Respublikasi ichki


Oldi-sotdi shartnomasining predmeti, bahosi va muddatlari



Yüklə 5,47 Mb.
səhifə66/154
tarix25.12.2023
ölçüsü5,47 Mb.
#194966
1   ...   62   63   64   65   66   67   68   69   ...   154
3801e3ba156a9d876bcdf91e187071aa Fuqarolik va oila huquqi Darslik

Oldi-sotdi shartnomasining predmeti, bahosi va muddatlari


Oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha erkin suratda boshqa shaxslarga berilishi mumkin bo‘lgan, fuqarolik muomalasidan tashqari chiqarilma- gan har qanday ashyolar tovar bo‘lishi mumkin.
Fuqarolik muomalasidan chiqarilgan obyektlar olish-sotish predmeti bo‘la olmaydi. Shuningdek, sotilishi hamda sotib olinishi mumkin bo‘l-
magan davlat mol-mulk turlarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi- ning1991-yil 19-noyabrdagi 425-XII-son «Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasida ko‘rsatilgan. Bunga davlat mutlaq mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan obyektlar, tarixiy-madaniy va tabiiy meros obyektlari, harbiy-texnikaviy mol-mulk, harbiy qurol-yarog‘lar, portlovchi va radioaktiv moddalar, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, qabriston va shu kabi obyektlar kiradi. Ayrim obyektlar fuqarolik muomalasida cheklangan harakatda bo‘ladi. Ularni maxsus ruxsat olish asosida sotib olish yoki sotish mumkin (masalan, kuchli narkotik dorilar faqat maxsus retsept asosida, ro‘yxatda qayd etilib sotiladi).
Tovar sifatidagi ashyolar xususiy alomatlar bilan belgilangan ashyo- lar yoxud jismiy alomatlari bilan belgilangan ashyolar yoki ko‘chmas mol-mulk bo‘lishi mumkin.
Valuta qiymatlarini olish-sotish davlatning vakolatli idoralari tomo- nidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Mamlakatimiz ichki savdo muomalasida sotilgan tovarlar uchun haq chet el valutasida emas, balki umumiy qoida tarzida so‘mda amalga oshiriladi. Sotilgan tovar haqini chet el valutasida to‘lashga davlatning vakolatli idoralari tomonidan belgilangan tartibda va hollardagina yo‘l qo‘yiladi. Qimmatli qog‘ozlarni olish-sotish, ayrim turdagi oldi-sotdi (chakana oldi-sotdi, tovarlar yetka- zib berish, energiya ta’minoti, korxonani sotish, ko‘chmas mol-mulklarni sotish) maxsus belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Masalan, qimmatli qog‘ozlarni oldi-sotdi jarayoni O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 3-iyundagi O‘RQ-387-son «Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida»gi qonun bilan tartibga solinadi.
Qonun oldi-sotdi shartnomasi predmeti doirasiga ashyolar, valuta qimmatliklari, qimmatli qog‘ozlar bilan birga mulkiy huquqlarni ham kiritadi. Boshqacha aytganda, FKning 29-bob oldi-sotdi shartnomasi to‘g‘risidagi umumiy qoidalar nomli 1-paragrafi normalari mulkiy huquqlarni sotishga nisbatan qo‘llanadi, agar ushbu huquqlar mazmuni yoki mohiyatidan boshqacha hol kelib chiqmasa (FK 386-m. 5-q.). Albatta mulkiy huquqlar doirasi nihoyatda keng va rang-barangdir. Amaliyotda ba’zi mulkiy huquqlarni haq evaziga boshqa shaxsga o‘tka- zish holatlari uchraydi. Ular orasida keng tarqalgani intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlarni sotish hisoblanadi.
Majburiyat bilan bog‘liq huquqlarni oldi-sotdi predmeti bo‘lishi uchun quyidagilar talab etiladi:
birinchidan, sotuvchining o‘z-o‘ziga nisbatan mulkiy huquqlari shartnoma predmeti bo‘la olmaydi;
ikkinchidan, shartnomaning predmeti faqat mulkiy huquq (majbu- riyat emas) bo‘lishi lozim (korxona oldi-sotdisi bundan mustasno);
uchinchidan, shartnomalar va shartnomalardan tashqari majburiyat- lardan kelib chiquvchi talab qilish huquqi natural (asl holicha) bo‘lishi kerak (binobarin, pul bo‘yicha to‘lovni undirish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish oldi-sotdi bo‘lib hisoblanmaydi).
Oldi-sotdi shartnomasi, agar qonunda boshqacha hol belgilangan bo‘lmasa yoki u tovarning xususiyatidan kelib chiqmasa, shartnomani tuzish paytida sotuvchida mavjud bo‘lgan tovarni, shuningdek, kelajakda sotuvchi yaratadigan yoki oladigan tovarni olish-sotish haqida ham tuzilishi mumkin.
Shartnomaning tovar haqidagi sharti uning asosiy va muhim sharti bo‘lib, busiz shartnoma mavjud bo‘la olmaydi. Agar shartnoma tovarning nomi va miqdorini aniqlash imkonini bersa, tovar to‘g‘risidagi oldi-sotdi shartnomasining sharti kelishilgan hisoblanadi.
Oldi-sotdi shartnomasida baho xaridor tomonidan sotib olinayotgan tovar uchun sotuvchiga to‘lanadigan ma’lum miqdordagi pul summasi- dir. Agarda xaridor olinayotgan tovar evaziga sotuvchiga pul emas, balki ashyoni topshirsa yoxud ma’lum xizmat ko‘rsatishni, ish bajarishni o‘z zimmasiga olsa yoxud tekin olish nazarda tutilgan bo‘lsa, u holda olish- sotish hisoblanmaydi.
Oldi-sotdi shartnomasida tovarning bahosi taraflarning kelishuvi bilan belgilanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda tegishli vakolatga ega bo‘lgan davlat organlari belgilaydigan yoki tartibga soladigan baholar (tariflar, rassenkalar, stavkalar va shu kabilar) qo‘llaniladi (FK 356-m. 2-q.). Masalan, ayrim turdagi tovarlar faqat bir yoki cheklangan doira- dagi bir necha korxonalar tomonidan ishlab chiqarilishi va bu korxonalar o‘zlarining bunday ustun, monopol mavqeidan foydalanib, tovarlar bahosini belgilashda suiiste’molliklar qilishi mumkin. Shu sababli ham 2012-yil 6-yanvardagi «Raqobat to‘g‘risida»gi, 1999-yil 19-avgustdagi
«Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida»gi (yangi tahrirdagi) qonun va shu kabi qonunlarda tovarlar narxi belgilab qo‘yilishi mumkin, biroq bozor munosabatlari tizimida ko‘pchilik tovarlarning bahosi taraflar tomonidan o‘zaro kelishuv asosida belgilanadi.
To‘lovni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan harakatlarni amalga oshirish xaridor hisobidan amalga oshiriladi (FK 418-m. 1-q.). Masalan,
pulni pochta orqali yuborish, sotuvchining bank hisob raqamiga o‘tka- zish xarajatlari va hokazo.
Tovarning bahosi uning og‘irligiga qarab belgilanadigan bo‘lsa, agar shartnomada boshqacha holat belgilanmagan bo‘lsa, u sof og‘irligi (netto) bo‘yicha aniqlanishi lozim, bunda tovarning idish yoki o‘rov holidagi og‘irligi (brutto) asos bo‘lib hisoblanmaydi.
Agar oldi-sotdi shartnomasida tovarning bahosi uni belgilaydigan ko‘rsatkichlar (tannarx xarajatlar va hokazolar)ga qarab o‘zgartirilishi lozimligi nazarda tutilgan bo‘lsa, ammo shu bilan birga, bahoni qayta ko‘rib chiqish usuli belgilangan bo‘lmasa, baho ushbu ko‘rsatkichlarning shartnoma tuzilgan paytdagi va tovarni topshirish paytidagi o‘zaro nisbati- dan kelib chiqqan holda belgilanadi. Masalan, oldi-sotdi shartnomasi may oyida tuzildi, tovar xaridorga oktabr oyida topshirildi. Mana shu vaqt oralig‘ida tovarning bahosi 20 foizga qimmatlashdi. Binobarin, bunday holda birlamchi baho va oxirgi baho o‘rtasidagi nisbat hisobga olinmog‘i lozim.
Sotuvchi tovarni topshirish majburiyatini kechiktirib yuborganida baho tovarni shartnoma bo‘yicha topshirish lozim bo‘lgan vaqtdagi baho bo‘yicha to‘lanadi.
Shartnoma tuzilgandan keyin bahoni o‘zgartirishga qonun hujjatlari, shartnomada nazarda tutilgan holatlarda va shartlarda yo‘l qo‘yiladi.
Baho haqida kelishuv shartnomaning muhim shartidir. Bunday kelishuvga erishilmaganida shartnoma tuzilmagan hisoblanadi. Baho nazarda tutilmagan va shartnoma shartlari bo‘yicha belgilanishi mumkin bo‘lmagan hollarda baho xuddi tovarlar uchun to‘lanadigan narxlar bo‘yicha belgilanadi. Ushbu qoida FK 356-modda 3-qismi mazmunidan kelib chiqadi. Mazkur hollarda, garchi shartnomada baho haqida kelishuv mavjud bo‘lmasa ham, taraflar bunday kelishuvga erishgani haqidagi prezumpsiya amal qiladi.
Oldi-sotdi shartnomasini ijro etish muddati taraflarning o‘z majbu- riyatlarini amalga oshirish vaqti bilan belgilanadi. Bunday muddat qonun hujjatlarida yoxud taraflarning kelishuvi bilan aniqlanadi.



Yüklə 5,47 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   62   63   64   65   66   67   68   69   ...   154




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin