1-modda. Ta’riflar Bank — tijorat tashkiloti bo‘lib, bank faoliyati deb hisoblanadigan quyidagi faoliyat turlari majmuini amalga oshiradigan yuridik shaxsdir:
yuridik va jismoniy shaxslardan omonatlar qabul qilish hamda qabul qilingan mablag‘lardan tavakkal qilib kredit berish yoki investitsiyalash uchun foydalanish;
to‘lovlarni amalga oshirish.
Omonat (depozit) — talab qilinishi bilanoq yoki to‘lovni amalga oshiruvchi shaxs bilan to‘lovni oluvchi shaxs yoxud ularning qonuniy vakillari o‘rtasida kelishilgan muddatda foizlar yoki ustama haq to‘lagan holda yoxud bunday to‘lovlarsiz hammasini qaytarib berish sharti bilan topshiriladigan pul summasi.
Chet el banki — chet el bankining o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshiradigan sho‘ba banki bo‘lib, uning ustav kapitalining hammasi chet el banki tomonidan to‘lanadi.
2-modda. Bank faoliyatining subyektlari O‘zbekiston Respublikasida tashkil etilgan hamma banklar bank faoliyatining subyektlaridir.
3-modda. Banklar faoliyatining huquqiy asosi Banklar faoliyati ushbu Qonun, “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonun, boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solib boriladi.
4-modda. Bank operatsiyalari Banklar o‘z faoliyatlarida quyidagi bank operatsiyalarini amalga oshiradilar:
jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan vakil banklarning hisobvaraqlarini ochish va yuritish, hisobvaraqlar bo‘yicha hisob-kitob qilish;
omonatlarni jalb etish;
kreditlarning qaytarilishi, foizliligi va muddatliligi sharti bilan o‘z mablag‘lari va jalb etilgan mablag‘lar hisobidan o‘z nomidan kreditlar berish.
Banklar boshqa turdagi operatsiyalarni ham amalga oshirishlari mumkin, chunonchi:
mablag‘ egasi yoki mablag‘ni tasarruf etuvchi bilan tuzilgan shartnomaga binoan pul mablag‘larini boshqarish;
chet el valyutasini naqd pul va naqd bo‘lmagan pul shakllarida yuridik hamda jismoniy shaxslardan sotib olish va ularga sotish;
pul mablag‘lari, veksellar, to‘lov va hisob-kitob hujjatlarini inkasso qilish;
uchinchi shaxslar nomidan majburiyatlarning bajarilishini nazarda tutuvchi kafolatlar berish;
uchinchi shaxslardan majburiyatlarning bajarilishini talab qilish huquqini olish;
qimmatli qog‘ozlar chiqarish, xarid qilish, sotish, hisobini yuritish va ularni saqlash, mijoz bilan tuzilgan shartnomaga binoan qimmatli qog‘ozlarni boshqarish, qimmatli qog‘ozlar bilan boshqa operatsiyalarni bajarish;
bank faoliyati yuzasidan maslahat va axborot xizmati ko‘rsatish;
jismoniy va yuridik shaxslarga hujjatlar va boshqa boyliklarni saqlash uchun maxsus binolar yoki ular ichidagi po‘lat sandiqlarni ijaraga berish;
moliyaviy lizing;
Oldingi tahrirga qarang. mikroqarz berish;
(4-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 3-oktabrdagi O‘RQ-494-sonli Qonuniga asosan o‘n birinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.10.2018-y., 03/18/494/1992-son) xalqaro bank amaliyotiga muvofiq, litsenziyada maxsus ko‘rsatilgan boshqa operatsiyalar.
Oldingi tahrirga qarang. Banklar bevosita ishlab chiqarish, savdo va sug‘urta faoliyati bilan shug‘ullanishga haqli emaslar, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(4-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 7-apreldagi O‘RQ-206-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 15-son, 176-modda)