O‘zbekiston Respublikasining «Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonuni (2000 yil 15 dekabr);
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi (1994 yil 22 sentabr);
O‘zbekiston Respublikasining «Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni (2001 yil 29 avgust);
O‘zbekiston Respublikasining «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash to‘g‘risida»gi Qonuni (2004 yil 26 avgust).
Ushbu huquqiy-me’yoriy hujjatlar orasida O‘zbekiston Respublikasining «Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida»gi va «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash to‘g‘risida»gi Qonunlar alohida e’tiborga molik. Chunki bu qonunlar tufayli O‘zbekistonda terrorizmga qarshi kurashning normativ, tashkiliy va moddiy-texnik asoslari yaratildi. Unga ko‘ra, terrorizmni targ‘ibot qilish, terrorchi gurux va tashkilotlarni tuzish hamda ularning faoliyati, tayyorlanayotgan yoki amalga oshirilgan terrorchi jinoyatlarga oid ma’lumot va dalillarni yashirish taqiqlanadi. O‘zbekiston Respublikasi ekstremizm va terrorizm hamda uni moliyalashtirish bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan narkobiznes va narkotrafikka qarshi kurashda ham qat’iy siyosat olib bormoqda. 1999 yilda «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilingani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Shuningdek, «Shanxay hamkorlik tashkilotining terrorizmga qarshi konvensiyasini (Yekaterinburg, 2009 yil 16 iyun) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida», «Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi to‘g‘risidagi bitimni (Moskva, 2011 yil 16 iyun) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonunlarni qabul qilib, ulardagi majburiyatlarini izchil bajarib kelmoqda. Shu bilan birga, bu masalalarda o‘zining tashabbuslarini ilgari surayotganini ham alohida ta’kidlash zarur. Bunday hujjatlar hali ko‘pgina mamlakatlarda qabul qilinmaganligini qayd etib o‘tish darkor. O‘zbekiston aksilterror koalitsiyalarning faol a’zosi bo‘lib, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalariga xalqaro jamoatchilikning e’tiborini qaratib kelmoqda. Bu borada O‘zbekiston dunyoning ko‘plab davlatlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Respublikamiz xalqaro terrorizmga qarshi kurash doirasida huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish harakatlarini to‘la qo‘llab-quvvatlab, BMT doirasida har tomonlama hamkorlikka asoslangan global tizim yaratish orqali bu yo‘nalishda amaliy natijalarga erishish mumkin, deb hisoblaydi. Darhaqiqat, xalqaro terrorizmga qarshi kurashda BMTning o‘rni va ahamiyati kattadir. Bugunga qadar BMT terrorizmga qarshi 12 ta rezolyusiya, 16 konvensiya, 2 protokol qabul qilgan. Terrorizmga qarshi kurash dastavval uni oziqlantiruvchi g‘oyaviy-ma’naviy va moliyaviy-iqtisodiy manbalarni zararsizlantirishni taqozo etadi. Shu munosabat bilan 2006 yilning 1 yanvaridan kuchga kirgan «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash to‘g‘risida»gi Qonun jinoiy faoliyatdan olingan daromadni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Ushbu qonunga ko‘ra, pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulkka oid operatsiyalar ustidan nazoratni amalga oshirish vakolati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuklatilgan. Respublika Bosh prokuraturasi huzurida faoliyat ko‘rsatayotgan Soliq, valyutaga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti zimmasiga moliyaviy razvedkaning zamonaviy tizimini yaratish, jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishning kanal va mexanizmlarini aniqlashga yo‘naltirilgan moliyaviy, mulkiy operatsiyalarning monitoringini amalga oshirish, xorijiy davlatlarnint vakolatli organlari hamda xalqaro ixtisoslashgan va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish va axborotlar ayirboshlash kabi yangi vazifalar yuklatildi. Chunki bugun diniy shiorlar bilan niqoblangan, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosidan kelayotgan katta-katta mablag‘lar evaziga yashayotgan xalqaro terrorchilik mintaqa xavfsizligiga jiddiy tahdid solib kelmoqda. Xulosa qilib aytganda, respublikamizda diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning o‘ziga xos huquqiy mexanizmi fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlash, diniy ta’lim tizimini takomillashtirish, diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatishni tartibga solish, shuningdek, din bilan bog‘liq turli nizolarning oldini olish orqali yurt tinchligi va xavfsizligini ta’minlashda o‘ziga xos xizmat qilmoqda.