Oʻquv rejasi deb, maktabda oʻqitiladigan fanlar, ularni oʻqitish uchun belgilangan oʻquv soatlari va oʻquv yili tuzilishini belgilab beruvchi davlat hujjatiga aytiladi.
Oʻquv rejasi xalq ta’limi Vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Unga kiritilgan fanlarning hajmi, sinfi, soatlar miqdori, oʻquvchilarning yoshi va bilim saviyasiga qarab belgilanadi.
Oʻquv dasturi deb, alohida olingan har bir fan uchun oʻquv rejasi asosida tuziluvchi, oʻquv fanini oʻqitish jarayonida oʻquvchilarga beriladigan bilimlar hajmi, tizimi, mafkuraviy yoʻnalishini belgilab beruvchi davlat hujjatiga aytiladi. Dasturda muayyan oʻquv yili va muayyan sinfda oʻquvchi oʻzlashtirishi zarur boʻlgan bilim, koʻnikma va malakalar doirasi qisqacha ifodalab beriladi. Ta’bir joiz boʻlsa, oʻquv dasturi oʻqituvchi uchun ta’lim jarayonida yoʻl koʻrsatuvchi kompasdir.
Oʻquv dasturida har bir sinfda oʻqitiladigan fanning mavzulariga doir sarhadlari qat’iy belgilangan, ilmiy-falsafiy asoslangan, nazariy qoidalarni amaliyot bilan bogʻlashga qaratilgan, tarixiylik, muntazam ketma-ketlik, kontsentrik (markazlashgan) qoidalariga amal qilingan boʻlishi lozim.
Darslik deb, muayyan fan yuzasidan oʻquvchilarga beriladigan ilmiy bilim, koʻnikma, malakalarni oʻzida mujassam etgan, oʻquv rejasi va dasturiga, oʻquvchilarning yoshi va fiziologik xususiyatlariga, didaktik talablarga muvofiq keluvchi oʻquv quroliga aytiladi.
Darslik – oʻquvchi uchun “ikkinchi muallim”. Uni yaratishda mualliflar amal qilishi lozim boʻlgan alohida talablar mavjud (Pedagogika. A.Q. Munavvarov tahriri ostida. Toshkent, “Oʻqituvchi”, 1996. 73-74 bet).
“Darsliklarda millat fikrining, millat tafakkuri va mafkurasining eng ilgʻor namunalari aks ettirilishi kerak ... . Biz darslik yaratishga eng ilgʻor va eng sharafli vazifa sifatida qarashimiz, yaxshi darslik yaratgan odamlarni boshimizga koʻtarishimiz kerak”, -degan edi Prezidentimiz I.A. Karimov (Barkamol avlod – Oʻzbekiston taraqqiyotining poydevori. Toshkent, “SHarq”, 1997. 8-b).
Foydalanilgan adabiyotlar 1. KarimovI.A. Oʻzbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura Toshkent “Oʻzbekiston” 1996.
2. Saidov X. Xitoyda ta’limga e’tibor “Ma’rifat”, 2005yil.28 may.
3. Қосимов С., Сапаев М., Юсупов А. Рисола. Европа тажрибалари асосида Ўзбекистон олий таълим муассасалари рейтинг тизимини такомиллаштириш. Урганч, 2009 й., 41 б.
4. A. Xoliqov “Fransiyada pedagogik fikr taraqqiyoti”-T, 1998 y.
5. Yoʻldoshev J.Gʻ. Xorijda ta’lim (metodik qo‘llanma) – Toshkent: 1995 –yil.
6. Ikromov A.B. Maxmudov S.Y. Anorqulova G.M. Germaniya: Ta’lim, ilm-fan (metodik qo‘llanma). Kasb mahorati jurnali – 2004 yil. 2 son.