Taqirlar - O‗rta Osiyo tekislik qismining yer usti yuzasining o‗ziga xos
qoplamlaridan biri bo‗lib, tabiiy jarayonlarning noyob mahsuli – tabiiy
hodisasidir. Taqirlarning yuza qismi turli yo‗nalishlardagi yoriqlar (darzlar)
bilan qoplanib, zich metindek qattiq yalang suvsiz sozli tekisliklar bo‗lib,
qadimgi allyuvial tekisliklarda, Amudaryo, Sirdaryo, Murg‗ob daryolari
etaklarida qumliklar orasidagi mayin sozli pastliklarda dellyuviy bilan
qoplangan pastlik yerlarda katta maydonlarni egallab yotadi.
Sho‗rxoklar - O‗rta Osiyoning tekislik qismida, Turon pasttekisligida juda
katta maydonda uchraydi. Tuproq tarkibida tuzlar miqdori 3% dan oshsa,
sho‗rxoklar vujudga keladi, oqibatda tuproq yuzasi oppoq va yupqa tuz
qatlamlari bilan qoplanadi. Sho‗rxoklar Turon pasttekisligida grunt suvlari yer
yuzasiga yaqin (0-3m) hamda yog‗inga nisbatan mumkin bo‗lgan bug‗lanish bir
necha hissa ko‗p joylarda vujudga keladi. Negaki, grunt suvi yer betiga yaqin
bo‗lgan joylarda bug‗lanish tufayli suv bug‗ga aylanib ketib, tuzlar esa tuproq
yuzasida to‗planaveradi, natijada sho‗rxoklar paydo bo‗ladi. Sho‗rxok tuproqlar
tarkibida suvda tez eriydigan xlorli, sulfatli va natriyli tuzlar ko‗p bo‗lib, uning
kimyoviy xususiyatini yomonlashtiradi. Odatda sho‗rxoklar daryo vodiylarining
quyi qismida, uning deltalarida, kichik berk botiqlarda, tog‗ oldi qiya
tekisliklarida, Qizilqum cho‗lidagi tog‗lar oralig‗ida uchraydi. Sho‗rxoklarda
chirindi deyarli bo‗lmaydi, faqat o‗tloq va botqoq sho‗rxoklardagina gumusli
qatlam vujudga kelib, ajiriq va qiyoq o‗sadi. O‗rta Osiyoda katta – katta
sho‗rxoklar Mingbuloq, Qoraxotin, Oyoqog‗itma va boshqa cho‗kmalarni
egallab yotibdi.
Allyuvial botqoq va allyuvial o‗tloq tuproqlar asosan keng daryo
vodiylarida tarqalgan. Allyuvial botqoq tuproqlar Amudaryo, Sirdaryo,
Zarafshon va boshqa daryolarning birinchi terrassasida, yer osti suvi yer betiga
yaqin joylashgan maydonlarda tarqalgan. Masalan, Zarafshon daryosining qayir
va qayir usti birinchi terrassalarida, yer osti suvlari yer yuzasidan 1-2 metr
chuqurlikda yotadi. Ana shu massivlar asosan botqoq tuproqlar bilan
qoplangan. Botqoq tuproqlar uncha qalin bo‗lmasdan, bevosita allyuvial
yotqiziqlar ustida yotadi. Bu tuproqning eng ustki chirindi gorizontida gumus
miqdori 3-4% ga yetadi.