Rostgo‘ylik. Rostgo‘ylik yoki to‘g‘ri so‘zlilik insonning haqiqatga intilishi bilan bog‘liq, haqiqat esa doimo sinfiylik, partiyaviylik-mafkuraviylik va tarixiylik-davriylikdan yuqori turadi. Haqiqatning ifodaviy shakllaridan biri rostgo‘ylikdir. Demak, rostgo‘ylik ‒ keyinchalik shakllangan tabaqaviylik insonning ongiga, ruhiga singdirgan ijtimoiy-hayotiy, davriy-tajribaviy xususiyat emas, balki so‘zning mohiyatida berilgan fazilat89.
Rostgo‘ylik oson emas. U insondan sabr-toqat, matonat va jasoratni talab qiladi, rostgo‘y inson qo‘rquvdan forig‘ bo‘ladi, har qanday holatda ham vijdoniga qarshi bormaydi: kimlarningdir ko‘ziga qarab, yaqinlarini yoki hamkasabalarini xafa qilishdan, o‘z moddiy manfaatdorligiga zarar yetkazishdan cho‘chimaydi. To‘g‘ri, bunday munosabat tufayli rostgo‘y inson aziyat chekishi, ta’na-dashnomlarga qolishi mumkin. Lekin bularning hammasi bir odamga yoki muayyan guruhga voqelikni asl holicha yetkazganligidan, ularni noto‘g‘ri yo‘lga solib yubormagan-ligidan qalbda paydo bo‘lgan qoniqish hissi, xotirjamlik va orom tufayli yuvilib ketadi, ichki bir quvonch unga baland ruh bag‘ishlaydi.
O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrda qabul qilingan O‘RQ-415-sonli “Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasida “Ijtimoiy xizmat-larning asosiy prinsiplari” belgilangan bo‘lib, ular quyidagi axloqiy prinsiplariga amal qilishi ko‘rsatib o‘tilgan:
qonuniylik;
inson huquqlariga rioya etish;
insonparvarlik;
erkin foydalanish;
profilaktik yo‘naltirilganlik;
aniq yo‘naltirilganlik va individual yondashuv;
ixtiyoriylik90.
Ko‘rinib turibdiki, ijtimoiy ish prinsiplari to‘laqonli axloq bilan bog‘liq bo‘lib, ijtimoiy ish kasb sifatida ham, fan sifatida ham integral ahamiyatga ega. Ijtimoiy ish paydo bo‘lgan davrdan boshlab bu ish bilan pedagoglar, psixologlar, tibbiyot xodimlari va boshqa mutaxassislar shug‘ullandilar, ijtimoiy ish faoliyati turli ilm sohalari tutashgan joyda yuzaga keladi.
Ijtimoiy xizmatni faoliyat tarzida tasnif qilish masalasi murakkab jarayondir. Chunki u ijtimoiy, kasbiy va milliy me’yor hamda qadriyatlar tarkibida, ijtimoiy hayotning aralash jarayonlarida o‘z aksini topgan. Bu borada Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Bularning barchasi davr talabi. Bu talab iqtisodiyot va, ayniqsa, ijtimoiy sohaning, shuningdek, aholining muhim muammolarini bir oy yoki bir yildan keyin emas, balki shu bugun, hozirning o‘zida yechish zaruratidan kelib chiqadi”91. Shu sababli, ijtimoiy xizmatni tushuncha sifatida talqin etish uchun quyidagilarni inobatga olish lozim:
- ijtimoiy munosabatlar tarzini tartibga keltirishda tanlangan me’yorlarning ijtimo-iy-iqtisodiy hayot bilan bog‘liqligi;
- ijtimoiy muammolarni bartaraf etishni modellashtirish va prognozini amalga oshirishda etnomadaniy omillarni inobatga olish;
- muammolarga aloqador axborotlar, ularning tahlili va maqbul qaror qabul qilish texnologiyasining mavjudligi;
- ijtimoiy siyosat darajasidagi chora-tadbirlar, ularning vujudga kelgan talablarni qondirishga qaratilganligi;
- ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish uchun ta’lim muassasalarida alohida kasbiy tayyorgarlik yo‘nalishlarning tashkil etilganligi;
- jamiyat, turli ijtimoiy guruhlar orasidagi muvozanatni ta’minlay olishi;
- ma’naviy konseptga e’tibor qaratilganligini va boshqalar.
Ijtimoiy ish xodimlari Milliy Assotsiatsiyasi tomonidan qabul qilingan “Axloq Kodeksi”ning bo‘limlarida individual xulq-atvorga, masalan, konfeden-siallikka amal qilish mijoz bilan shaxsiy aloqadorlik tamoyili va boshqalarga taaluqli bo‘lsa, boshqa bo‘limlari inson huquqlari bilan ishlashga taaluqli ko‘plab misollarni o‘zida mujassamlashtiradi. AQShdagi ijtimoiy ish xodimlarining katta qismi mazkur Kodeksdan qo‘llanma sifatida foydalanadilar. Ushbu Kodeks ularga o‘z kasblarini inson huquqlari bilan bog‘lashda boshlang‘ich nuqta bo‘lib xizmat qiladi.
Kodeksni insonning mos huquqlariga amal qilishga nisbatan qo‘llab, AQShda ijtimoiy ish xodimlari o‘z kasblarining asosiy vazifasini bajaradilar. Kodeksda aks etgan bo‘limlar ijtimoiy ish xodimlarini o‘z mijozlarining huquqlariga amal qilishga chaqiradi. Garchi Kodeksning o‘zida bir marta ham “inson huquqlari” atamasi ishlatilmasa-da, uning tili baribir inson huquqlariga doir asosiy hujjatlar, ayniqsa, Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasining uslubini eslatadi. Kodeksni inson huquqlariga doir hujjatlar bilan aynan mos kelishini, ijtimoiy ish xodimlari nima uchun ularning kasblari inson huquqlari bilan mustahkam aloqada ekanligini yaxshiroq tushunadilar, hamda mazkur huquqlarga amal qilish tamoyilini amaliyotda yaxshiroq qo‘llaydilar.
Ijtimoiy ish insonga ham, uning ehtiyojlari qondirishga atrofdagilarning muhim amaliyot kasb etishini e’tiborga olgan holda atrofdagilarga ham yo‘naltiril-gan bo‘ladi. Ijtimoiy ish xodimlari nafaqat alohida odamlarga ko‘mak beradi, balki kengroq, global darajada ham o‘zgarishlar yasashga intiladilar. Respublikamizda olib borilayotgan demokratik huquqiy davlat barpo etish siyosati, o‘z navbatida, ijtimoiy ish xodimlariga bo‘lgan talabni yuzaga keltiradi va shu bilan birga bu soha vakillariga bir qator mas’uliyatli vazifalarni yuklaydi.
Ijtimoiy xizmat ko‘rsatish har bir tarixiy davrda yoki aniq bir siyosiy makonda joriy etilgan me’yorlar asosida amal qilgan va amal qilib kelmoqda92.
Retrospektiv usul asosida uning ijtimoiy-sotsiologik tadqiqini amalga oshirish uchun ijtimoiy xizmatga oid modellarni tahlil qilish lozim.
Ijtimoiy xizmat tizimini tadqiq etgan faylasuflar va sotsiologlar ijtimoiy xizmat bu ‒ maxsus fan, ijtimoiy xizmat bu ‒ amaliyot, ijtimoiy xizmat bu ‒ kasb ekanligini ta’kidlaydi93. Agar ijtimoiy xizmatni kasb sifatida idrok etsak94, bunda quyidagi madaniy-axloqiy omillarning mavjudligini alohida qayd etish lozim: ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning maqsadi; ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning amal qilish maydoni; ijtimoiy xizmat ko‘rsatish turlari; ijtimoiy xizmat ko‘rsatish vositalari va madaniyati; ijtimoiy xizmatdan foydalanish madaniyati; ijtimoiy xizmat ko‘rsatish mezoni va tamoyillari; ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning huquqiy asosi; ijtimoiy xizmat ko‘rsatish bosqichlari.
Ta’kidlash lozimki, jamiyat hayotini modernizatsiyalashuvi sharoitida xizmat ko‘rsatish faoliyati paradigmalarini belgilab olishni taqozo etadi. Chunki rivojlangan mamlakatlarda ijtimoiy ish bir xil emas. Buning sababi ijtimoiy, madaniy, axloqiy, etnik, diniy, moliyaviy, siyosiy va boshqa omillardir. O‘rganilgan manbalar asosida ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning diqqatga loyiq quyidagi modellarini qayd etish mumkin: AQSh; Yevropa (G‘arbiy va Markaziy Yevropa mamlakatlariga taalluqli); Yevroittifoqqa a’zo bo‘lgan davlatlar.
Modellar iqtisodiy, siyosiy, madaniy va huquqiy kabi turli omillar asosida vujudga kelgan bo‘lsa-da, ularni birlashtiruvchi doktrina ‒ “Insonlarga amaliy yordam ko‘rsatish” hisoblanadi. Shu ma’noda R.Barker ijtimoiy xizmat ko‘rsatishni “boshqa odamlarga qaram bo‘lib qolgan, o‘zi haqida g‘amxo‘rlik qila olmaydiganlarni me’yoriy rivojlanishi uchun zarur ehtiyojlarini qondirish maqsadida aniq faoliyatni bajarishdir95”, deya ta’riflaydi.
Shuni ta’kidlash joizki, ijtimoiy xizmatning faoliyat sifatida institutlashuvi turli mintaqalarda diniy, iqtisodiy, madaniy va siyosiy omillarning ta’siri asosida shakllangan. Yuqorida qayd etilgan maqsadlarning barchasi ijtimoiy ish kasbining zaruriy omillari sanaladi va bu kasbning egasidan vijdonan yondashishlik talab qilinadi. Ushbu soha vakillarini respublikamizda mavjud huquqiy-me’yoriy hujjatlar ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respub-likasining 2016-yil 14-sentabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘RQ-406-sonli Qonuni, O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi «Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida»gi O‘RQ-415-sonli Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlan-tirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi PF-4947-sonli Farmoni, shuningdek, Prezidentimizning “Oliy Majlisga Murojaatnoma”lari, 2018-yil 22-yanvardagi “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili Davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-5308-sonli Farmoni, “Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoyishi96 va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda ijtimoiy ish xodimiga qo‘yiladigan talab va axloqiy normalari o‘z aksini topgan.