Amir-Temurning “Temur tuzuklari ” asarini o’qib shu buyicha insho tayyorlash. Mustaqillik yillarida “Temur tuzuklari” qayta-qayta nashr etilayotgani tahsinga loyiq. Turli manbalarda bu asar “Temur tuzuklari”, (“Tuzuki Temuriy”) “Temurning aytganlari” (“Malfuzoti Temuriy”) va “Temur haqida xotiralar” (“Voqioti Temuriy”) degan nomlar bilan ataladi. bugungi kunda “Temur tuzuklari”ning qo‘lyozma va toshbosma nusxalari dunyo bo‘ylab keng tarqalgan. Ushbu noyob asarni jahonning ko‘pgina mamlakatlarida, jumladan, Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSH, Rossiya, Finlyandiya, Daniya, Eron, Hindiston, Turkiya, Misr, Yaman kutubxonalaridan topsa bo‘ladi.
Tuzuk nima? “Tuzuk” so‘zining lug‘aviy ma’nosi qonun-qoidalar to‘plami, nizom, degan ma’nolarni anglatadi. Boshqacha aytganda, Tuzuk – Konstitutsiya (lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk) – davlatning Asosiy qonuni, deganidir.
“Konstitutsiya” atamasi, “Imperator Konstitutsiyasi” deb atalgan qonun misolida, qadimgi Rimdayoq ma’lum bo‘lgan. O‘z navbatida, “Temur tuzuklari” Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega bo‘lib, shariat qonunlari bilan bir qatorda Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari taqdiriga kuchli ta’sir o‘tkazgan.
Atoqli rus olimi D.Logofet “Temur tuzuklari”ni o‘rganib, unga Turkistonda Yevropadan 500 yillar oldin vujudga kelgan Konstitutsiyaviy kodeks, boshqacha aytganda, Amir Temur saltanatining Konstitutsiyasi, deb yuksak baho bergan. Binobarin, mustaqillikning dastlabki yillari – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasining muhokamasi davrida Asosiy qonunimizni “Tuzuklar” deb atash tavsiya etilgani ham bejiz emas.
Azaldan ma’lumki, qaysi bir asar mazmun-mohiyatan g‘oyatda qimmatli, amalda juda zarur bo‘lsa, o‘shandan ko‘plab nusxalar ko‘chirilgan va tarqatilgan. “Temur tuzuklari” asosan toju taxt sohiblari uchun muhim qo‘llanma hisoblangan. Shuning uchun ham hukmdorlarning aksariyati bu asardan nusxa ko‘chirtirib, shaxsiy kutubxonasida asragan va davlat siyosiy faoliyatida muhim yo‘l-yo‘riq sifatida foydalangan.