3801e3ba156a9d876bcdf91e187071aa Fuqarolik va oila huquqi Darslik
Nazorat uchun savollar va topshiriqlar:
Fuqarolik huquqi subyektlarini tushuntiring.
Fuqarolik huquqi nuqtayi nazaridan jismoniy shaxsga ta’rif bering va uning boshqa huquq sohalaridagi subyektliligi bilan qiyosiy tahlil eting.
Qonun hujjatlarida ayrim mol-mulklar, jumladan, qabristonlar davlat tasarrufidan chiqarilmaydigan va xususiylashtirilmaydigan obyektlar sirasi- ga kiritilgan. Buni qanday izohlaysiz?
Qanday bitim turlarini bilasiz, birja bitimlarini boshqa bitim turlaridan farqi bormi, ular haqida nimalarni bilasiz?
Davlat imtixonida B.M.Qosimovga davlat va jismoniy shaxs o‘rtasida tuzilgan bitimlarning mohiyati to‘g‘risida savol tushadi. Berilgan savollarga javob berar ekan, B.M.Qosimov bu ikki subyekt o‘rtasida bitim tuzilishi mumkin emas, buning sababi FKning 101-moddasida davlatning bitim tuzishga haqli ekanligi to‘g‘risida tushuncha yo‘q deya javob beradi. U o‘z savoliga qo‘shimcha ravishda javob berar ekan, davlat bilan jismoniy shaxslar shartnomalar tuzishi mumkin, lekin bitim tuza olmaydi, degan xulosaga keladi. Javobni sharhlang va unga o‘z munosabatingizni bildiring? FKning 101-moddasi talablaridan kelib chiqib masalaga oydinlik kiriting.
bob. VAKILLIK VA ISHONCHNOMA. FUQAROLIK HUQUQIDA MUDDATLAR
«Vakillik» tushunchasi, ahamiyati va uning turlari
Vakillik asosida ishonch bildiruvchi (vakolat beruvchi) bilan vakil o‘rtasidagi munosabat o‘zining mazmun va mohiyatiga ko‘ra fuqarolik- huquqiy munosabatdir.
Vakillik va ishonchnoma masalasi fuqarolik-huquqiy normalar bilan tartibga solinadigan muhim ahamiyatga ega huquqiy masalalardan biri hisoblanadi. Har qanday muomala layoqatiga ega bo‘lgan shaxs vakilga ega bo‘lish huquqiga ega. Muomala layoqatiga ega bo‘lgan shaxslar o‘zlari tanlagan vakillar orqali shaxsan o‘zi tuzadigan va qonunda ko‘rsatilgan hollardan tashqari boshqa bitimlarni tuzishlari mumkin.
Vakillik ishonchnomaga, qonunga, sud qaroriga yoki vakil qilingan davlat organining hujjatiga asoslangan holda vujudga keladi. Bu munosabat- da bir tomondan (vakolat beruvchi) va ikkinchi tomondan (vakil) ishtirok etadi. Vakillikdan ko‘zlangan maqsad vakilning o‘ziga berilgan vakolat doirasida vakolat beruvchi nomidan uning foydasiga boshqa uchinchi shaxslar bilan bitimlar tuzish bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshirishdir. Fuqarolik kodeksining 10-bobi «Vakillik va ishonchnoma» deb nomlanadi. Ushbu bobda vakillik bilan bog‘liq bo‘lgan barcha huquqiy masalalar 129- 144-moddalarida o‘z ifodasini topgan. FKning 129-moddasida vakillikka huquqiy tushuncha beriladi. Unga ko‘ra, ishonchnomaga, qonunga, sud qaroriga yoki vakil qilingan davlat organining hujjatiga asoslangan vakolat bilan bir shaxs (vakil) tomonidan boshqa shaxs (vakolat beruvchi) nomidan tuzilgan bitim vakolat beruvchiga nisbatan fuqarolik huquq va majburiyat- larini bevosita vujudga keltiradi, o‘zgartiradi va bekor qiladi (FK 129-m.).
Yuqoridagi ta’rifdan ko‘rinib turibdiki, har doim vakil o‘zining nomidan emas, vakolat beruvchining nomidan bitim tuzish bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshiradi. Shuning uchun vakilning harakatlari o‘zi uchun emas, vakolat beruvchida fuqarolik huquqlari va majburiyatlarini vujudga keltiradi, o‘zgartiradi va bekor qiladi. Vakil yuridik harakatlarni amalga oshirish vakolatini ishonchnomaga, qonunga, sudning qaroriga yoki davlat organining hujjatiga asosan amalga oshiradi.
Vakil vakolat beruvchi tomonidan o‘ziga berilgan vakolatlar doirasida uning nomidan va uning foydasiga bitimlar tuzadi. Vakilni vakolat beruv- chining vakolatlari doirasidan tashqari chiqib yoki vakolatni suiiste’mol qilib amalga oshirgan harakatlari va tuzgan bitimlari unga vakolat bergan shaxs uchun hech qanday huquq va majburiyatni vujudga keltirmaydi, o‘zgartir- maydi, bekor ham qilmaydi. FK 132-moddasiga asosan, vakolat bergan shaxs tomonidan bitimning keyinchalik ma’qullanishi bundan mustasno.
Shu o‘rinda e’tirof etish kerakki, o‘z xarakteriga ko‘ra shaxsan tuzilishi mumkin bo‘lgan va qonunda ko‘rsatilgan bitimlar vakillik orqali tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Masalan, nikoh tuzish yoki vasiyat tuzishni vakillik orqali amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Vakil o‘ziga vakolat bergan shaxs nomidan shaxsan o‘ziga nisbatan ham, u ayni bir vaqtda vakili bo‘lgan boshqa bir shaxsga nisbatan ham bitimlar tuzishi mumkin emas. Tijorat vakilligi bo‘lgan hollar bundan mustasno.
Vakillikning mohiyati shundaki, unga asoslanib tuzilgan bitimlar faqat vakolat beruvchi uchungina muayyan huquq va majburiyatlarni keltirib chiqaradi, o‘zgartiradi va bekor qiladi. Vakilning shaxsan o‘zi esa bitimlar yuzasidan hech qanday huquq va majburiyatlar olmaydi.
Vakillik orqali huquq va muomala layoqatini amalga oshirish, ya’ni huquqlar olish va majburiyatlarni bajarish mumkin bo‘lganligi sababli, vakillarning xizmatiga ham fuqarolar, ham yuridik shaxslar birdek muhtoj bo‘ladilar. Masalan, fuqaro o‘ziga qarashli uy-joyni vakil orqali boshqarishi yoki sotishi, tashkilotlar esa vakillar orqali bir-birlari bilan turli shartnomalar tuzishlari mumkin.
Muomalaga layoqatli fuqarolargina vakil bo‘lishlari, ya’ni vakillik qilishlari mumkin. Ayrim hollarda istisno sifatida o‘n olti yoshga to‘lib, pasport olgan va emansipatsiya asosida to‘la muomala layoqatiga ega bo‘lgan fuqaro ham vakil bo‘lishi mumkin.
Fuqarolarning faqat bir-birlari uchun emas, balki ba’zi hollarda, tashkilotlar uchun ham vakil bo‘lishlariga qonun yo‘l qo‘yadi. Masalan, savdo va ta’minot bo‘limlarining agentlari, mahsulot tayyorlovchi vakil va boshqa xodimlar tashkilotlarning vakillari sifatida ish bajaradilar.
Yuridik shaxs faqat o‘z ustavida nazarda tutilgan hollarda yoki o‘z faoliyatining xarakteriga muvofiq bo‘lgandagina fuqarolarning vakili yoki boshqa yuridik shaxsning vakili sifatida harakat qilishi mumkin.
Sudda voyaga yetmagan shaxslar, vasiylik va homiylik ostidagi shaxslar fuqarolarning vakillari sifatida qatnasha olmaydilar. Sudyalar,
tergovchilar va prokurorlar qonuniy vakil sifatida (ota-onalar, farzandlikka olganlar, vasiylar, homiylar), shuningdek, tegishli sud yoki prokuratura- ning vakili sifatida qatnashish hollaridan tashqari, sudda vakil bo‘la olmaydilar (FPK 5-m.).
Vakolat beruvchi har qanday shaxs (muomalaga layoqatli va muomalaga layoqatsiz fuqarolar ham), shuningdek, yuridik shaxs ham bo‘lishi mumkin.