Yahudiylikda diniy marosim va bayramlar juda ham ko‘p bo‘lib, ularning ahamiyat darajasi bir-biridan anchagina farq qiladi. Ular o‘zlarining Yahvega nisbatan sodiqliklarini isbotlash uchun bir necha rasm-rusumlarni ijro etadilar. Ular yillik va kunlik ibodat, bayram va marosimlardan iborat bo‘lib, yahudiylikdagi yil hisobi bo‘yicha o‘tkaziladi.
Rosh Ashona (Rosh ha Shana). Yahudiy milliy taqvimiga ko‘ra yangi yil bayrami Tishri oyining birinchi va ikkinchi kunlarida nishonlanadi. Ushbu bayram yangilanishni ifodalab, ibodat bilan o‘tkaziladi. Bu kunlarda o‘yin-kulgu qilinmaydi, aksincha 10 kun davomida tavba qilib, istig‘for aytiladi.
Pesax (Pasxa)yillik bayramlar orasida eng e’tiborlisi bo‘lib, Aprel oyininng o‘n beshinchi kunidan boshlanib, sakkiz kun davom etadi. Ushbu bayram yahudiylarning Misrdagi qullikdan ozod bo‘lganlari munosabati bilan nishonlanadi va mazkur kunlarda “massa” deb ataluvchi xamirturishsiz non iste’mol qilinadi. Qadimiy yahudiylarda “pasxa” deb qo‘zichoq go‘shti va sharobdan iborat kechki ovqatga aytilgan. Bu ovqatni tanovul qilish bilan har bir yahudiy Muso boshchiligidagi ota-bobolarining chekkan mashaqqatlarini his qiladi, deb hisoblanadi.
Sukkot (chodirlar marosimi) yahudiylar Misrdagi qullikdan ozod bo‘lganlaridan so‘ng, qirq yil davomida cho‘lda chodirlarda kun kechirganlarini xotirlab o‘tkaziladigan marosim. Qadimda yahudiylar mazkur marosim kunlarida Quddusga ziyoratga borganlar. Bugunga kelib bu an’ana tusidan chiqqan. Sukkot sakkiz kun davom etib, yahudiylar bu muddat davomida an’anaviy ravishda, o‘z uylarining oldiga chodir quradilar.