O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan islohatlar, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustivor yo‘nalishlariga muvofiq kadrlarni sifatli o‘qitish va tarbiyalash, mustaqil fikrlashga qodir bo‘lgan, hozirgi zamon bozor sharoitlarida ishni izchil tashkil eta oladigan, yuqori malakali raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga yo‘naltirilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish borasida ishlar amalga oshirilmoqda.
Hozirgi zamon yuqori texnologiyalarida sanoat robotlari va robototexnika tizimlari keng qo‘llanilmoqda. Robotlar, robototexnik va moslashuvchan ishlab chiqarish sistemalari ishlab chiqarishni rivojlantirishning texnik asoslari hisoblanadi.
Hozirgi zamon yangi texnologiyalarida robotlar va robototexnik sistemalarni qo‘llash yildan yilga oshib bormoqda. Ular yordamida yangi texnologik jarayonlar o‘zlashtirilmoqda, odamlarni toliqtiradigan, bir xil, og‘ir qo‘l mehnatidan, sog‘liqlari uchun zararli va xavfli ishlardan ozod qilinmoqdalar.
Mazkur o‘quv qo‘llanma robototexnikaga yoritilgan. Unda Robotlar bo‘yicha umumiy tushunchalar, ta’riflar berilgan. Robototexnikaning ishlab chiqarishni kompleks avtomatlashtirishdagi roli bayon qilingan. Robot va manipulyatorlarning strukturasi, texnik xarakteristikalari, modul qurish tamoyillari birinchi bobda berilgan.
Ikkinchi bobda Robototexnik tizimlarining asosiy qurilmalari hamda manipulyatorlarning konstruktiv xususiyatlari bayon qilingan. Undan tashqari robotlarning ishchi organlari va harakat qurilmalarining konstruksiyalari va ishlash prinsiplari keltirilgan.
Uchinchi bobda Intellektual robototexnik tizimlar berilgan. Robotlarda qo‘llaniladigan yuritmalarga qo‘yiladigan talablar, yuritmalarning afzallik va kamchililari ham shu bobda bayon qilingan.
To‘rtinchi bob Arduino bilan qurilmalarining bog’lanishi va intellektual boshqarish sistemalari, hamda boshqarish sistemalari, robot boshqarish sistemasining matematik yozilishi berilgan.