8-modda. Bank ustavi Banklar o‘z ustavlari asosida faoliyat ko‘rsatadilar.
Bank ustavida:
bankning (to‘la va qisqartirilgan) nomi va qayerda joylashganligi (pochta manzili);
bank operatsiyalarining ro‘yxati;
ustav kapitalining miqdori, muassislar ro‘yxati va ustav kapitalidagi ulushlarning taqsimoti;
bankning boshqaruv organlari, ularni tashkil etish tartibi, ularning vakolatlari hamda vazifalari haqidagi ma’lumotlar;
bank auditi tartibi, shu jumladan buxgalteriya hisobi xalqaro standartlariga muvofiq belgilangan hisobotlar va auditorlik dasturlarining maqsadlari ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
Bank ustavida, ushbu moddada belgilangan talablardan tashqari, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ma’lumotlar ham bo‘lishi kerak.
Bank ustaviga kiritiladigan o‘zgartishlar belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.
9-modda. Bankning ustav kapitali Bankning ustav kapitali bank muassislari va aksiyadorlari to‘lagan pul mablag‘laridan tashkil topadi.
Kreditga va garovga olingan mablag‘lardan hamda boshqa jalb etilgan mablag‘lardan bankning ustav kapitalini shakllantirish uchun foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Alohida hollarda qonun hujjatlariga muvofiq bankning ustav kapitalini shakllantirish uchun budjet mablag‘laridan foydalanilishi mumkin.
Eng kam ustav kapitali bank muassislari tomonidan uni ro‘yxatga olish paytigacha to‘lanishi kerak. Ustav kapitali uchun to‘lanadigan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasining Markaziy bankida yoki boshqa banklarida ochilgan jamg‘arish hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Ko‘rsatilgan mablag‘lardan depozit sifatida foydalanish mumkin.
Banklar ustav kapitalining eng kam miqdori Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
10-modda. Banklarni ro‘yxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash Banklar Markaziy bankda ro‘yxatga olingan paytdan boshlab yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladilar.
Ro‘yxatga olish tartibi va shartlari Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Ro‘yxatga olish bilan bir vaqtda banklarga bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya topshiriladi.
Banklarni ro‘yxatga olish va ularga litsenziya berish haq evaziga amalga oshiriladi.
Banklarning filiallari Markaziy bankda ro‘yxatga olinadi va o‘z faoliyatlarini ularni tashkil etgan bankka berilgan litsenziya asosida amalga oshiradilar.