Respublikasi ichki



Yüklə 5,47 Mb.
səhifə61/154
tarix25.12.2023
ölçüsü5,47 Mb.
#194966
1   ...   57   58   59   60   61   62   63   64   ...   154
3801e3ba156a9d876bcdf91e187071aa Fuqarolik va oila huquqi Darslik

konsensual shartnomalarga bo‘linadi.
Real shartnomalar bo‘yicha huquq va majburiyatlar taraflar o‘zaro kelishgan va shartnoma obyekti ashyo yoki pul topshirilgan paytdan vujudga keladi.
«Real» so‘zi lotincha «res» so‘zidan olingan bo‘lib, «ashyo» ma’nosini bildiradi. Real shartnomaga misol tariqasida hadya, qarz, tekin foydalanish, omonat saqlash shartnomalarini ko‘rsatish mumkin.
Konsensual shartnomalar bo‘yicha huquq va majburiyatlar taraf- larning kelishuvlari va shartnomani qonun bilan talab qilingan shaklda rasmiylashtirganlari zahoti paydo bo‘ladi. «Konsensual» so‘zi lotincha
«consensus» so‘zidan olingan bo‘lib, «kelishuv» ma’nosini bildiradi. Konsensual shartnomaga misol qilib oldi-sotdi, pudrat, mulkni ijaraga berish kabi shartnomalarni ko‘rsatish mumkin. Aytish mumkinki, fuqaro- lik huquqida aksariyat ko‘pchilik shartnomalar konsensual shartnomalar guruhiga kiradi.
Shuningdek, shartnomalar ommaviy shartnoma, qo‘shilish shartnomasi va dastlabki shartnoma kabi turlarga ham bo‘linadi.
Tashkilot tomonidan tuzilgan hamda uning bunday tashkilot o‘z fao- liyati xususiyatiga ko‘ra o‘ziga murojaat qiladigan har bir shaxsga nisbatan amalga oshirishi shart bo‘lgan tovarlar sotish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi vazifalarini (chakana savdo, umumiy foydalanishdagi transportda yo‘lovchi tashish, aloqa xizmati, energiya bilan ta’minlash, tibbiy xizmat, mehmonxona xizmati va shu kabilar) belgilab qo‘yadigan shartnoma ommaviy shartnoma deyiladi. Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari bunday tashkilot omma- viy shartnoma tuzishda bir shaxsni boshqa shaxsga nisbatan afzal ko‘rishga haqli emas.
Tovarlar, ishlar va xizmatlarning bahosi, shuningdek, ommaviy shartnomaning boshqa shartlari hamma iste’molchilar uchun bir xil qilib belgilanadi, qonun hujjatlarida iste’molchilarning ayrim toifalari uchun imtiyozlar berilishiga yo‘l qo‘yiladigan hollar bundan mustasnodir. Tashkilotning iste’molchiga tegishli tovarlarni berish, xizmatlar ko‘rsa- tish, uning uchun tegishli ishlarni bajarish imkoniyati bo‘la turib omma- viy shartnoma tuzishdan bosh tortishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Tashkilot
ommaviy shartnoma tuzishdan asossiz bosh tortganida xaridor (mijoz) uni sud orqali shartnoma tuzishga majbur qilish imkoniyatiga ega (FK 358-modda). Haq evaziga xizmat ko‘rsatish, yo‘lovchi tashish kabi shart- nomalarni ommaviy shartnomalarga misol tariqasida keltirish mumkin.
Qonunda nazarda tutilgan hollarda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati ommaviy shartnomalarni tuzish va bajarishda taraflar uchun majburiy bo‘lgan qoidalar (namunaviy shartnomalar, qoidalar va h.k.) chiqarishi mumkin (masalan, qo‘riqlash shartnomasi).
Shartlarini taraflardan biri formulyarlar yoki boshqa standart shakl- larda ta’riflagan hamda ikkinchi taraf faqat taklif qilingan shartnomaga butunlay qo‘shilish yo‘li bilan qabul qilishi mumkin bo‘lgan shartnoma qo‘shilish shartnomasi deyiladi. Agar qo‘shilish shartnomasi garchi qonun hujjatlariga zid bo‘lmasa-da, biroq qo‘shiluvchi tarafni odatda ana shunday turdagi shartnomalar asosida beriladigan huquqlardan mahrum etsa, ikkinchi tarafning majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarligini istisno etsa yoki cheklasa yoxud unda qo‘shilgan taraf uchun ochiqdan- ochiq og‘ir bo‘lgan, bu tarafda shartnoma shartlarini belgilashda qatna- shish imkoniyati bo‘lganida u o‘zining manfaatlarini ko‘zlab qabul qil- maydigan shartlar yozib qo‘yilgan bo‘lsa, shartnomaga qo‘shilgan taraf shartnomani bekor qilishni yoki o‘zgartirishni talab qilishga haqli.
Odatda, bunday shartnomalar mazmuni hamma uchun deyarli bir xil bo‘lib, oldindan belgilab qo‘yiladi va mijoz uning shartlarini boshqacha tuzishni taklif etish imkoniyatiga ega emas. Bunday shartnomalarga misol qilib, haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomalarini aytish mumkin.
Dastlabki shartnoma bo‘yicha taraflar kelgusida mol-mulk berish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish haqida dastlabki shartnomada nazarda tutilgan shartlar asosida shartnoma tuzish (asosiy shartnoma) majburiyatini oladilar. Dastlabki shartnoma asosiy shartnoma uchun bel- gilangan shaklda bo‘ladi, bordi-yu, asosiy shartnomaning shakli aniqlan- magan bo‘lsa, yozma shaklda tuziladi. Dastlabki shartnomaning shakli to‘g‘risidagi qoidalarga rioya qilmaslik uning haqiqiy sanalmasligiga sabab bo‘ladi.
Dastlabki shartnomada asosiy shartnomaning obyekti, shuningdek, boshqa muhim shartlarini belgilab qo‘yish imkonini beradigan shartlar bo‘lishi kerak. Dastlabki shartnomada taraflar qancha muddatda asosiy shartnomani tuzish majburiyatini olishi ko‘rsatiladi. Agar dastlabki shart- nomada bunday muddat belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, asosiy shartnoma
dastlabki shartnoma tuzilgan paytdan boshlab bir yil ichida tuzilishi shart.
Agar taraflar asosiy shartnomani tuzishlari lozim bo‘lgan muddat- ning oxirigacha u tuzilmasa yoki taraflarning birontasi ham ikkinchi tarafga ana shunday shartnoma tuzish haqida taklif yubormasa, dastlabki shartnomada nazarda tutilgan majburiyatlar bekor bo‘ladi. Birjalarda tuziladigan turli xil shartnomalar, jumladan, forvard, fyuchers, opsion bitimlar – dastlabki shartnomalardir.
Ayrim hollarda shartnoma uchinchi shaxs foydasiga tuzilishi ham mumkin. Taraflar qarzdor ijroni kreditorga emas, balki shartnomada ko‘rsatilgan yoki ko‘rsatilmagan, qarzdordan majburiyatni o‘z foydasiga bajarishni talab qilish huquqiga ega bo‘lgan uchinchi shaxsga bajarishi majbur deb belgilab qo‘ygan shartnoma uchinchi shaxs foydasiga tuzil- gan shartnoma deyiladi.
Agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada o‘zgacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, uchinchi shaxs shartnoma bo‘yicha o‘z huquqidan foydalanish niyatini qarzdorga bildirgan paytdan boshlab taraflar o‘zlari tuzgan shartnomani uchinchi shaxsning roziligisiz bekor qilishlari yoki o‘zgartirishlari mumkin emas. Qarzdor kreditorga qarshi qo‘yishi mumkin bo‘lgan e’tirozlarini shartnomada uchinchi shaxsning talablariga qarshi qo‘yishga haqli.
Uchinchi shaxs shartnoma bo‘yicha o‘ziga berilgan huquqdan foydalanishdan voz kechgan taqdirda, basharti qonun hujjatlari va shartnomaga zid bo‘lmasa, kreditor bu huquqdan foydalanishi mumkin. Uchinchi shaxs foydasiga tuzilgan shartnomaga misol qilib sug‘urta shartnomasini ko‘rsatish mumkin.
Shuningdek, yuqorida ta’kidlaganimizdek, taraflar faqat xo‘jalik yurituvchi subyektlar hisoblangan xo‘jalik shartnomalari ham mavjud. Ular o‘ziga xos xususiyatlari, taraflari va ularning huquq va majburiyatlari, tuzish va rasmiylashtirish tartibi va boshqa jihatlari bilan ajralib turadi.
Xo‘jalik shartnomasi deb, taraflardan biri shartlashilgan muddatda tadbirkorlik faoliyati sohasida tovarlarni berish, ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish majburiyatini oladigan, ikkinchi taraf esa tovarlarni, ishlarni, xizmatlarni qabul qilib olish va ularning haqini to‘lash majbu- riyatini oladigan kelishuvga aytiladi.
Bundan tashqari, ichki xo‘jalik shartnomasi ham borki, u qoida tariqasida, xo‘jalik yurituvchi subyekt va uning tarkibiy bo‘linmalari
o‘rtasida yoki xo‘jalik yurituvchi subyekt va uning xodimi (bir guruh xodimlari) o‘rtasida tuziladi.
Xo‘jalik shartnomalari bilan bog‘liq maxsus normalar O‘zbekiston Respublikasining «Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shart- nomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida»gi qonunida o‘z aksini topgan1.
Yuridik shaxslar, shuningdek, yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan jismoniy shaxslar xo‘jalik shartnomalarining subyektlari (taraflari) bo‘ladi. Shuningdek, xo‘jalik shartnomasi o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, ular quyidagilardir:

  • shartnoma faqat tadbirkorlik faoliyati sohasida, ya’ni foyda olish maqsadida;

  • shartnoma yuridik shaxslar va yakka tartibda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar o‘rtasida;

  • shartnoma tovarlar berish, ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsa- tish to‘g‘risida;

  • shartnoma faqat yozma tarzda tuziladi2.

    1. Yüklə 5,47 Mb.

      Dostları ilə paylaş:
1   ...   57   58   59   60   61   62   63   64   ...   154




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin