San’atning zavq berish va evristik vazifalari. San’atning eng muhim vazifalaridan biri voqelikni go‘zallik qonunlari orqali o‘zgartirishdir. Bu, avvalo, har qanday san’at asarining odamlarga zavq-shavq berishi, ularning his-tuyg‘ularini junbushga keltirib, mehnat qilish qobiliyatini ishga solishi, yangi ijodiy ishga rag‘batlantirishi, yaratuvchanlik qobiliyatini shakllantirishida ko‘rinadi.
San’atning zavq berish vazifasi deganda, odamlarning san’at asarlarini o‘qish, ko‘rish, eshitish orqali estetik zavq olishi, rohatlanishi tushuniladi. Masalan, tinmay mehnat qilib turgan dehqon mumtoz asarlar hisoblanmish
«Munojot» yoki «Tanovar»ni tinglab, rohatlanadi yoki uning kuyiga raqs tushgan raqqosalarning o‘yinini ko‘rib zavqlanadi.
San’atning evristik vazifasi deb odamlarning san’at asarlarini o‘qish, ko‘rish, eshitish, ma’nosini chaqish asosida o‘zlarining ijodiy mehnat faoliyatlarida yangi-yangi narsalarni topishlariga, ixtiro qilishlariga aytiladi. San’at asari olim uchun biron-bir narsani kashf qilishda, biron-bir yangilikni ixtiro qilishda, topishda bevosita ta’sir ko‘rsatmasa-da, unga kuch, zavq-shavq bag‘ishlab, uning g‘ayratiga-g‘ayrat qo‘shgan holda bilvosita ta’sir qiladi. Xuddi shu ma’noda har qanday san’at asari evristik vazifani bajaradi.
San’atning barcha vazifalari o‘zaro ajralmas bo‘lib, bir-birini to‘ldirib turadi.
Dostları ilə paylaş: |