Samarqand davlat chet tillar instituti



Yüklə 2,66 Mb.
səhifə34/139
tarix28.11.2023
ölçüsü2,66 Mb.
#167183
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   ...   139
Majmua 2023 yangi

Rossiya bosqini. 1864 yil may oyida Qo’qon xonligi hududiga Sharq tomondan polkovnik Chernyayev qo’mondonligidagi Rossiya qo’shinlari, G’arbdan polkovnik Verevkin qo’shinlari bostirib kirdi. Ular tomonidan Qo’qon xonligining muhim va tayanch shaharlari- Avliyoota, So’zak, Turkiston shaharlari egallandi. Bosqinchlar 1864 yil 14 iyulda Chimkentga yurish boshladilar. Bu orada Qo’qon xoni Sayyidxon va lashkarboshi Mulla Alimqul bor kuchlarini to’plab, Chimkent atrofida jangga tayyorlandilar. Turkiston shahri yaqinidagi Iqon qishlog’ida uch kun davomida qattiq jang bo’ldi. Manbalarda yozilishicha, jangda shunday qirg’in bo’ldiki, o’liklardan tepalar hosil bo’ldi. Jangda Mulla Alimqul qo’shinlari g’olib chiqdi, Chernyayev qo’shinlari jangda yengilib orqaga chekinishga majbur bo’ldi.
Mulla Aliquli o’z qo’shinlarini bosqinchilar egallagan shaharlarni ozod qilish uchun jangga tayyorlayotgan bir paytda Buxoro amiri Muzaffarning Qo’qon xonligi xududlariga bostirib kirganligi to’g’risida xabar olindi. Mulla Alimqul o’z qo’shinlari bilan Qo’qon himoyasiga otlanishiga majbur bo’ldi. Vaziyat Chernyayevga qo’l keldi, uning qo’shinlari Orenburg otryadlari bilan Sayramda qo’shilib, 1864 yil 14 sentyabrda Chimkentga yangidan yurish uyushtirdi va shaharni bosib oldi. Chernyayev 1864 yil 2 oktyabr kuni Toshkentga hujum boshladi. Toshkent Qo’qon xonligining eng yirik, muhim strategik ahamiyatga molik shahari bo’lib, uzunligi 25 chaqirim, eni 2-3 metr, balandligi 5-7- metr bo’lgan devor bilan o’rab olingan edi. Devor tepasining kengligi 2 m. bo’lib, mudofaa minoralari, o’q otadigan shinaklari bo’lgan, devor atrofi suv to’ldirilgan zovur bilan o’rab olingan edi. Toshkent mudofaachilarining mardona harakati tufayli Chernyayev qattiq mag’lubiyatga uchradi, 72 zobit va askarni yo’qotdi. Chimkentga qaytishga majbur bo’ldi.
Chernyayev 1864-1865 yil qishini tayyorgarlik bilan o’tkazdi, uning qo’shinlari Sibir va Orenburgdan yetib kelgan qurol-yarog’, yangi batalonlar, sapyorlar rotalari bilan to’ldirildi. Mahalliy aholi orasida o’z Vataniga xiyonat qiluvchi, dushmandan panoh izlovchilar ham topildi. Abdurahmonbek, Saidazimboy, Soatboy kabi sotqinlar Toshkentni egallashda Chernyayevga ko’maklashdilar. 1865 yil bahoridan Chernyayevning yangi hujumi boshlandi. 28 aprel kuni Chirchiq daryosi qirg’og’idagi Niyozbek qal’asini egallab, Toshkentni suv bilan ta’minlab turuvchi Kaykovuz anhoriga Chirchiq daryosidan suv chiqarib beruvchi to’g’onni buzib tashlab, shahar aholisini suvsiz qoldiradi. Amirlashkar Alimqul katta qo’shin bilan Qo’qondan Toshkentga yetib keladi. Toshkent uchun shiddatli janglar bo’ldi. 9 may kuni Salar arig’i bo’yida katta jang bo’ldi. Alimqul og’ir yarador bo’ladi va halok bo’ladi. Nihoyat shahar himoyachilarining qarshiligi sindirildi, 15 iyun kuni Chernyayev Toshkentni zabt etdi. Orenburg general-gubernatorligi tarkibida Turkiston viloyati tuzildi, uning harbiy gubernatori etib M.Chernyayev tayinlanadi. Chernyayev 1866 yil yanvarida Jizzaxga hujum qiladi va mag’lubiyatga uchraydi. O’zboshimchaligi uchun Chernyayev Sankt-Peterburgga chaqirib olinadi, o’rniga general D.Romanovskiy tayinlanadi.
Romanovskiy Sibir va Orenburgdan yordam olib Buxoro amirligiga qarshi yurish boshladi. Chor Rossiyasi qo’shinlari tomonidan Qo’qon xonligi hududlari bosib olinayotgan paytda Buxoro amiri tomoshabin bo’lib turgan bo’lsa, endi Buxoro amirligi hududlariga hujum boshlangan paytda Qo’qon xoni Xudoyorxon sukut saqlab turdi. Modomiki u amir Muzaffar homiyligida Qo’qon taxtini uchinchi marta egallagan edi. 1866 yil may oyida Yerjarda bo’lgan jangda amir Muzaffar qo’shinlari yengildi, amir Jizzaxga qochdi. Romanovskiy yurishni Xo’jand tomonga yo’naltirdi, 1866 yil 19-22 may kunlari bo’lgan qattiq janglar natijasida Xo’jandni egalladi. 1866 yil avgustda Orenburgdan general - gubernator Krijanovskiy Toshkentga keldi va Romanovskiy bilan birgalikda Buxoro amirini tobe qilish harakatini boshlashdi. Katta qo’shin tortib 1866 yil oktyabrda O’ratepa viloyati, Zomin qal’asini bosib oldi. Jizzax uchun qattiq jang bo’ldi. Jizzax shahri balandligi 4 metr va eni 3 metrlik ikki qavat devor bilan o’rab olingan bo’lib, qal’aga o’xshardi. Shaharda 10 ming himoyachi askar, 53 to’p bor edi. Himoyachilar shaharga kirib-chiqadigan darvozalarni tuproq bilan ko’mib tashlab, yo hayot, yo o’lim deb jang qildilar. 11-18 oktyabr kunlari bo’lgan jang natijasida bosqinchilar Jizzaxni egalladi. Himoyachilardan 6000 kishi halok bo’ldi, 2000 kishi asirga olindi. Istilochilar atigi 100 ga yaqin kishi yo’qotdi. Bosqinchilar huvullab qolgan shaharni talon-taroj qildilar. Xo’jand, O’ratepa, Jizzaxda qonli janglar bo’layotgan bir paytda Qo’qon xoni, Buxoro amiri qayerda edi, ular nima karomat ko’rsatdi? degan tabiiy savol tug’iladi. Ular o’z joyida, hali ham o’zlarini davlat boshlig’i, hukmdor deb hisoblar edilar, ammo biron-bir tadbir ko’rishga ojiz, vaziyatni to’g’ri tahlil etishga aql-farosatlari ham yetmas edi, shekilli. Ular bosqinchilarni emas, biri-ikkinchisini mag’lub qilish, ko’zini o’yishga harakat qilardi. Bo’linganni bo’ri yer, deb shuni aytsalar kerak-da.
Rossiya imperatori Aleksandr II ning 1867 yil 11 iyuldagi farmoniga binoan Turkiston general-gubernatorligi va uning tarkibida Turkiston harbiy okrugi tuzildi. General-gubernator va okrug qo’mondoni etib general-ad’yutant K.P. fon Kaufman tayinlandi. Unga biror davlatga urush e’lon qilish, sulh tuzish, harbiy-ma’muriy, moliyaviy-iqtisodiy, fuqarolik ishlarini mustaqil hal qilish huquqlari berilgan, shu boisdan u «yarim podsho» deb atalardi. Bu tadbir chor Rossiyasining O’rta Osiyoni bosib olish yo’lidagi harakatida yangi bosqich bo’ldi.
Fon Kaufman Samarqandga tomon yurish boshladi. 1868 yil 1 may kuni shahar yaqinidagi Cho’ponota tepaligida Buxoro amiri qo’shinlari bilan jang qilib, ularni osongina mag’lubiyatga uchratdi, bir paytlar dovrug’i olamni tutgan Samarqand 2 may kuniyoq deyarlik jangsiz dushmanga taslim bo’ldi. Bu voqyeadan dunyo hukmdorlari, jumladan, Rossiya podshohi ham hayratlangan. Buxoro amiri Muzaffar Samarqandning bosib olingani to’g’risidagi xabarni yetkazgan odamni osib o’ldirishga farmon berib, o’zi alamidan yig’lagan.
Buxoro amiri o’z qo’shinlarini to’plab dushmanni daf etish uchun Samarqand tomon yurdi. Fon Kaufman bu xabarni eshitib Buxoro tomon yurdi. Ikki tomon qo’shinlari Zirabuloqda 1868 yil 2 iyunda to’qnashdi, qattiq jang bo’ldi, amir qo’shinlari tor-mor etildi. Bu orada istilochilarga qarshi Samarqandda qo’zg’olon ko’tarildi. Shaxrisabz, Kitob beklari Jo’rabek va Bobobek hamda amirning o’g’li Abdumalik To’ra 27 may kuni Samarqandga qo’shin bilan yetib kelib, qo’zg’olonchilar bilan birgalikda fon Kaufman tomonidan Samarqandda qoldirilgan polkovnik Nazarov va mayor Shtempel boshliq harbiy qismlar bilan qattiq jang qildilar. Jang 8 kun davom etdi. 500 kishidan iborat dushman kuchlaridan 275 tasi o’ldirildi va yarador qilindi. Samarqanddagi voqyealardan xabar topgan fon Kaufman zudlik bilan Samarqandga qaytib keladi va 8 iyun kuni shaharni to’plardan yoppasiga o’qqa tutishga, aholini beomon otish, shaharni yondirishga buyruq beradi. Aholi qirg’in qilindi, masjidlar va tarixiy yodgorliklar yondirildi, qadimiy noyob moddiy va ma’naviy obidalar Peterburgga olib ketildi.
1968 yil 23 iyunda Kaufman bilan amir Muzaffar o’rtasida sulh bitimi imzolandi. Buxoro amirligi Rossiyaning vassaliga, ya’ni xorijiy mamlakatlar bilan mustaqil aloqalar qilaolmaydigan davlatga aylantirildi. Sulhga binoan Xo’jand, O’ratepa, Jizzax, Samarqand, Kattaqo’rg’on Rossiya imperiyasi tarkibiga kiritildi, amir oltin hisobida 125 ming tilla (500 ming rubl) tovon to’lash, rus savdogarlari uchun amirlikda qulay sharoit yaratish majburiyatini oldi. Bunday bosqinchilik, talonchilik sulhi aholi yuqori tabaqa vakillarining nafratini kuchaytirdi. Abdumalik, Jo’rabek va Bobobek kuchlari nafaqat bosqinchilarga, shuningdek, amir Muzaffarga qarshi ham qaratiladi. Ular Abdumalikni amir deb e’lon qiladilar. Amir Muzaffar endi bosqinchilarga emas, fon Kaufman yordamida o’z vatandoshlariga qarshi urushga kiradi va 1870 yil avgustda ularni kuch bilan bostirib, o’z taxtini saqlab qoladi. Shahrisabz va Kitob bekliklari amirlik tarkibida qoladi.
Rossiya hukumati o’zining O’rta Osiyodagi bosqinchilik harakati bilan G’arb mamlakatlari, jumladan, Angliya bilan munosabatlarni keskinlashtirmaslik tadbirlarini ham ko’rdi. Rossiyaning Londondagi elchisi F.I.Brunov va Angliya tashqi ishlar vaziri lord Klarendon o’rtasida bo’lgan muzokaralar bunga misol bo’la oladi. Ular Turkiston «bufer» poyasi, ya’ni O’rta Sharqda Rossiya bilan Angliya yerlari o’rtasida birini-biriga tutashtirmaydigan betaraf hudud masalasini muhokama qildilar. 1873 yilda Angliya va Rossiya o’rtasida Afg’onistonning Angliya ta’sirida bo’lishi, uning shimoliy qismi va Amudaryo bo’ylari «betaraf hudud» bo’lib qolishi to’g’risida bitim imzolanadi. Bu bitim Rossiya imperiyasiga endi Xiva xonligi taqdirini hal qilishga kirishishga qulay imkoniyat yaratdi.

Yüklə 2,66 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   ...   139




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin