Samarqand davlat chet tillar instituti



Yüklə 2,66 Mb.
səhifə35/139
tarix28.11.2023
ölçüsü2,66 Mb.
#167183
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   139
Majmua 2023 yangi

Xiva xonligiga yurish. Fon Kaufman 1873 yil bahorida 12 mingdan ortiq zobit va askar, 56 ta to’p-zambaraklar bilan Xiva xonligiga yurish boshladi. Ayni paytda Xivaga qarshi Orenburg, Mang’ishloq, Krasnovodsk, shuningdek Kavkaz okrugi qo’shinlari ham yurishga kirishgan edi. Umumiy qo’mondonlik Kaufman zimmasiga yuklatilgan edi. Xiva xoni Muhammad Rahimxon bosqinchilarga qarshi o’z qo’shinlarining bir qismini Muhammadmurod devonbegi boshchiligida Chorjo’y tomonga, yana bir qismini Eltuzar inoq boshchiligida Qo’ng’irot tomonga, yana bir qismini amir To’ra boshchiligida Xazaraspga, Inoqbek boshchiligidagi qismni Xo’jayliga safarbar etdi. Xon chor Rossiyasi qo’shinlariga bas kelolmasligini anglab yetgan edi. Amudaryo bo’ylarida qirg’inbarot janglar bo’ldi. 1873 yil 18 may kuni Kaufman otryadlari Amudaryodan o’tib Xazaraspni egalladi, Qo’ng’irot va Xo’jayli shaharlari, Mang’it qal’asi zabt etildi, talandi. Istilochi qo’shinlar Xivaga yaqinlashib qolganda Muhammad Rahimxon poytaxtni tashlab chiqadi va Izmiqsho’r tarafdagi turkman ovuliga yashirinadi. Xivalik Otajon to’ra Kaufman huzuriga borib shaharni vayron etmaslikni so’raydi. Kaufman shaharni zabt etib, Otajon to’raga xonni topishni buyuradi va xon xazinasini, moddiy-ma’naviy boyliklarni qo’lga kiritadi.
1873 yil 12 avgustda Xivaga yaqin Gandimiyon qishlog’ida Kaufman bilan Rahimxon uchrashuvi bo’ladi va tarixda Gandimiyon shartnomasi deb nom olgan shartnoma imzolanadi. Shartnomaga muvofiq Xiva xonligi Rossiyaning vassaliga aylantirildi. Amudaryo quyi oqimining o’ng tomonidagi yerlar Rossiya imperiyasi tarkibiga kiritildi, xonlikka oltin hisobida 2 million 200 ming so’m tovon to’lash yuklatildi. Rossiya savdo-sanoatchilari Xiva xonligida bojsiz savdo qilish, xonlik hududida yer olish, sanoan korxonalari qurish xuquqini oldi. Xon o’zini Rossiya podshohining itoatkor xizmatkori, deb tan olishga majbur bo’ldi.
Qo’qon xonligining tugatilishi. Kaufman Xiva xonligi taqdirini hal qilgach, Qo’qon xonligini tugatishga kirishdi. Bu vaqtda Qo’qon xonligida hokimiyat uchun ichki kurash avjga chiqqan edi. 1868 yil 13 fevralda Kaufman va Qo’qon xoni Xudoyorxon o’rtasida shartnoma imzolangan bo’lib, xonlikning istilochilar bosib olgan hududlari Rossiya tasarrufiga o’tganligi e’tirof etilgan edi. Rossiya savdogarlariga Qo’qon xonligining barcha hududlarida hyechqanday moneliksiz faoliyat yuritish, karvonsaroylarga ega bo’lish huquqi berilgan edi. Bu shartnomadan qoniqmagan Qo’qon xonligidagi kuchlarning Xudoyorxondan noroziligi ortib boradi. Buning ustiga xonlik hududi qisqarganligini ro’kach qilib xazinani to’ldirish uchun yangi-yangi soliqlar joriy etiladi. Xudoyorxon bosqinchlarga o’zini yaqin tutar, Qo’qon bilan Rossiyani bir davlat deb hisoblardi. 1973 yilda Farg’ona vodiysida Xudoyorxonga qarshi qo’zg’olon boshlandi. Qo’zg’olonchilarning bir qismiga qirg’izlarning boston urug’idan chiqqan mulla Is’hoq Hasan o’g’li boshchilik qiladi. U Qo’qon xoni Olimxonning nevarasi Po’latxon deb e’lon qilinadi va u Namanga kelib qo’zg’olonga rahbarlik qila boshlaydi. Ayni paytda xonlikda Xudoyorxonning o’g’illari Nasriddinbek va Muhammad Aminbek, Sherali dodxoh, Abdurahmon oftobachi va boshqalar ham bosh ko’taradilar. Ular bir tomondan, Chor Rossiyasi bosqinchilariga qarshi, ikkinchi tomondan, Kaufmanga batamom tobe bo’lib qolgan Xudoyorxonga qarshi kurash boshlagan edilar. Xalq qo’zg’olonchi kuchlarga ergashadi. Qo’zg’olonchilar 1875 yil 9 oktyabrda Qo’qonni egallaydilar. Xudoyorxon ularni bostirishga ojizlik qilib, 1875 yil 22 iyulda Qo’qondan Toshkentga qochib ketadi. Kaufman Xudoyorxonning 40 aravadagi qimmatbaho boyliklarini musodara qilib, o’zini Orenburgga surgun qiladi. Xudoyorxon, chor ma’murlari hiylasini anglab yetkach, bir amallab bandilikdan qochit hajga ketadi va hayoti ayanchli yakun topadi. Xudoyorxon qochgach, qo’zg’olonchi kuchlar kimni xon qilib ko’tarish masalasida ikkiga bo’linib ketadi. Ayrim kuchlar Nasriddinbekni, boshqalari Po’latxonni taxtga chiqarmoqchi bo’ladi, ziddiyat yanada kuchayib boradi.
Kaufman xonlikdagi ichki kelishmovchilikdan foydalanib, uni batamom bosib olish uchun 1875 yil avgustda katta qo’shinlarni urushga safarbar etdi. Xonlikni bosib olishda generallar M.D.Skobelev, Golovachev va boshqa zobitlar «jonbozlik» ko’rsatdilar. Nasriddenbek, lashkarboshi Abdurahmon oftobachi bosqinchilarga taslim bo’lib ular tomoniga o’tdilar. 1876 yil fevralda xalq qo’zg’olonlari qon bilan bostiriladi. Po’latxon 1876 yil 1 martda dorga osildi, uning safdoshlari ayovsiz jazolandi. 1873-1876 yillardagi Farg’ona vodiysidagi qo’zg’olonlar xalqning ozodlik harakati edi. Buni o’sha davrda Kaufman ham xalq qo’zg’oloni deb e’tirof etgan.
1876 yil fevralida Rossiya imperatori Aleksandr II ning maxsus farmoni bilan Qo’qon xonligi tugatildi, uning o’rniga Farg’ona viloyati tuzilib, Turkiston general-gubernatorligi tarkibiga kiritildi. Viloyatga M.D.Skobelev harbiy gubernator etib tayinlandi. U tez orada Oloy vodiysini ham o’z tasarrufiga kiritdi. Endi bosqinchilar turkmanlar yashaydigan hududlarni istilo qilishga kirishdilar. 1877 yilda Qizil Arvot, 1881 yilda Asxabod, 1884 yilda Marv bosib olindi. Bosib olingan yerlarda Kaspiyorti viloyati tuzilib, u Turkiston general-gubernatorligi tarkibiga kiritildi. Shunday qilib, Rossiya imperiyasi 20 yil davom etgan qonli urush bilan butun O’rta Osiyoni bosib oldi. Bosib olingan o’lkada mustahkam va batamom o’rnashib olish maqsadida chet mamlakatlar bilan chegaralarni aniqlash choralarini ko’rdi. 1881 yilda Rossiya-Eron chegara konvensiyasi imzolanib, yangi Rossiya mulklari va Rossiya-Eron o’rtasidagi chegara belgilandi. 1885-1887 yillarda Rossiya va Angliya hukumatlari tomonidan Rossiya-Afg’oniston chegarasi, 1895 yilda esa Pomirdagi chegaralar belgilanadi. Bu chor Rossiyasining O’rta Osiyodagi bosqinchilik harakatining yakunlovchi nuqtasi bo’ldi.

Yüklə 2,66 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   139




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin