Nazorat uchun savollar va topshiriqlar:
Bozor munosabatlari sharoitida shartnomaning ahamiyati qanday?
Shartnoma bilan bitimning farqi nimalardan iborat?
Shartnomaning turlari va mazmuni qanday bo‘ladi?
Shartnomalarning shakli deganda nimalarni tushunasiz?
Shartnomani tuzish tartibi va bosqichlari haqida so‘z yuriting.
Shartnomalarni o‘zgartirish va bekor qilish asoslariga nimalar kiradi?
Haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasi va huquqiy belgilari nimalardan iborat?
Haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasida tomonlarning huquq va majburiyatlari qanday bo‘lishi mumkin?
Haq evaziga axborot xizmati ko‘rsatish shartnomasi va uning ahamiyati haqida so‘z yuriting.
bob. OLDI-SOTDI, AYIRBOSHLASH VA HADYA SHARTNOMALARI
«Oldi-sotdi shartnoma» tushunchasi, belgilari va turlari
Oldi-sotdi shartnomasi insoniyat tomonidan eng qadim zamonlardan buyon qo‘llanib kelinayotgan shartnomalardan biri hisoblanadi. Jamiyat- da tovar-pul munosabatlari qaror topishi bilan turli kasb-hunar kishilari mazkur shartnoma orqali boshqa kasb-hunar kishilarining mehnati mahsulotlarini sotib olib, iste’mol qilish va ayni vaqtda, o‘z mehnatlari mahsulotlarini sotish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha bir taraf (sotuvchi) tovarni boshqa taraf (sotib oluvchi)ga mulk qilib topshirish majburiyatini, sotib oluvchi esa bu tovarni qabul qilish va buning uchun belgilangan pul summasini (bahosini) to‘lash majburiyatini oladi (FK 386-m. 1-q.).
Oldi-sotdi shartnomasi o‘z huquqiy tabiati bo‘yicha mol-mulkka nisbatan mulk huquqi yoxud mulkiy huquqlarni bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tkazish bo‘yicha majburiyatlar turkumiga kiradi.
Ayni vaqtda ushbu shartnomani boshqa o‘xshash shartnomalardan ajratib turuvchi huquqiy belgilari mavjud bo‘lib, unga quyidagilar kiradi: birinchidan, oldi-sotdi shartnomasi haq baravariga tuziladigan (pulli) shartnoma hisoblanadi. Bunda har doim sotuvchi topshiradigan mol- mulk (tovar) evaziga sotib oluvchi muayyan miqdorda pul (so‘m, valuta)
bilan belgilangan haq to‘laydi;
ikkinchidan, oldi-sotdi shartnomasi konsensual shartnomalar guruhi- ga mansub. Boshqacha aytganda, bu shartnoma bo‘yicha taraflar o‘rtasi- dagi huquq va majburiyatlar shartnomaning barcha muhim shartlari to‘g‘risida o‘zaro kelishilgan va shartnoma tegishli shaklda rasmiylashti- rilgan vaqtdan boshlab vujudga keladi;
uchinchidan, shartnoma munosabatlari tarkibiga ko‘ra, u ikki tomon- lama shartnoma hisoblanadi. Yuqorida Fuqarolik kodeksida mustahkam- lab qo‘yilgan shartnomaga berilgan ta’rifdan ham ko‘rinib turibdiki, ushbu shartnomada ikki taraf – sotuvchi va sotib oluvchi qatnashadi va har ikkala taraf ma’lum huquq hamda majburiyatlarga ega bo‘ladi: sotuv- chi ashyoni topshirish burchini va buning uchun haq olish huquqini oladi, oluvchi esa ashyo (tovar) qiymatini to‘lashi lozim va sotilgan ashyoning o‘ziga topshirilishini talab qilish huquqini oladi.
Ayni vaqtda shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha sotilgan ashyo (tovar)ga nisbatan mulk huquqi sotuvchidan sotib oluvchiga o‘tadi va bu holat shartnomaning eng asosiy belgisi sanaladi. Bunda tovarlar muomalasida bevosita tovar egalari, ya’ni bu tovarlarni tasarruf qilishga haqli bo‘lgan shaxslar ishtirok etadilar.
Bozor munosabatlari tizimida oldi-sotdi shartnomasi xo‘jalik yurituv- chi turli subyektlar o‘rtasida munosabatlarni rasmiylashtirishning eng muhim huquqiy vositalaridandir. Ayni vaqtda, u kishilarning kundalik turmushida ko‘p qo‘llaniladigan shartnoma sifatida ham e’tirof etiladi.
Oldi-sotdi shartnomasi savdo munosabatlarining xususiyatlariga va shakllariga qarab, bir necha turlarga bo‘linadi: ulgurji savdo; chakana savdo; kim oshdi savdosi; nasiyaga tovarlarni sotish va hokazo. Shart- noma predmeti bo‘yicha esa u turarjoylar, korxona, ko‘chmas mulk, qim- matli qog‘ozlarning oldi-sotdi shartnomalari, mahsulot yetkazib berish, kontraktatsiya, energiya ta’minoti va shu kabi shartnomalarga bo‘linadi.
Oldi-sotdi shartnomasidan nafaqat mamlakat ichki muomalasida, balki tashqi iqtisodiy munosabatlarda ham keng foydalaniladi. Shu sababli ham xalqaro tashkilotlar tomonidan uning huquqiy negizlari shakllantiri- lishiga alohida ahamiyat berilmoqda. Jumladan, 1980-yilda Venada qabul qilingan BMTning Tovarlarning xalqaro oldi-sotdi shartnomalari haqidagi konvensiyasi, savdo-sotiqda qo‘llaniladigan «Inkoterms» atama- larini talqin etish bo‘yicha xalqaro qoidalar, shuningdek, iste’molchilar- ning huquqlari haqida xalqaro-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilgan.
Vena Konvensiyasi xalqaro savdo-sotiqda ko‘pchilik tomonidan qo‘llaniladigan o‘ziga xos umumiy (universal) huquqiy hujjat bo‘lib, unda umumiy huquq va qit’a huquqi tizimlarini savdo-sotiq bo‘yicha shartnomalarining turlicha yondashuvlarini, ziddiyatlarini yumshatib, huquqiy-texnik jihatdan murosaga keltirish va umumiy qoidalar ishlab chiqilishiga erishilgan.
Vena Konvensiyasi turli mamlakatlardagi subyektlar o‘rtasidagi tovarlar oldi-sotdisini tartibga solishga qaratilgan umumiy va yagona me’yorlarni o‘zida mujassamlaydi.
Konvensiya, asosan, tadbirkorlik sohasidagi xalqaro oldi-sotdi shart- nomalarini tartibga soladi, shu sababli ham shaxsiy, oilaviy yoxud uyda foydalanish uchun tovarlar xarid qilishda qo‘llanilmaydi. Ayni vaqtda Konvensiya undiruvga qaratilgan mol-mulkni auksionlarda sotishga, qim- matli qog‘ozlar, aksiyalar, ta’minlov qog‘ozlari va muomala hujjatlari,
suv transporti va havo transporti kemalari, elektr energiyasi sotib olishga nisbatan ham qo‘llanilmaydi.
Vena Konvensiyasi faqat oldi-sotdi shartnomasining tuzilishini va ushbu shartnoma asosida taraflarda huquq va majburiyatlar vujudga kelishini tartibga soladi.
Konvensiyaning 11-moddasiga asosan, oldi-sotdi shartnomasi yozma shaklda tuzilishi shart qilib qo‘yilmagan, umuman, shartnoma shakliga nisbatan talablar mavjud emas. Shartnomaning mavjudligi yo‘l qo‘yiladi- gan dalillarning barchasi, shu jumladan, guvoh ko‘rsatuvlari orqali ham isbotlanishi mumkin.
Dostları ilə paylaş: |