Samarqand davlat chet tillar instituti



Yüklə 2,66 Mb.
səhifə32/139
tarix28.11.2023
ölçüsü2,66 Mb.
#167183
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   139
Majmua 2023 yangi

Qo’qon xonligi. XIX asr birinchi yarmida Qo’qon xonligi hududiy jihatdan O’rta Osiyodagi yirik davlat edi. Qo’qon xonligi sharqda Sharqiy Turkiston, g’arbda Buxoro amirligi va Xiva xonligi bilan chegaradosh edi. Xonlik hududi shimolda uchchala qozoq juzlarini batamom o’ziga bo’ysundirib olgan Rossiya bilan chegaralanardi. Xonlikning janubiy chegaralari Qorategin, Ko’lob, Darvoz, Sho’g’non singari tog’li hududlarni o’z ichiga olar, bu hududlar uchun Buxoro amirligi bilan qonli urushlar bo’lar, ular qo’ldan-qo’lga o’tardi. Qo’qon xonligi hududi Buxoro amirligi va Xiva xonligidan farqli o’laroq sersuv daryolari, so’lim vodiylari, serhosil yerlari ko’p edi. Xonlikning markazi Qo’qon, Marg’ilon, O’zgan, Andijon, Namangan kabi yirik shaharlar joylashgan Farg’ona vodiysi edi. Toshkent, Chimkent, Turkiston, Avliyoota, Pishpak, So’zak, Oq-machit kabi yirik shaharlar ham Qo’qon xonligi tasarrufida edi. Qo’qon xonligida aholi nisbatan zich joylashgan bo’lib, taxminan 3 millioncha kishi yashardi. Xonlikning poytaxti Qo’qonda 80 000, Toshkent shahrida 60000 aholi yashagan. Qo’qon xonligi aholisining ko’pchilik qismi o’zbeklar edi. Shuningdek, xonlik aholisi tojiklar, qirg’izlar, qozoqlar, uyg’urlar, qoraqalpoqlardan iborat edi. Bular bilan yonma-yon yahudiylar, tatarlar, hindlar va boshqa elatlarning vakillari ham yashardi. Qo’qon xonligida davlat boshqaruvi Buxoro va Xivanikiga o’xshardi. Xon huquqi xech nima bilan chegaralanmagan hokimi mutlaq edi. Xondan keyingi ikkinchi shaxs vazir hisoblanib, u muhim davlat masalalarini xon bilan kelishgan holda hal etardi. Markaziy davlat boshqaruvida Qushbegi, Otalik, Devonbegi, Mingboshi, Shayxulislom, Qozi kalon, Parvonachi, Shig’ovul, Sarkor, Inoq, Dasturxonchi, Amin, Yassovulboshi kabi amaldorlar xizmat qilardi. Saroy qoshida maxsus kengash tuzilgan bo’lib, uning tarkibiga eng oliy mansabdor shaxslar kirgan. Xon kengashning raisi va masalani hal qiluvchi shaxs edi.
Qo’qon xonligida qo’shinni, aslahaxonani, harbiy ishlarni Mingboshi boshqarardi. Qo’shinda beshyuzboshi, yuzboshi va o’nboshi harbiy lavozimlari bor edi. Qo’shinning bir qismi muntazam xizmatda bo’lib, markaziy hokimiyat ixtiyorida bo’lardi. Xon gvardiyasi deb atalgan bu harbiy qismda qipchoqlar, qirg’izlar va tojiklar katta o’rin tutardi. Urush paytlarida xon tajribali zobitni lashkarboshi qilib tayinlardi. Harbiy xizmatdagilarga bir ot va egar - jabduq berilar edi. Yuzboshiga bir yilga 147 so’m, ellikboshiga 98 so’m, o’nboshiga 65 so’m, oddiy sarbozga 48 so’m maosh to’lanardi. Markaziy hokimiyat tasarrufida bo’lgan 10 ming kishiga yaqin suvoriylar qismi harbiy xizmatchilariga davlat xazinasidan maosh to’langan. Harbiy qo’shin qilich, nayza, piltali miltiq bilan qurollantirilgan. Shuningdek, qo’shinda to’plar ham bor edi.
Qo’qon xonligi 15 beklik, harbiy okrugga bo’lingan bo’lib, ularning yarmidan ko’piga xonning o’g’illari yoki qarindoshlari hokimlik qilardi. Hokimlar o’z xududidagi harbiy kuchlar qo’mondoni hamda fuqarolik boshqaruvining boshlig’i edi. Hokimlar xonning birinchi da’vatidanoq o’z qo’shinlari bilan belgilangan joyga yetib kelishi shart edi. Shu tariqa, xon ancha qo’shin to’plash imkoniyatiga ega edi. Qo’qon xoni zaruriyat bo’lganda, oziq-ovqat ortilgan 12 ming aravaga ega bo’lgan 60 mingtacha sipohni yig’a olardi.
Chor Rossiyasi butun Sibirni bosib olib, qozoq va qirg’izlar yashovchi hududlar - kichik juz, o’rta juz va katta juzni o’ziga bo’ysundirib, endi O’rta Osiyoga siljib kelmoqda edi. Rossiya bilan Qo’qon xonligi bevosita chegaradosh bo’lib qolgan edi. Rus hukumatining Qo’qon xonligiga tazyiqi xonlikning qozoq va qirg’izlarga nisbatan ta’sir doirasini qirqish siyosati va amaliyotida yaqqol ko’rinmoqda edi. Bu yovuz niyatni barcha o’zbek xonlari tushunardi, ammo ojizligi tufayli tajovuzni bartaraf etish bo’yicha taqozo etgan darajada tadbir topolmadilar. Vaziyat uchchala xonlikning birlashib dushmanni daf etish yo’lidan borishini talab qilardi. Amalda esa buning aksi bo’ldi, ular birlashish o’rniga o’zaro kurashni avj oldirdilar. Xususan, Qo’qon xonligida notinchlik, xokimiyat uchun ichki kurash avj olib ketdi.
Qo’qon xoni Muhammad Alixon (1822-1841) taxtga o’tirgandan boshlab 1834 yilgacha Qorategin, Kulob, Darvoz viloyatiga to’xtovsiz yurishlar qilib, ularni Qo’qon xonligiga bo’ysundirdi. 1826-1831 yillar davomida esa bir necha marta Qoshg’arga bostirib bordi, xitoyliklar bilan urush qildi, ming-minglab kishilarning qirilib ketishga sababchi bo’ldi. Muhammad Alixon o’z atrofidagilarning ta’siriga tushib, hatto o’z otasining eng obro’li a’yonlarini ta’qib qildi, xon hokimiyati bilan mahalliy amaldor-zodagonlar o’rtasida tarkib topgan ittifoqni buzdi. Ularning ayrimlari qatl etildi, surgun qilindi, ba’zilari Buxoroga qochib ketishdi. Omon qolganlar xondan norozi bo’lganlarni o’z atrofiga to’plab, xonni taxtdan qulatishga tayyorlana boshladilar. Xonning yengiltakligi, aysh-ishratga berilishi aholini o’ziga qarshi qilib qo’ydi. Ruhoniylar xonni axloqsizlikda, shariatga qarshi jinoyatlarda ayblab, unga qarshi ochiq targ’ibot olib borishdi. Xondan norozi bo’lganlar 1839 yilda o’z elchilarini Buxoro amiri Nasrullo xuzuriga yuborib, yordam so’raydi. Bu vaqtda Buxoro amiri bilan Qo’qon xoni o’rtasida Jizzax, O’ratepa va Xo’jand uchun urush borayotgan edi. Amir Nasrullo Qo’qon qo’shinini tor-mor etib, Jizzax, O’ratepa va Xo’jandni o’z tasarrufiga kiritadi. Endi Qo’qon sari otlandi. Ayni paytda, 1841 yilda Muhammad Alixonning zulmiga qarshi Qo’qon shahar aholisi qo’zg’olon ko’tardi. Xon O’rdadan qochib ketdi. Qo’zg’olonchilar talabiga binoan bir necha aybdor shaxslar qatl etildi.
Chor Rossiyasi bosqini arafasida Buxoro amirligida ham zodagonlar va beklarning mol-mulk, taxt, amal talashib o’zaro ziddiyatlari kuchaydi, qirg’inbarot urushlar bo’ldi. 1826-1860 yillarda amirlik qilgan Nasrullo shafqatsiz hukmdor edi. U taxtga chiqqach, o’z yo’lida to’siq bo’lmasin, deb akalari Xusaynni zaharlab o’ldirdi, Umarni qatl ettirdi. Nasrullo taxtni egallashda, unga yordamlashganlarni ham tirik qoldirmadi. Taxtga o’tirgan kunidan boshlab, bir oy davomida har kuni 50-100 kishini qatl qilib turdi. Shu bois amir Nasrulloga «qassob amir» deb laqab qo’yilgan edi. Amir Nasrullo amirlikdagi parokandalikni to’xtatish uchun shafqatsiz urushlar qildi, bo’ysunmagan shahar va qishloq aholisini qilichdan o’tkazardi. Bunga o’zlarini mustaqil deb hisoblovchi Shahrisabz bekligiga qarshi olib borilgan qonli urushlar misol bo’la oladi. Amir Nasrullo Shahrisabzga qarshi 32 marta hujum qilib, oxiri 1856 yilda uni zabt etdi.
O’zbek xonliklarining hukmdorlari Rus davlati tajovuzlariga e’tiborsizlik, mas’uliyatsizlik qildi. O’zaro urushlar girdobiga botib, katta kuchlarni behuda qurbon qildi, mamlakat boyligini besamar ishlarga sovurdi. Vaqtini aysh-ishrat, kayfu safoda o’tkazdi. Taniqli o’zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy o’zining «O’tgan kunlar» romanida Yusufbek hoji tilidan quyidagi alamli so’zlarini bayon etadi. «Maqsadlari juda ochiq... Bittasi mingboshi bo’lmoqchi, ikkinchisi Normuhammadning o’rniga o’tirmoqchi, uchinchisi yana bir shaharni o’ziga qaram qilmoqchi. Ittifoqning nima ekanligini bilmagan, yolg’iz o’z manfaati, shaxsiyati yo’lida, bir-birini yeb, ichgan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar Turkiston tuprog’idan yo’qolmay turib, bizning odam bo’lishimizga aqlim yetmay qoldi... Biz shu holatda ketadigan, bir-birimizning tegimizga suv quyadigan bo’lsak, yaqindirki, chor istibdodi Turkistonimizni egallar va biz bo’lsak o’z qo’limiz bilan kelgusimizni o’ris qo’liga qoldirgan bo’larmiz». Haqiqatdan ham shunday bo’ldi. Turkiston jahon taraqqiyoti jarayonidan tobora chetda qolabordi, ilg’or davlatlardan orqada qoldi.
Xonliklarning asrlar davomida o’zgarmay kelayotgan davlat idora usuli, tor doiradagi hukmdorlar zulmi taraqqiyotga g’ov bo’lib qolgan edi. Asrlar davomida bir butun bo’lib kelgan mamlakatning, bir iqtisodiy va madaniy makonda yashab kelgan aholining uchga bo’linib ketishi, xonliklar o’rtasidagi urushlar, har bir xonlik ichidagi parokandalik, boshboshdoqlik va o’zaro hokimiyat uchun tinimsiz davom etgan ichki kurash, ig’vo-fasodning avj olishi, o’zaro nizo- janjallar, urushlar viloyat va tumanlarni, qolaversa butun mamlakatni xonavayron qilardi.
Xonliklar o’rtasidagi o’zaro urushlar, etnik nizolar qabilalar ko’chishini keltirib chiqarardi yoki ular zo’rlik bilan yashab turgan joylaridan ko’chirilar edi. Bu jarayon etnik guruhbozlikni keltirib chiqarardi, qabilalarning etnik aralashuviga, bir butun xalq bo’lib qovushishiga, jipslashishiga xalaqit berardi. Davlat darajasida ham, viloyatlar darajasida ham yagona xalq, yagona Vatan tushunchasining qadri anglab olinmadi. Odamlarni Turkistonni, xalqni birlashtirish g’oyasi ostida uyushtira oladigan yo’lboshchi topilmadi. Aholi xon va beklarning, lavozimdagi amaldorlarning zo’ravonligidan, o’zboshimchaligidan, suiiste’mollaridan, g’ayriqonuniy soliq va to’lovlardan azob chekardi. Turmush darajasi past bo’lib, aholi iste’mol uchun eng zarur bo’lgan tor doiradagi oddiy buyumlar va mahsulotlar bilan qanoatlanardi. Ishlab chiqarishning faqat iste’molga yo’naltirilganligi iqtisodiyotning o’sishi uchun turtki berolmasdi. Xonlar va saroy amaldorlari ishlab chiqaruvchi kuchlar rivojiga xalaqit berayotgan ishlab chiqarish usulini himoya qilardi. Asosiy boylik bo’lgan yerga mulkchilikning eski usuli bir necha asrlardan beri o’zgarmasdan kelardi. Xonliklarda hukmdor yerning birdan-bir egasi bo’lib, yer ishlovchilarga - dehqonlarga xatlab, ijara tarzida biriktirilgan edi. Dehqon yer egasi emas, yerdan olingan hosilning egasi edi. Shu boisdan dehqon yerni asrab avaylashga, uning unumdorligini oshirishga intilmasdi, manfaatdor emasdi. Dehqon yer egasi bo’lmagani uchun boshqa joylarga ketaverardi. Dehqonchilik nochor ahvolda edi. Yerga ishlov berish o’sha-o’sha bir juft xo’kiz, so’qa-omoch darajasida qolib ketgan edi. Irrigasiya inshootlariga ahamiyat pasayib, sug’oriladigan yer maydonlari qisqarib borardi.
Xonliklarda sanoat ishlari rivojlanmadi. Oltingugurt, rangli metallar, marmar, toshko’mir, neft kabi tabiiy boyliklar to’la bo’lgan konlar bo’lsa-da, ularni izlab topish, qazib olish, kon-tog’ ishlarini yo’lga qo’yishga befarqlik qilindi. O’lkada yetarli darajada yirik daryolar bo’lsa-da, ularda baliqchilikni rivojlantirish, kemasozlikni yo’lga qo’yish hyech kimning xayoliga kelmasdi. Tovar-pul munosabatlari rivojlantirilmadi. Daromad iste’mol va qo’shin xarajatlarini zo’rg’a qoplardi, pul, oltin-kumush xon va amaldorlarning xazina to’plash manbai bo’lib qolgan edi, iqtisodiyot rivoji uchun sarflanmasdi, o’lik mol sifatida saqlanardi, kapitalga aylanmasdi. Xonliklarning savdo munosabatlarida hamon ayirboshlash tarzi davom etardi. O’rta Osiyo jahon bozoridan ajralib qolgani ustiga, yagona ichki bozor ham tashkil topmagan edi. O’zbek xonliklaridagi ijtimoiy-siyosiy beqarorlik, iqtisodiy va harbiy nochorlik qo’shni mamlakatlarni o’z tasarrufiga kiritib olish siyosatini jadallashtirayotgan chor Rossiyasiga qo’l keldi. Xonliklardagi parokandalik, o’zaro nizo va urushlar, oxir-oqibat, ularning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi va mustamlakaga aylanishiga olib keldi.
Turkiy xalqlar yashovchi bepoyon hududlarni bosib olish Rossiya podshohlarining azaliy orzusi edi. Bu boradagi amaliy harakat Ivan Groznыy zamonidan boshlangan edi. U Qozon (1552), Ashtarxon (1556), Sibir (1581-1590) xonliklarini bosib oladi va endi Turkiston to’g’risida ma’lumotlar to’plashga kirishadi. Shu maqsadda 1558-1559 yillarda Antoni Jenkinson boshliq elchilarni Buxoroga yuborib josuslik ma’lumotlari to’plagani ma’lum. Rusiya hukumati XVII asr davomida 9 marta elchi yuborib, Buxoro va Xiva xonliklarining iqtisodiy va harbiy ahvolini o’rganadi.

Yüklə 2,66 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   139




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin