«Isteriyani tadqiq qilish» (1895) kitobini nashr qilish bilan yakunlandi. Ular bu kitobda isterik simptomlarning paydo bo’lishiga jarohatlovchi hodisalarni eslatuvchi ong ostiga siqib chiqarilgan xotiralar sabab bo’ladi degan xulosaga kelishdi.
Freyd bilan Breyer o’rtasidagi shaxsiy va kasbiy munosabatlar taxminan «Isteriyani tadqiq qilish» kitobi nashr qilinishi bilan bir vaqtda keskin uzilib qolgan. Hamkasblarning birdaniga ashaddiy raqiblarga aylanib qolishining sabablari hozirgacha noma’lum. Freydning biografi Ernest Jounning tasdiqlashicha, Breyer isteriyaning kelib chiqishida seksuallilikning roli masalasida Freydning fikri bilan umuman kelisha olmagan va shu narsa ular munosabatlarining uzilishiga sabab bo’lgan. Boshqa bir tadqiqotchi Stilning fikricha, Breyer yosh Freyd uchun xuddi «ota figurasi» vazifasini bajargan va uning bartaraf qilinishi Freyddagi «edip kompleksi» tufayli ham shart bo’lgan (Izoh: «edip kompleksi» tufayli bolada otaning doimiy vasiyligidan xalos bo’lib, uning o’rnini egallash ongsiz mayli paydo bo’ladi). Sababi noaniq bo’lsa-da, bu ikki shaxs shundan so’ng hech qachon do’st sifatida uchrashishmagan.
Freydning isteriya va boshqa psixik buzilishlar asosida seksuallilik bilan bog’liq muammolar yotishi haqidagi fikrlari 1896 yilda uning Vena tibbiyot jamiyati a’zoligidan chiqarilishiga sabab bo’ldi. Bu vaqtda Freydda keyinchalik uning psixoanalitik ta’limotiga asos bo’ladigan ma’lumotlar nihoyatda kam edi. Ustiga-ustak bu vaqtda unda ma’lum ma’noda tushkunlik kayfiyati ham paydo bo’lgan.
Jonsning kuzatishi bo’yicha, bu vaqtda Freydning o’zini o’zi baholashi uning quyidagi fikrida yaqqol ifodalanadi: «Mening qobiliyat va iste’dodim nihoyatda cheklangan - men na tabiiy fanlarda, na matematikada va na hisobda kuchli emasman. Biroq, o’ylaymanki, mening cheklangan bilimlarimning o’ziyoq juda ham kuchli rivojlangan».
1896-1900 yillar oralig’i Freyd uchun yolg’izlikda kechgan sermahsul davr bo’ldi. Bu davrda u o’z tushlarini tahlil qilishni boshlaydi, 1896 yil otasining o’limidan so’ng esa har kuni uyqudan oldin yarim soat o’zini-o’zi tahlil qilish bilan shug’ullanadi. Uning mashhur «Tushlarni ta’birlash» (1900) asari o’z shaxsiy tushlarini tahlil qilishga asoslangan. Lekin dastavval bu noyob asar psixiatriya jamiyati tomonidan inkor qilindi, Freyd esa, o’z mehnati uchun atigi 209 dollar mualliflik gonorarini oldi va ishonish qiyin bo’lsa ham, u keyingi sakkiz yil mobaynida o’z kitobidan atigi 600 nusxa sota oldi, xolos.
«Tushlarni ta’birlash» nashr qilingandan keyingi besh yil ichida Freydning obro’si shunchalik ko’tarildiki, u dunyo tanigan vrachlar safidan o’rin oldi. 1902 yilda «Psixologik chorshanbalar» jamiyati tashkil bo’lib, unga Freydning eng sodiq intellektual izdoshlari kirdi. 1908 yilda bu jamiyat Vena psixoanalitik jamiyati deb atala boshladi. Jamiyat a’zolari bo’lgan Ernest Jons, Shandor Ferensi, Karl Gustav Yung, Al’fred Adler, Gans Saks, Otto Rank kabi Freydning ko’plab safdoshlari keyinchalik har biri o’z yo’nalishida taniqli psixoanalitiklar bo’lib yetishdilar. Birmuncha kechroq esa Adler, Yung va Ranklar Freyd izdoshlari safidan chiqishib, o’zaro raqobatdagi ilmiy maktablarga asos solishdi.
1901-1905 yillar Freydning ijodiy faoliyatida alohida sermahsul davr bo’ldi. Freyd o’zining bir necha asarlarini, jumladan «Kundalik turmush psixopatologiyasi» (1901), «Seksuallilik haqida uch esse» (1905), «Yumor va uning ongsizlikka munosabati» (1905) kabi kitoblarini nashr qildi. «Uch esse...»da Freyd bolalar jinsiy mayllar bilan dunyoga keladilar va ota-onalar ular uchun dastlabki seksual obyektlar bo’lib xizmat qiladilar, degan fikrni ilgari surdi. Ushbu fikrga nisbatan darhol ijtimoiy norozilik paydo bo’ldi. Freydni seksual perversiyalardan (noto’g’ri tomonga yo’nalgan) aziyat chekadigan, axloqsiz odam sifatida ayblay boshlashdi. Ko’plab tibbiyot muassasalarining Freydning bolalar seksualliligi haqidagi qarashlariga toqat qilayotganligidan norozi bo’lgan odamlar ularga qatnamay qo’yishdi.
1909 yilda psixoanalitik harakatni o’lik nuqtadan qo’zg’atib, izolyasiya holatidan xalqaro obro’-e’tibor yo’liga olib chiqqan voqyea sodir bo’ldi. Stenli Xoll Freydni Massachusets shtatining Uorchester shahridagi Klark universitetiga ma’ruzalar o’qish uchun taklif qildi. Tinglovchilar ma’ruzalarni iliq kutib olishdi va Freyd faxriy doktor darajasi bilan taqdirlandi. Uning obro’si kundan-kun ortib borardi, odamlar dunyoning turli burchaklaridan unga maslahat so’rab murojaat qila boshlashdi. Lekin muammolar ham yo’q emas edi.
1919 yilda u urush tufayli o’zining barcha jamg’armalaridan ayrildi. 1920 yili uning 26 yoshli qizi vafot etdi. Lekin uning oldidagi eng katta sinov frontda jang qilayotgan ikki o’g’lining taqdiri uchun xavotir kayfiyati bo’ldi. Qisman birinchi jahon urushi va antisemitizmning yanada avj olishi ta’sirida Freyd 64 yoshida insonning universal instinkti haqidagi nazariyani - o’limga moyillik nazariyasini yaratdi. Insonning kelajagi haqidagi pessimizmga qaramasdan, Freyd o’z g’oyalarini yangi asarlarida bayon qilishda davom etdi.
Nashr qilingan asarlar ichida «Psixoanalizga kirish bo’yicha ma’ruzalar» (1920), «Lazzatlanish tamoyilining u tomonida» (1920), «Men va U» (1923), «Bir illyuziyaning kelajagi» (1927), «Sivilizasiya va undan norozilar» (1930), «Psixoanalizga kirish bo’yicha yangi ma’ruzalar» (1933) va 1940 yilda Freydning o’limidan so’ng nashr etilgan «Psixoanaliz ocherki» asarlari alohida o’rin tutadi.
Freydning 1930 yilda adabiyot sohasidagi Gyote sovrini bilan mukofotlanishi uning nihoyatda qobiliyatli yozuvchi bo’lganligidan dalolatdir.
Birinchi jahon urushi Freydning hayoti va tasavvurlariga katta ta’sir ko’rsatdi. Klinikada davolanayotgan askarlar bilan ishlash uning psixopatologik belgilarning turli-tumanligi va o’ta nozikligi haqidagi tasavvurlarini kengaytirdi. Shuningdek, 1930-yillarda antisemitizmning kuchayishi uning inson ijtimoiy tabiati haqidagi qarashlariga kuchli ta’sir qildi. 1932 yilda u gitlerchilarning doimiy tahdid nishoniga aylandi (Berlinda nasistlar uning kitoblarini bir necha marta gulxanda yoqishdi). Bu voqyealarni Freyd shunday sharhlagan edi: «Qanaqangi taraqqiyot! O’rta asrlarda ular mening o’zimni yoqishgan bo’lishardi, hozir esa kitoblarimni yoqish bilan qanoatlanishayapti». Faqat Vena obro’li fuqarolarining diplomatik yo’llar bilan aralashuvlaridan so’ng unga 1938 yilda nasistlar bostirib kirgandan so’ng shaharni tark etib chiqib, Angliyaga ketishga ruxsat berildi.
Freyd 1939 yilning 23 sentyabrida Londonda vafot etdi. U yaratgan ta’limotning o’zagini tashkil qiluvchi psixoanaliz atamasi uch xil mazmunni anglatadi: 1) shaxs va psixopatologiya nazariyasi, 2) shaxs buzilishlari terapiyasi usuli va 3) individumning anglanmagan fikrlari hamda hissiyotlarini o’rganish usuli. Nazariyaning terapiya va shaxs o’lchovi bilan bunday bog’lanishi Freydning inson xulqi haqidagi tasavvurlarining barcha qirralarini qamrab oladi. Lekin bu murakkabliklar ostida bir necha asosiy konsepsiya va tamoyillar borki, ular Freydning shaxsga psixoanalitik yondashuvining o’zagini tashkil qiladi. Ushbu qo’llanma ana shu asosiy tushuncha va tamoyillarnigina yoritishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan.
E’TIBORINGIZ UCHUN RAHMAT!
Dostları ilə paylaş: |