Markazlashgan davlatning tashkil topishi va saltanatni barpo etish yo’lidaga harbiy yurishlar. Amir Temur Movarounnahrning qonuniy xukmdori bo’lib olgach, mamlakat hududlarini birlashtirishga kirishdi. Shu maqsadda u 1370 yil iyunida Samarqandda qurultoy chaqirdi. Qurultoyda Shibirg’on hokimi amir Zinda Chashmdan boshqa Movarounnahrning barcha amirlari va qabila boshliqlari to’plandilar. Unda markaziy davlat tizimini shakllantirish va qo’shin tuzish masalalari muhokama etildi. Ikki daryo oralig’ida yashovchi turk-mo’g’ul qabila boshliqlari, barcha amirlar Amir Temur hokimiyatini tan oldilar. Amir Temur mamlakatda qonun va tartib ishlarini joriy etadi. Maxsus qo’shin tuzib, unga katta imtiyozlar beradi. Amir Temur yirik harbiy bo’linmalarning boshliqlari etib Ardasher Qavchin, Joku Barlos, Iskandar A’lam Shayx, Usmon Abbos, Sayfiddin Barloslarni tayinladi.
Amir Temur hukumronligining dastlabki yillarda mamlakat sarhadlari xavfsizligini ta’minlashga katta ahamiyat berdi. Isyonchi amirlarga qarshi shafqatsiz kurash olib bordi. Sharqiy hududlarni mo’g’ullar ta’siridan ozod yetish uchun 1370 yil oxiri va 1371 yil boshida Sharqiy Turkiston tomon yurish qilinadi. Mo’g’ul xoni Kepak Temurga qaqshatqich zarba berilishi orqasida Farg’ona vodiysi hududlarini, O’tror, Yassi (Turkiston) va Sayramni o’z tasarrufiga oldi. 1370-1371 yillarda Hisor, Badaxshon, Qunduz kabi viloyat amirlari ham Amir Temur hokimiyatini tan olib, unga bo’ysundilar. 1370 yil kuzi va 1371 yil bahorida amir Zinda Chashmga zarba berib, Afg’oniston Shimolidagi Shibirg’on viloyati bo’isundirildi. Balx va Toshkent viloyatlari ham Amir Temur hokimiyatini tan oldilar.
Amir Temur o’z saltanati tarkibiga Xorazm mulkini ham qo’shib olish uchun besh marotaba (1371, 1373, 1375, 1379, 1388) harbiy yurish qildi. Ma’lumki, Xorazm Oq O’rda hukmdorlariga suyanib, hanuz bo’ysunishdan bosh tortib kelardi. Xorazmni Amir Temur Chig’atoy ulusining ajralmas qismi deb hisoblab, uni o’z davlatiga ko’shib olish siyosatini tutdi. Ammo bu masala elchilar vositasida tinch yo’l bilan hal etilmagach, Amir Temur Xorazm hududiga besh marotaba yurish qildi. Birinchi yurishi 1371 yil yoz (iyul )ida Kot shahrini egallash bilan yakunlandi. Amir Temurning 1373 yil bahori va 1375 yil yozida Xorazm tomonga qilgan ikki yurishi natijasiz tugadi. Bu asnoda Oltin O’rda xoni To’xtamish bilan ittifoq tuzib olgan Xorazm hukmdori Yusuf so’fi, uning yordamida Amir Temur davlati hududlariga bir necha bor yurish qilib, Qorako’l viloyati va Buxoro tumanlarini talon-taroj etdi. Bunday vaziyat shubhasiz, 1379 yilda Amir Temurni to’rtinchi marotaba Xorazmga qo’shin tortishga majbur etdi. Lekin, bu yurish ham avvalgilari kabi sulh tuzish bilan tugadi. Biroq shunga qaramay, Yusuf so’fi ilgari Xorazmning Chig’atoy ulusiga tegishli bo’lgan janubiy-Sharqiy (Kot va Xiva shaharlari birga) qismini yana qaytadan bosib oldi. Amir Temur davlatiga nisbatan Yusuf so’fining tutgan bunday tajovuzkorona siyosati Xorazm ustiga Amir Temurning beshinchi marta yurish qilishiga sabab bo’ldi. 1388 yilda Xorazmning poytaxti vayron etilib, uning hududlari Amir Temur davlatiga bo’ysundirildi.
Amir Temur Eron, Ozarbayjon, Iroq va Shom (Suriya) ustiga uch marta lashkar tortdi. Bu yurishlar tarixda «uch yillik(1386-1388)», «besh yillik (1392-1396)» va «etti yillik (1399-1404)» urushlar nomi bilan mashhur. Uch yillik harbiy yurishlarda Eron, Ozarbayjon, Gruziya, Armaniston) oqibatida Janubiy Ozarbayjon, Iroqning Shimoliy qismi, Gurjiston va Van ko’li atrofidagi yerlar egallandi.
Amir Temurning «uch yillik» urushlari davrida Shimoliy-g’arbdan, ya’ni Oltin O’rda tomonidan bo’layotgan tazyiqqa barham berish maqsadida To’xtamishga qarshi uch marta qo’shin tortishga majbur bo’ldi. U 1389 yilda Dizaq (Jizzax)ning Achchiq mavzeida, 1391 yilning 18 iyunida (hozirgi Samara bilan CHistopol shaharlari oralig’ida joylashgan Qunduzcha (Kondurcha) daryosi vodiysida va nihoyat, 1395 yilda (28 fevral) Shimoliy Kavkazda Terek daryosi bo’yida To’xtamish qo’shiniga qaqshatqich zarba beradi. Amir Temur harbiy yurishlari oqibatida Quyi Itil (Volga) viloyatlari, Saroy Berka, Saroychik va Hojitarxon (Astraxan) kabi shaharlar egallandi. Amir Temur To’xtamishni quvib Ryazan viloyatigacha bordi va Yelest shahrini ishg’ol qildi. Rusiya tarixchilari B.D. Grekov va A.Yu. Yakubovskiylrning ta’kidlashicha, Amir Temurning To’xtamish ustidan qozongan g’alabasi faqat O’rta Osiyo uchun emas, balki butun Sharqiy Yevropa, shuningdek, Rus knyazliklarining birlashishlari uchun ham buyuk ahamiyat kasb etgan edi.
Shundan so’ng Amir Temur butun e’tiborini Eron, Iroq, Suriya, Kichik Osiyo va Hindiston yerlarini uzil-kesil zabt etishga qaratdi. U besh yillik (1392-1396) urush davomida G’arbiy Eron, Iroq (1393 yil 22 avgustda Bag’dod shahri zabt etilgan) va Kavkazni egalladi, natijada muzaffariylar va jaloiriylar sulolasining hukmronligi barham topdi.
Amir Temurning Hindiston ustiga qilgan urushi 1398 yil maydan-1399 yil martigacha davom etgan. Bu urushda Amir Temurga qarshi asosiy raqib sifatida Dehli hokimi Sulton Mahmud (1393-1413) chiqdi. 1398 yil 17 dekabrda Dehli yaqinidagi Panipat yalangligida shiddatli jang sodir bo’ladi. Bu jangda ham Sohibqiron qo’shini g’olib bo’ladi. Amir Temur Dehlidan keyin deyarli katta qarshilikka uchramaydi. Qariyb o’n bir oy davom Hindiston zabt etildi. Sohibqiron juda ko’p qullar va boyliklarni, shu jumladan 120 jangovar filni qo’lga kiritadi va ularni 1399 yil may oyida o’z poytaxti Samarqandga olib keladi. Bular orasida ko’zni qamashtiruvchi juda katta, olovdek yonib turgan qip-qizil javoxir – «Chirog’i olam»alohida qimmatga ega edi. Yoqutning yuziga buyuk Amirning nomi o’yib yoziladi va Samarqanddagi yigirma besh ming noyob javohirlar qatoridan joy oladi.
Amir Temurning 1399-1404 yillarda olib borgan harbiy yurishlari natijasida Shomning Halab (Aleppo), Xums, Baalbek (Ba’albak), Dimishq (Damashq) kabi yirik shaharlari va Iroqi Arabilaning Ubuliston o’lkasi (qadimgi Kappadokiya) bilan Bag’dod, shuningdek Turkiyaning katta qismi zabt etiladi. Keng ko’lamli harbiy yurishlar natijasida Sohibqiron Amir Temur saltanatining chegarasi Usmonli turklar davlati chegarasiga borib taqaldi. Bu davrda Yaqin Sharqda Usmonli turklar, shuningdek Misr sultoni al-Faraj (1399-1405) ning, shuningdek, jaloiriylar (1336-1432) va qoraquyunlilar (1380-1468) ning siyosiy va harbiy qudrati oshib, Temur saltanatining janubi-g’arbiy viloyatlariga xavf solina boshlanadi. Bu urushning ochilishiga asosiy sabab bo’ldi. Shu omillar tufayli bu ikki davlat o’rtasida to’qnashuv bo’lishi muqarrar bo’lib qoldi. Biroq Amir Temur 1389 yildan Usmonli turklar taxtni egallagan sulton Boyazid I Yildirim (1359-1403)bilan jang qilishga Shoshilmadi, aksincha, sulton bilan munosabatni yaxshilash tarafdori bo’lgan. Ziddiyatlarni diplomatik yo’l bilan hal qilish maqsadida ikki tomon o’rtasida 4 marta xat almashish tashabbuskori bo’lgan. Biroq Sulton Boyazid esa har safar qaysarlik, manmanlik qilib, hatto Amir Temur nomiga nomaqbul so’zlarni yozgan. Natijada Amir Temur urush boshlashga sabab bo’ladi.
Amir Temur bilan Sulton Boyazid qo’shinlari o’rtasidagi hal qiluvchi jang 1402 yil 20 iyulda Anqara yaqinida, CHubuq mavzeyida sodir bo’ladi. Bu jang tarixda «Anqara jangi»deb ataladi. Uch kun davom etgan bu jangda har ikki tomondan hammasi bo’lib 360 ming nafar, shu jumladan, Sohibqiron Amir Temurning taxminan 200 ming, usmonlilar sultonining 160 ming askari qatnashadi. Janggohning qulay qismiga joylashtirilgan qo’shinning markaziy qismiga Amir Temurning o’zi qo’mondonlik qiladi. Uzoq davom etgan shiddatli jangda Sohibqiron kuchlari turk qo’shinini tor-mor etadi.
Sulton Mahmud Boyazid I Yildirimni asir olishga muvaffaq bo’lgan. U bilan birga xotini serb malikasi Olivera, o’g’illari Muso va Iso CHalabiylar ham asirga tushdilar. So’ng, Amir Temur Anadolu yarim orolini egallab, O’rta dengizning Sharqiy sohilida joylashgan Izmir shahrini zabt etdi va salibchilarning Yaqin Sharqdagi oxirgi qarorgohiga barham berdi. So’ngra, Egey dengizida joylashgan Xios va Lesbos orollaridagi Genuya mulklarining hukmdorlari unga taslim bo’ldilar, Misr ham o’z itoatkorligini izhor etdi. Amir Temur Anqara, Nikeya, Bursa va Izmir shaharlarini egallab, Vizantiya va butun xristian olamining Boyazidga yig’ib bergan bojlaridan iborat katta boylikni qo’lga kiritdi. Birgina Bursa shahridan olingan oltin va javohirlarning o’zi kattagina karvonga yuk bo’lgan.
Shunday bo’lsa-da, Boyazid ustidan qozonilgan buyuk g’alaba bilan Amir Temurni Frantsiya qiroli Karl VI (1380-1422), Angliya qiroli Genrix IV (1399-1413) hamda Kactiliya va Leon qiroli Genrix III (1390-1407) tabriklab, unga o’z muboraknomalarini yuboradilar. Chunki Sohibqiron endigina uyg’onayotgan Yevropaga ulkan xavf solib turgan Usmonli turklar davlatiga zarba berib, butun Yevropaning xaloskoriga aylangan edi.
Amir Temur Kichik Osiyodan Samarqandga qaytgach, 1404 yil 27 noyabrida 200 ming qo’shin bilan Samarqanddan Xitoy safariga chiqdi. O’sha yili qish Markaziy Osiyo tarixida eng qahraton qish bo’lgan. Sirdaryoning suvi 1 metrga muzlagan, askarlardan ko’pini quloq-burunlarini, qo’l-oyoqlarini sovuq olgan edi. Amir Temurning o’zi ham ko’p o’tmay shamollab qoladi. 1405 yil yanvar oyining o’rtalarida O’trorda to’xtashga qaror qilishadi va shu yerda 18 fevral kuni buyuk jahongir Sohibqiron Amir Temur vafot etdi. Amir Temurning vafoti haqidagi xabar garchi avvalda sir tutilsa-da, ammo ko’p vaqt o’tmay bu noxush xabar mamlakat bo’ylab tarqalib ketadi. Amir Temurning jasadi Samarqandga olib kelinib dafn qilinadi.