Samarqand davlat universiteti pedagogika fakulteti pedagogika ka
SOHIBQIRON AMIR TEMUR (1336—1405) Amir Temur Ko‘ragon ibn Amir Tarag‘ay Tavalludi: Hijriy 736 yilning 26 sha’bon/milodiy 1336 yilning 9 aprel kuni Kesh (hozirgi SHahrisabz)dan 13 km. masofa uzoqlikda joylashgan Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida tavallud topgan. Ismi: Temur. Laqabi: Amir Temurning «Sohibqiron», «Ko‘ragon», «Oqsoq Temur», «Abul Muzaffar» kabi laqablari bor edi. Temurning «Sohibqiron» deb atalishi sababi bo‘yicha bir qancha mulohazalar bor, lekin eng munosibi «sohibi Qur’on» deya atalishidan shu laqab kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. CHunki ba’zi manbalarda Temur yoshligidanoq Qur’onni yod olgan, deb aytilgan. «Ko‘ragon» so‘zi «xonning kuyovi» degan ma’noni bildiradi. Amir Temur raqibi Husayin ibn Musallabni mag‘lub etgach, uning bevasi Saroy Mulk xonim – Qozonxonning qizini nikohiga olgach, xonning kuyovi sifatida «Ko‘ragon» unvonini oladi. Amir Temur keyinroq yana xonning qiziga uylangan . SHuningdek, uning o‘g‘illari, nabiralari orasida ham xonning qiziga uylanib «Ko‘ragon» laqabini olganlar bor.
Masalan, Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bek Ko‘ragon. Sohibqiron Amir Temur butun hayoti davomida qanchadan qancha mamlakatlarni o‘ziga bo‘ysundirgan bo‘lsa ham, lekin o‘zini rasman xon deb sira e’lon qilmadi. Balki u xon avlodidan bo‘lgan bir kishini rasmiy xon sifatida tayinlab , mamlakatni o‘zi boshqardi. U o‘zi uchun «xonning kuyovi» degan unvon bilan kifoyalanar edi. «Ko‘ragon» unvoni barcha tantanali marosimlar va juma namozlarida xutbaga qo‘shib o‘qilar edi. Sohibqiron Amir Temurning nomi tarixiy manbalarda – turkchada «Oqsoq Temur», forschada «Temurlang» va g‘arbda «Tamurlen» deb ham nomlanadi. Bunga sabab Temur 1362 yilda Seiston bilan bo‘lgan jangda o‘ng qo‘li va o‘ng oyog‘idan og‘ir yarador bo‘ladi. Keyinchalik o‘ng qo‘li deyarli quruqlashib, o‘ng oyog‘i oqsab qoladi. «Abul Muzaffar» - arabcha so‘z bo‘lib, zafar ya’ni g‘alabaning otasi degan ma’noni bildiradi. Sohibqironning bu laqabi SHarafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asarida uchraydi.
Otasi: Tarag‘ay. Sohibqironning otasini ismi bo‘yicha tarix kitoblarimizda ba’zi mulohazalar bor. Xususan, «Tarag‘ay» so‘zi ma’no anglatmaydi degan kishilar Amir Temurning otasini ismi Tarag‘ay emas, To‘rg‘ay bo‘lgan bo‘lishi mumkin, degan . Ba’zilar Amir Temurning otasini ismi Tarag‘ay emas, Turag‘ay bo‘lgan bo‘lsa kerak, turag‘ay so‘zi turaqol, yashayqol degan ma’nosida emasmikan, deya mulohaza qilgan ... Amir Temur nabirasiga otasining ismini qo‘ygani sababli bu mulohazalar Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek Mirzoning ismiga ham tegishlidir. Tarag‘ay bahodirning tug‘ilgan yili manbalarda uchramaydi, 1360 yilda vafot qilgan. Onasi: Tegina Xotun. Muhammad Ali «Amir Temur solnomasi» risolasida keltirilishicha, Tegina Xotun alloma Ubaydulloh al-Buxoriyning qizi bo‘lib, milodiy 1334 yil 16 yoshda Tarag‘aybekka uzatilgan. Sohibqiron Amir Temurning onasi va otasi SHahrisabzda dafn etilgan.
Amir Temur onasining xotirasiga bag‘ishlab balandligi 71 metr keladigan dunyoga mashhur Oqsaroy yodgorligini bunyod ettirgan.