqligi tekshirilmaydi, balki ta’sis hujjatlarining qonunga muvofiq- ligi tekshiriladi, xolos. Hozir yuridik shaxsni tashkil etish maqsadga muvofiq emas, degan vaj bilan ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu bevosita FKning 44-moddasida o‘z ifodasini topgan. Lekin amalda ba’zi korxonalar aynan shu usulda tashkil etilmoqda. Mamlakatimizda tijorat banklari ruxsat olish usulida tashkil etilmoqda («Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 11-moddasi).

Yuridik shaxslar faoliyatining bekor bo‘lishi uni qayta tashkil etish va tugatish asosida amalga oshiriladi. Yuridik shaxslarning bekor bo‘lishi har doim subyektning tugatilishini topishini anglatishi bilan birga ba’zi holatlarda yangi subyektning vujudga kelishi uchun asos sifatida ahamiyatli bo‘ladi. Yuridik shaxslar bekor bo‘lishining birinchi usulida aynan shu holat ro‘y beradi. Qayta tashkil etish orqali yuridik shaxslar bekor qilingan- da vujudga kelgan subyekt oldingi yuridik shaxsning vorisi sifatida e’tirof etilsa-da, u mutlaqo yangi huquq subyekti sanaladi. Qayta tashkil etish qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish, ajratib chiqarish, tashkiliy huquqiy shaklini o‘zgartirish shakllarida amalga oshirilishi mumkin (FK 49-m).
Fuqarolik huquqi nazariyasida yuridik shaxslar bir necha asoslarga ko‘ra turlarga bo‘linadi. Jumladan, mulk shakliga ko‘ra xususiy (xususiy mulkka asoslangan) va ommaviy (davlat mulkiga asoslangan), faoliyat maqsadiga qarab tijoratchi va notijorat, ta’sischilarning ishtirokiga ko‘ra ta’sischilar faqat yuridik shaxslar bo‘lgan (uyushma va assotsiatsiyalar), muassis faqat davlat bo‘lgan (unitar korxonalar) hamda har qanday subyekt muassis bo‘lishi mumkin bo‘lgan korxonalar kabi turlari mavjud. Ayrim hollarda yuridik shaxslar ommaviy, xususiy va ommaviy yuridik shaxsga o‘xshash korxonalar tarzida turkumlanadi.
FKda yuridik shaxslar faoliyatining maqsadiga qarab (tijoratchi tashkilot va tijoratchi bo‘lmagan tashkilot) tasniflanadi (FK 40-m.).
Qonun hujjatlariga muvofiq tijoratchi yuridik shaxslar ham tijoratchi bo‘lmagan yuridik shaxslar ham tadbirkorlik (foyda olishga qaratilgan
faoliyat) faoliyati bilan shug‘ullanishlari mumkin, lekin bunda, tijoratchi yuridik shaxslardan farq qilib tijoratchi bo‘lmagan yuridik shaxslar o‘z tadbirkorlik faoliyatlaridan olgan foydani faqat a’zolarining ehtiyojini qondirish yoki o‘zga mushtarak maqsadni amalga oshirish uchun ishlata- dilar. Olingan foydani boshqa maqsadlarda ishlatilishiga yo‘l qo‘yilmay- di. Shu munosabat bilan tijoratchi bo‘lmagan yuridik shaxslarga nisbatan FK «foyda olishni maqsad qilib qo‘ymagan» degan ibora emas, balki,
«foyda olishni o‘z faoliyatining asosiy maqsadi qilib qo‘ymagan» iborasi belgilangan. Bu esa, tijoratchi bo‘lmagan tashkiloti tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi muayyan foyda ko‘rishi mumkinligini belgilaydi. Faqat- gina tijoratchi bo‘lmagan yuridik shaxslarning asosiy maqsadi (yordamchi yoki boshqa maqsadlar bundan mustasno) foyda olish bo‘lmaydi, xolos.
Tijoratchi bo‘lgan yuridik shaxslar jumlasiga xususiy korxonalar, oilaviy korxonalar, xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari, ishlab chiqarish kooperativlari hamda unitar korxonalar kiradi.
Tijoratchi bo‘lmagan yuridik shaxslar jumlasiga matlubot koopera- tivlari, jamoat birlashmalari, jamoat fondlari va mulkdorlar tomonidan moliyaviy ta’minlab turiladigan muassasalar kiradi. Tijoratchi bo‘lmagan tashkilotlar o‘z ustavida belgilangan maqsadlarga mos keladigan doirada tadbirkorlik faoliyati bilan ham shug‘ullana oladi. Nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy maqomi umumiy asoslarda O‘zbekiston Respublikasining «Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunida o‘z aksini topgan.
FKning 77-moddasiga ko‘ra yuridik shaxslar o‘zlarining faoliyatlari- ni muvofiqlashtirish, shuningdek, mushtarak manfaatlarini ifoda etish hamda himoya etish maqsadida uyushmalar (ittifoq) shaklida birlashma- lar tuzishlari mumkin. Uyushma yuridik shaxs hisoblanib, uning a’zolari o‘z mustaqilligini va yuridik shaxs huquqlarini saqlab qoladilar. Uyush- ma o‘z a’zolarining majburiyatlari bo‘yicha uyushmaning ta’sis hujjat- larida nazarda tutilgan miqdorda va tartibda subsidiar javobgar bo‘ladi.



Yüklə 5,47 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   154




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin