Xorazmshohlar davlati qudratining yuksalib borishi. Xorazmda anushtaginlar sulolasining mustahkamlanishi, o’lkaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida Qutbiddin Muhammad garchi muhim rol o’ynagan bo’lsada, biroq uning butun hukmronlik davri saljuqiylar ta’siri doirasida kechdi. SHuning uchun ham Xorazmning mustaqil davlat sifatidagi o’rni va mavqei ko’proq uning o’g’li Otsiz (1127-1156) hamda anushteginlarning keyingi avlodlari El Arslon (1156-1172), Takash (1172-1200) va Alovuddin Muhammad (1200-1220) davrlarida har jihatdan ko’zga tashlanadi4.
So’nggi hukmdorlar Takash va Muhammad Xorazmshohlar davriga kelib esa Xorazm davlati o’rta asrlar davridagi eng qudratli saltanatga aylandi. Bir tomondan, buyuk Saljuqiylar davlatiga tobelik va ikkinchi tomondan SHarqdan bostirib kelgan ko’p sonli qoraxitoylarga yiliga 30 ming dinor to’lab turish majburiyatini o’tash va shu barobarida Xorazmning mustaqilligini ta’minlashda Xorazmshoh Otsizning xizmatlari katta bo’ldi. Mohir diplomat, yetuk davlat arbobi bo’lgan Otsiz o’z raqiblari orasidagi ziddiyatlardan ustamonlik bilan foydalandi, o’z davlati mustaqilligini saqlabgina qolmay uning hududlarini ham ancha kengaytirishga muvaffaq bo’ldi. 1141 yilda qoraxitoylar bilan Sulton Sanjar o’rtasida yuz bergan qonli to’qnashuv va unda saljuqiylarning mag’lubiyatidan foydalangan Otsiz Xuroson yerlarini, Marv, Nishopur shaharlarini egalladi. 1152 yilda Jandga qo’shin tortib, uni Xorazm davlatiga qo’shib oldi. Otsizning vorisi El Arslon ham mamlakat mustaqilligini kuchaytirish yo’lida qoraxitoylar bilan janglar olib boradi.El Arslon vafotidan (1172) foydalangan qoraxitoylar Xorazm hududiga bostirib kirdilar va uni o’lpon to’lashga majbur etdilar. Ammo Xorazm taxtini egallagan Takash (1172-1200) tez orada mohir davlat arbobi, tadbirkor va uddaburon hukmron sifatida o’z davlati qudratini yuksaltirishga muvaffaq bo’ladi. 1187-1193 yillarda u Nishopur, Ray va Marv shaharlarini bosib oladi. 1194 yilda esa saljuqiylar sultoni To’g’rul II ga kuchli zarba berib, Eronni egallaydi.Uning ixtiyorida 150 ming harakatdagi va 200 ming kishidan ziyod zaxiradagi katta jangovar armiya mavjud bo’lgan. Uning katta va yirik davlati markazlashgan hokimiyat boshqaruviga ega bo’lgan. Unda oliy idora-devon mavjud bo’lib, davlatning butun ichki va tashqi siyosati vazir tomonidan amalga oshirilgan. Hokimiyatning muhim bo’g’inlarida Takashning xotini –Turkon xotinga qarashli qipchoq qavmlarining ta’siri kuchli bo’lgan.