Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti a. Sh. Umarov


Hindixitoy yarim orolida tashkil topgan sinfiy jamiyat va



Yüklə 4,11 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə41/64
tarix03.10.2023
ölçüsü4,11 Mb.
#151748
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   64
8.3. Hindixitoy yarim orolida tashkil topgan sinfiy jamiyat va 
davlatlar 
Tarixiy manbalarda Vetnam hududida dastlabki davlatning paydo 
bo'lish tarixi turlicha sanalarda ko'rsatilgan. Masalan, «Qadimgi sharq 
tarixi» asarida birinchi vetlar davlati Yue miloddan avvalgi VII asrda 
Yantszining quyi oqimi hududida vujudga kelgan. Boshqa manbalarda 
yozilishicha, bu voqea miloddan avvalgi III asrning tugallanish arafasida 
sodir bo'lgan. Ya'ni, Qizil daryo - Xongxadan to Xitoyning Sitszyan 
vodiysigacha cho'zilgan hududda Vanglang davlati tuzilgan. Keyin 
uning o'rnini Aulak egallab, uning aholisi tarkibini "aulaklar" va 
aksariyati "lakiyelar" bo'lgan etnik vetlar jamoalari tashkil qilgan va ular 
yerlarni o'zlashtirib dehqonchilik, baliqchilik va hunarmandchilik bilan 
shug'ullangan. Lekin oradan bir asr o'tar-o'tmas Sin imperiyasi vetlar 
davlatini bosib olgach, mustaqillik uchun olib borilgan janglarda oxiri 
xitoylar mag'lub bo'lib, Namvet davlati vujudga kelgan. Biroq, oradan 
ko'p o'tmay yana xitoyliklarning bostirib kirishi tufayli Namvet uch 
etnik hududga bo'lingan va faqat shundan so'ng, nihoyat, vetlar tugal 
ravishda tarqoqlikka barham berib, xalq sifatida birlashish va rivojlanish 
pallasiga kirgan. Ayrim xitoy xronikalariga qaraganda, Vetnamda 
davlatchilik faoliyati, yuqoridagi talqindan farqli o'laroq, miloddan 
avvalgi II asrdan boshlanganligi Nan'yue, Dun'yue va Min'yue davlatlari 
misolida qayd etilgan. Ularda shuningdek, vetlarning Xan imperiyasi 
bilan bo'lgan harbiy to'qnashuvlari va kelishuvlari quyidagi hujjatlarda 
bayon etilgan, ya'ni: "Miloddan avvalgi 138 yili Vetnamdagi 
davlatlarning o'zaro kelishmovchiliklari natijasida kuchsizlanishidan 
Xan imperiyasi Dun'yueni bosib olgan; Namvet bilan imperator Udi 
jiddiy jangga kirishga tayyorgarchilik ko'rgan; 192 yili chet ellik 
mustabidlarga harshi qo'zg'olonlar vaqtida yangi «Lini» davlati 
hukmdori Szin sulolasi imperatoriga boj to'lagan”.
Vetnam davlatchiligi tarixiga doir ilmiy nashrlarda zikr etilgan 
davlatlar ichida Namvet qudratiga juda yuqori baho berilgan. Chunki u 


141 
milodadn avvalgi II asrda Janubi-Sharqiy Osiyoda eng kuchli davlat bo'-
lib, hatto o'z iqtisodiy va harbiy salohiyati bilan Xan imperiyasiga ham 
tenglashgan. 
Garchi vetlar asrlar mobaynida xitoyliklarga tobe bo'lgan bo'lsalar-
da, ammo bu hali ularning taqdirga tan berishi emasdi. Chunki, o'tgan 
asrlar jarayonida, mahalliy aristokratiya turli viloyatlarda borgan sari o'z 
hukmronligini o'rnatib, xitoy ma'muriyatiga bo'ysunmay qo'ygandi. Shu 
sababdan "541 yili janubiy Xitoy hukmdori Lyanning Vetnamda o'z 
tazyiqini yanada kuchaytirish maqsadidagi intilishlari keskin umumxalq 
noroziligiga duch kelib, bu harakatga rahbarlik qilgan Li Bon Vansuan 
davlati taxtining sohibi, deb e'lon qilingan". 
Qadim Vetnam tarixidagi ijtimoiy-siyosiy hayotda yuz bergan 
uzluksiz o'zgarishlarga e'tibor bersak, goh yerlik hukmdor doiralarning 
o'zaro ziddiyatlari, goho bu ahvoldan foydalangan xitoyliklarning 
yurishlari va vetlarning ularga qarshi kurash olib borganliklarining 
shohidi bo'lamiz. Shulardan biri, X asrning ikkinchi yarmidagi Ngo 
Kuyey boshchiligidagi xalq qo'zg'oloni vaqtida bosqinchilarning quvib 
chiqarilishi va "Daykovet-Qadimgi ulug' Vet» davlatining paydo bo'lishi 
edi. Daykovetning qo'shni qirollik bilan yovga birlikda zarbalar 
berganliklari va shuningdek, chet elliklar tazyiqidan qutilgan har ikki 
davlat o'rtasida serhosil yerlarga egalik qilish yo'lidagi kurashlar 
oqibatida yana tarqoqlikning kuchayganligi va boshqalar. 
Vetnam tarixida tinchlik va barqarorlikda o'tgan davrlar juda kam 
bo'lganligini, uzoq o'tmishdan Xitoy va Vetnam o'rtasidagi munosabatlar 
muttasil jangu jadallarda o'tgan bo'lsa ham, ammo xitoy davlatchilik 
tizimi Vetnamda ham qo'llanilgan. Binobarin, "barcha harbiy va 
fuqarolik ishlari bo'yicha mutasaddi rahbariyat to'qqiz pog'onaga 
bo'lingan. Ular yuqoridan keladigan jami buyruq va ko'rsatmalar asosida 
ish yuritganlar. Mutlaq hukmdorlik esa, "davlatga qarashli barcha 
yerlar"ning egasi hisoblangan podsho qo'lida bo'lgan". 
Daykovet davlati o'zining taraqqiyot pallasida ijtimoiy va iqtisodiy 
jihatdan bir qancha tadbir va rejalarni amalga oshirib ulgurgan edi. 
Aytaylik, agar "Yuz hamkorlik mahsuli" nomli reja qishloq xo'jaligi, 
hunarmandchilik va qurolsozlikning rivojiga katta hissa qo'shgan bo'lsa, 
"Xongik" nomli qonunlar majmui fuqarolarning ma'naviy va ma'muriy 
tomondan o'z haq - huquqlarini anglab yetishlariga rasman imkon 
bergandi. 


142 
1009 yili Li oilasining taxtni egallashi ham Vetnam uchun muayyan 
rivojlanish yo'lini ochib berdi. Taxminan 200 yil hukmronlik qilgan 
sulola namoyandalari o'z saltanati chegaralarini Champa, Xitoy va 
Kxmer imperiyalari hujumlaridan himoyalash uchun son jihatdan yetarli 
va kuchli qurollangan armiyaga ega bo'ldi. Bunday harbiy qudratga 
erishish, avvalo, iqtisodiy sohasidagi yutuqlar zamirida paydo bo'lgan 
bo'lsa, qolaversa, mazkur yuksalish madaniyat va san'at taraqqiyotida 
ham siljishga zamin yaratdi. 
Mo'g'ullarning Osiyo mamlakatlariga yurishi davrida Daykovet va 
Champaga uyushtirgan hujumlari va janglari o'zining o'zga o'lkalardagi 
natijasidan sezilarli darajada farqlangan. Kuchli va ko'p sonli mo'g'ul 
askarlariga ega Xubilayxon vetlar ustidan tugal g'alaba qozonishga ko'p 
uringan, lekin maqsadga muyassar bo'lish nasib etmagan. Shunday 
to'qnashuvlarning so'nggisida Xubilayxonning o'g'li Tugana o'z qo'shini 
bilan Daykovetga bostirib kirgan. Ammo vetlar qo'mondoni Chan Xing 
Dao og'ir ahvoldan chiqib ketish uchun Qizil daryo deltasini tashlab, 
qo'shinni dengiz orqali dushmanning ortidan hamla qilishga boshlagan. 
Bu harbiy taktik uslub mo'g'ullarni chekinishga majbur qilgan. Shunda 
mag'lub bo'lgan Xubilayxon Daykovetga qayta hujum qilish uchun hatto 
Yaponiyaga bo'lajak yurishidan ham voz kechgan. 
Dastlab - 1288 yili 300 ming askarga ega mo'g'ul xoni shiddatli 
hujumlar bilan Daykovet poytaxti muzofotigacha kirib borgan. Shunda 
vetlar dushmanning oziq-ovqat zahiralarini yo'q qilish bilan birga 
mo'g'ul qo'shinlari kemalari yo'lini juda bir ustalik bilan to'sganlar. 
Ya'ni, kemalar yo'lini bilgan mahalliy dengizchilar suv ostiga o'tkir tig'li 
qoziqlar qoqib chiqqanlar. Bu yo'ldan suzayotgan mo'g'ul kemalari 
suvda tagi teshilib, askarlari bilan dengiz qa'riga g'arq bo'lgan. 
Bosqinchilar orasida mag'lubiyat kayfiyati tufayli tarqoqlik kuchayib, 
ularning qolgan qismi yana tog'lik so'qmoq yo'llarda harbiy tuzoqlarga 
duch kelib, tugal halokatga uchragan. 
Muttasil davom etgan urushlardan keyin ochlik va vayronagarchilik 
bois dehqonlar qo'zg'oloni hamda aristokrat davralarda esa qurolli 
to'qnashuvlar avj olib, mamlakatda chuqur siyosiy beqarorlik hukm 
surgan. Shunda Chan Txu Do ismli hukmdor o'z atrofida kichik va o'rta 
mulkdorlarni birlashtirib, Chan sulolasiga asos solgan. Bu voqealardan 
xabardor Xubilayxon, garchi uzoq muddatgacha Vetnam ostonasida o'z 
qo'shinini yangi hujumlar uchun tayyor holda saqlagan bo'lsa-da, ammo 


143 
o'tmish saboqlarini unutolmay, oxir-oqibatda qayta harbiy yurish 
qilishga jazm qilmagan. Janubi-Sharqiy Osiyoning yirik davlatlarida o'z 
g'alaba bayrog'ini tikkan Xubilayxondek muzaffar mo'g'ul xoni 
vetlarning shijoati va matonatiga bas kelolmagan. 
Tarixan vetlar hududining ikki qismga bo'linishi 1527 yili o'zini 
imperator deb e'lon qilgan Mak Dang Zung hukmronligi vaqtida 
oppozitsiyada bo'lgan kuchlarning harakati sababli boshlangan. Bu 
harakatga muqaddam Le sulolasi harbiy xizmatida bo'lgan Nguyen Kim 
rahbarlik qilgan. Shunday qilib, Vetnamda "XVII asrdan ikki kuchning 
markazi shakllangan - Nguyenlar va Chinlar", Ikki taraf o'rtasidagi 
janglar juda uzoq davom etib, faqat 1673 yili, taraflarning kuchsizlanishi 
tufayli ikki o'rtada "majburiy tinchlik"ga erishilgan. 
Birma tarixiga doir adabiyotlarda uning uzoq o'tmishi xususiga 
munosabat turlicha, «bu o'lkada kishilik jamiyati va davlatchilikning 
shakllanishi Hindixitoydagi umumiy taraqqiyot jarayonidan farq 
qilmagan»ligi ta'kidlangan. Olimlar xulosasiga ko'ra paleolit va neolit 
davrlariga xos arxeologik topilmalar majmui asosida bayon qilnadi. 
Binobarin, bu hududga birinchi bo'lib mon-kxmer qabilalari joylashib, 
ular baliqchilik va ovchilik bilan kun kechirganlar. 
Tadqiqotchilar fikricha, "Birma o'ziga xos rivojlanish yo'li bo'yicha 
birorta Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga o'xshamagan" va uning 
birinchi aholisi "Karen", "Mon" va “Pyu" kabi Sharqiy Tibetdan kelgan 
«Tibet-Birman guruhi»ga mansub qabilalar bo'lgan. «Tibet-Birman 
guruhi» qabilalari Birmaga ancha kech ko'chib kelib, ularning ba'zilari 
Iravadi vodiysida, boshqalari esa janubiy viloyatlarda yashagan. 
Shuningdek, ba'zi ilmiy manbalarda qabila jamoalari orasida kichik 
davlatlar paydo bo'lishining birinchi sababi, hindlarning ta'siri natijasi 
bo'lsa, ikkinchisi, Birmada buddizmning qabul qilinishidan ko'rilgan. 
Zikr qilingan manbalardagi ma'lumotlardan farqli o'laroq, milodning V-
VIII asrlarida Birmaning markazida tibet-birman xalqi barpo etgan 
Shrikshetra davlati faoliyat ko'rsatgan. Ammo bu davlat IX asrda 
Nanchjao tazyiqi ostida tarqalib ketgan. 
Birmaning davlatchilik tarixida XI-XIII asrlardagi Pagan saltanati 
alohida o'rin tutgan. Chunki qirol Anavratha 1044-1077 yillardagi 
hukmronlik davrida o'z islohotlari va harbiy sohadagi muvaffaqiyatlari 
bilan davlatining kuch-qudratini mustahkamlashda asosan islohotlar 
natijalariga suyangan. Davlatning sarhadini kengaytirish maqsadida olib 


144 
borilgan janglarda asir olingan me'morlarni diniy, maishiy va madaniy 
sohadagi qurilish ishlariga jalb etilib, o'n uch mingdan ziyod diniy 
ibodatxonalar qurilgan. 
Umuman, XI-XIII asrlar Birmada madaniyatning shakllanish va 
o'sish davri bo'lgan, deyish mumkin. Garchi mahalliy yozuv, badiiyat va 
san'at turlari qadimgi mon va pyu qabilalaridan tashkil topgan 
birmaliklarning o'z milliy mentaliteti zamirida yuzaga kelgan bo'lsa- da, 
bu xususda shuningdek, hindlar ham ishtirok etganlar. Chunki Birmada 
Hindiston bilan yaqin qo'shnichilik munosabatlaridan tashqari, doim 
aholi orasida hinduizm e'tiqodidagi jamoalar yashagan. 
Afsuski, XIII asrdagi madaniy taraqqiyot pallasida, mo'g'ullar 
bosqini barcha Janubiy va Sharqiy Osiyo mamlakatlari singari Birmani 
ham o'z qamroviga olgan. Mo'g'ullar hujumi vaqtida hatto himoya 
vositasi sifatida ibodatxonalargacha buzilib, ularning uskunalaridan 
bosqinchilar yo'liga maxsus to'siqlar yasalgan, lekin foydasi bo'lmagan - 
Pagan davlati yo'q qilinib, Birma yana bir necha katta-kichik 
qirolliklarga bo'linib ketgan. Keyingi XIII-XVIII asrlar, Birma uchun 
Inva, Taungu Pakhine va Pyu kabi besh qirollikning o'zaro olib borgan 
janglari bilan xarakterli. 
Shunga qaramay, hatto o'zaro tarqoqlikda o'tgan yuzyilliklar 
jarayonida ham, XV asr boshi Taungu qirolligining kuchayishi va ta'sir 
doirasining kengayishi bilan tarixda qolgan. Ammo bu qudratli 
qirollikning Siam bilan olib borgan bardavom urushlari, axir uni holdan 
toydirgan va Birmada yana tarqoqlik tendentsiyasi hukm surib, uning 
asorati uzoq o'nyilliklarga cho'zilgan. 
Yuqoridan ma'lumki, XVIII asrdan yevropaliklarning Janubi-
Sharqiy Osiyo mintaqasidagi davlatlarga bo'lgan qiziqishi kuchaygan 
edi. Garchi mazkur mamlakatlar orasida Birma o'zining bandargohi va 
qimmatbaho dorivorlari bo'lmaganligi tufayli yevpropaliklar uchun 
ikkinchi darajali savdo obyekti hisoblangan bo'lsa ham, lekin XIX asr 
boshidan Birma ham Angliyaning yangi bozorlar uchun olib borgan 
kurashi maydoniga aylandi. Bu vaqt Birmaning so'nggi qiroli 
Aloungpaya hukmronligi yillariga to'g'ri keldi. 
Tayland to shu vaqtgacha taylarning kelib chiqishi va ularning asl 
vatani avval qayerda bo'lganligi haqida aniq ma'lumotlar deyarli yo'q. 
Tarixiy nuqtai nazardan hozirgi Tailand hududida, ilmiy taxminga ko'ra, 
besh ming yil muqaddam bronza asri sivilizatsiyasi boshlangan va 


145 
monlar, kxmerlar hamda taylardan tashkil topgan muhojirlar bu makonni 
o'zlashtirib, hosildor yerlarga aylantirganlar. Ikkinchi bir manbadan 
taylar ajdodlari avval janubi-g'arbiy Xitoyda, ya'ni Guansi va Guychjou 
viloyatlaridagi daryolar vodiysida yashaganliklari ma'lum. 
Lekin xitoy solnomalarida yozilishicha, taylarning ilk ajdodlari - 
qabila yoki urug'larining bir qismi miloddan avvalgi 2000 yillardan 
janubiy Xitoy hududiga tarqalganlar. Miloddan avvalgi 221-220 yillarga 
kelib xitoyning Sin imperiyasi tay xalqlari joylashgan yerlarni o'z 
tasarrufiga olgan. Chunki, miloddan avvalgi III - II asrlarda chorvachilik 
bilan shug'ullangan qadimgi taylarning tog'lik hududlarda Diyen va 
Yelan kabi qabila asosidagi nisbatan rivojlangan davlatlari bo'lgan. Bu 
yerda, xususan Yelanda hatto xo'jalik ishlari mahalliy yozuvdagi xat-
hujjatlar asosida olib borilgan. 
Miloddan avvalgi 122 yili taylarning taqdirida muhim burilish yuz 
bergan - Aliao davlati tuzilgan. Garchi bu «burilish»da, yangi davlat 
fuqarolarining muayyan qismi janubiy Xitoyda qolgan bo'lsalar ham, 
ammo ularning asosiy qismi laos va shanlar bilan bir xalq sifatida 
birlashgan. Shundan boshlab Xitoyning taylarga qilgan yurishlariyu 
urushlari to'xtamagan va taylar mustaqillik uchun uzoq yillar tinmay 
xitoyliklardan o'z sarhaddarini himoya qilganlar. 
Milodning IX asrida kuchaygan migratsiyadan keyingi davrlarda 
paydo bo'lgan Chiyengsen, Payao va Lanna singari tay davlatlari 
kxmerlarga bo'ysunsalar-da, ammo imkoni bo'lganda ularga qarshi 
kurashganlar. Shu ahvolda faqat XIII asrga kelib Sukotai nomli 
taylarning yirik davlati Menamadan migratsiya qilgan aholining ortishi 
va Kambodjaning kuchsizlanishi oqibatida Malakka yarim orolini 
o'zlashtirishga kirishgan. 
Tailand tarixida Sukotaiga nisbatan yanada yirikroq Ayutiya davlati 
ham o'z davrida taylarni birlashtirish maqsadida Kambodja, Birma va 
Laos knyazliklari bilan janglar olib borgan. Shu vaqtga taalluqli yana bir 
muhim voqea - bu Sukotaini ham vassal sifatida Ayutiya tarkibiga 
kiritilishi va siamlarning Malakka yarim orolida to'la-to'kis o'z 
hukmronligini o'rnatishga bo'lgan harakatlari edi. 
Davlat miqyosidagi yiriklashuv oqibatida taylar Menamada yangi 
yerlar ochib, ularni ekin ekishga tayyorlaganlar. Bu ekin maydonlari 
uchun maxsus irrigatsiya tizimi yaratilgan. Avvalgi guzarlar o'rnida 
Pitsanulok, Savankalok, Kampengpet kabi barpo etilgan yangi 


146 
shaharlarda qariyb o'ttiz mingga yaqin xonadonlar yashaydigan turli 
ijtimoiy-maishiy markazlar vujudga kelgan. 
Davlat boshqaruv tizimida podshoh eng katga yer egasi va 
qo'shinning bosh qo'mondoni sifatida faoliyat ko'rsatgan. Unga davlat 
ishlarini yuritishda mahalliy feodallar asosiy tayanch bo'lib xizmat 
qilgan. Viloyatlardagi rahbarlik vazifasini ham asosan podsho oilasi 
a'zolari bajargan. 
Vassal davlatlar esa, markazga tobelik asosida o'z yerlik hukmdori 
tomonidan boshqarilgan. Boshqaruv ishlarida mamlakat ikki - ichki va 
tashqi hududlarga bo'lingan. Agar ichki hudud markaziy idora xodimlari 
orqali boshqarilsa, tashqi hududlar nazorati podshoh tomonidan 
tayinlangan maxsus mutasaddilar zimmasida bo'lgan. Soliq yig'ish ham 
ayni tizim ostida bajarilgan. 
Ilmiy hamda badiiy adabiyotlarda Tailand goho Siam ham deb 
ataladi. Vaholanki, taylar vatanining bu tarzda nomlanishi 1939-1945 
yillardan boshlab istifodaga kirgan. 
Kambodja - bu o'lkaning qisman qadim tarixini bayon etishdan 
oldin, shuni ta'kidlash joizki, uning rasman davlat sifatida nomlanishi va 
hududiga xos jug'rofiy jihatlarida hamon ayrim turli talqinlar mavjud. 
Ya'ni, agar o'tgan asrning 80-yillarida chop etilgan entsiklopedik 
nashrlarda ushbu mamlakat - Kampuchiya Xalq Respublikasi yoki 
«Kxmer Respublikasi» deb qayd etilgan bo'lsa, keyingi manbalarda 
Kampuchiya va hatto ''Kambodja qirolligi" deb nomlangan. 
Shuningdek, ba'zi rasmiy ma'lumotlarda Kambodjani faqat Janubi-
Sharqiy Osiyo mamlakati sifatida zikr etilgan bo'lsa, boshqa ba'zi 
matbuot manbalarida esa, uni Hindixitoy yarim oroli mamlakatlari 
sirasiga kiritilgan. Holbuki, Kambodja sarhadi har ikki jug'rofiy hududga 
tegishli. Ushbu masalada yana bir e'tiborga molik jabhalardan biri va 
asosiysi - Kambodja qadim tarixiga taalluqli ma'lumotlarning nisbatan 
taqchilligi. Aksariyat mavjud adabiyotlarda mon-kxmerlar tarixi neolit 
davridan boshlangan bo'lsa-da, lekin ularning keyingi tarixi milodning
I-VI asrlaridagi Funan hamda uning shimolida VI asrda paydo bo'lib, 
VII asrda inqirozga uchragan Chena kabi quldorlik davlatlari bayoni 
bilan chegaralangan. Bu boradagi ma'lumotlar qamrovi ham mahalliy 
aholining ovchilik va dehqonchilik bilan shug'ullanganligi haqidagi 
xabardor majmuidan nariga o'tmagan. 


147 
Yana, qator turfa nashrlarda shunday talqinlar ham borki, ular 
bo'yicha, dastlabki mahalliy davlatning shakllanishi bu yerda bronza 
asridan ibtido olgan. Uning taraqqiyoti o'z davri iqtisodining asosi 
bo'lgan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish va mo'l hosil olishda 
temir asbob-uskunalarning istifoda etilganligi bilan isbotlangan. 
Shu yo'sinda bayon etilgan Kambodjaning tarixi, keyinchalik IX-
XII asrlarga taalluqli jarayonlar zamirida har qalay kengroq ma'noda 
yoritilgan. Ya'ni, IX asrda Mekong deltasida vujudga kelgan 
«Kambudjadesha» Hindixitoyda o'z davrining eng yirik davlatlaridan 
biri bo'lgan. 
VIII asrdan to XII asrgacha faoliyat ko'rsatgan bu davlat sharqiy 
viloyatlarda Tyampa va g'arbida birmaliklarning Pagan hamda shimolda 
Dayvet davlatlari bilan jang olib borib, oqibatda sharqdagi o'z 
dushmanlari hududigacha kirib borishga muvaffaq bo'lgan. 
Kxmerlar davlati va uning poytaxti Angkorning taraqqiy topishi 
bilan boshlangan tinimsiz harbiy yurishlar va markazda ibodatxonalar 
hamda hashamatli saroylar qurilishining keng qanot yozishi oxiri 
podshohlik xazinasi, demak, uning kuch qudratiga putur yetkazgan. 
Chunonchi, Prea Kxan ibodat maskanida jamlangan rasmiy 
ma'lumotlarga qaraganda, XII asrda Kambodjada ibodatxonalar soni 20 
mingga yetgan va rohib ahliga tegishli yerlarda 30 mingdan ortiq 
dehqonlar ishlab, o'z ko'targan yillik hosillarining katta bir qismini yer - 
mulk egalariga to'lov va davlatga soliq sifatida to'laganlar. Xullas, feodal 
jamiyatining mustahkamlanishi yerga ishlov berib ekin ekuvchi 
yollanma hamda o'z xo'jaligiga ega dehqonlarning mehnat mashaqqati 
hisobiga amalga oshirilgan. 
Buning ustiga turli soliqlarning ortib borishi va og'ir mehnat hamda 
harbiy yurish va urushlarda qatnashish mas'uliyatidan tang ahvolda 
qolgan aholining norozilik kayfiyati, oxiri xalq qo'zg'oloniga aylangan. 
Tabiiyki, bunday holat muqaddam mag'lub qo'shni davlatlarni asta-
sekin Kambodja hududiga bostirib kirishga rag'batlantirgan. Yerlik 
askarlar, ortdan tegishli yordam kuchlari yetib kelavermagach, birin-
ketin o'z qo'l ostidagi hududlarini tashlab chiqib ketishga majbur 
bo'lganlar. Qirollikning markaziy hukumati chegaradosh davlatlar 
orasida o'zining avvalgi ta'sir kuchini yo'qotib, ibodatxonalarga qarashli 
yerlardagi daromadga ham ziyon yetgan. Mazkur sharoitda, bir tomon-
dan "yerdagi xudo" - podshohga sodiq rohiblar har qancha harakat 


148 
qilmasinlar yangi din - buddizm tarafdorlariga bas kelolmagan bo'lsalar, 
ikkinchi tomondan, XV asr boshidagi Siam va Tyampaning muttasil 
hujumlari ostida Kambodja uzoq vaqtlargacha o'znii o'nglay olmagan. 
Arxeologik topilmalardan olingan ma'lumotlarga qaraganda, 
hozirgi Laos hududida qadimgi davrlardan aholi yashagan. Mahalliy 
aholi ajdodlari bronza asri madaniyati asosida rivojlangan. Taxminan, 
milodning XIII asridan Laosga sharqdan lao va taylar migratsiyasi 
boshlanib, ularning asosiy qismi daryo suvlari bilan sug'oriladigan 
vodiylarni o'zlashtirganlar. Shu tariqa qabilalar tizimidan iborat o'z 
davrining kichik davlat shaklidagi podsholiklari faoliyat ko'rsatgan. 
Ammo ular orasidagi doimiy o'zaro to’qnashuvlar sababli Laosda 
nisbatan ilk yirik davlatning vujudga kelishi faqat XIV asrdan 
boshlangan. Ya'ni, kxmerlarning kuchsizlanishi oqibatida Muong-Sva 
knyazligi 
hukmdori 
Fa 
Ngum 
mustabidlardan 
ozod 
Laosni 
birlashtirishga muvaffaq bo'lgan. Hukmdorning ma'lumotli, tadbirkor va 
harb san'atidan xabardorligi Laos chegaralarini kengaytirish va 
mustahkamlash yuzasidan qator chora-tadbirlar o'tkazishda ish bergan. 
Harbiy yurishlar vaqtida mag'lub bo'lgan raqiblaridan boj-xiroj sifatida 
faqat qimmatli metallarni olinishi esa, xazinani boyitib, savdo ishlarini 
rivojlantirgan. Shundan so'ng, iqtisodiy va harbiy jihatdan mustahkam 
Laos hukmdori 1351 yili o'zini "Lan Sang-Millionlab fillar 
mamlakati"ning podshohi deb e'lon qilgan. Lan Sangda monarxiya 
tizimi joriy etilgach, unda barcha asosiy davlat mahkamalari podshoh 
oila a'zolari va o'zga yaqinlari qo'liga o'tgan. Bu mansab-martaba huquqi 
va imtiyozlaridan diniy arboblar ham istisno emasdi. Budda 
rohiblarining qo'lidagi hosildor yerlar davlat soliqlaridan mutlaqo ozod 
bo'lganligi bois ibodatxonalarning mol-mulki ham davlat nazoratiga 
bedaxl bo'lgan. 
Lan Sang davlati shu yo'sinda tinchlik sharoitida o'tgan qariyb 
yarim asr ichida qo'shni davlatlar bilan savdo-sotiq ishlarini yaxshi 
yo'lga qo'yib, iqtisodiy qudratini mustahkamlashga ulgurgan. Lekin 
keyingi 
yillardagi 
Birmaning 
ketma-ket 
hujumlaridan 
so'ng 
kuchsizlangan Lan Sang, mustabidlarga qarshi tinimsiz va uzoq 
kurashlar natijasida yana o'z mustaqilligini tiklashga erishgan. 

Yüklə 4,11 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   64




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin