14-modda. Bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyani chaqirib olish asoslari Markaziy bank quyidagi hollarda bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyani chaqirib olishi mumkin:
bank to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lib qolganida, passivlar aktivlardan ko‘payib ketganida;
litsenziya berishga asos bo‘lgan ma’lumotlarning noto‘g‘riligi aniqlanganda;
bank o‘z omonatchilari va boshqa kreditorlari oldidagi majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lmaganida;
hisobot ma’lumotlari muntazam ravishda buzib ko‘rsatilganda;
qonun hujjatlariga va litsenziya shartlariga zid keladigan bank operatsiyalari amalga oshirilganda;
litsenziya berilgan paytdan e’tiboran bank operatsiyalarini amalga oshirish bir yildan ortiq muddatga kechikkanda;
monopoliyaga qarshi qoidalar buzilganda;
Oldingi tahrirga qarang. ichki nazorat qoidalari hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog‘liq axborotni maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etish tartibi buzilganda;
(14-moddaning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 15-yanvardagi O‘RQ-516-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2019-y., 03/19/516/2484-son) O‘zbekiston Respublikasida o‘z sho‘ba bankini tashkil etgan chet el bankidan litsenziya chaqirib olinganda.
15-modda. Chet el kapitali ishtirokida banklar ta’sis etish va ularning faoliyatiga nisbatan qo‘yiladigan qo‘shimcha talablar Markaziy bank chet el kapitali ishtirokidagi banklar oldiga qo‘shimcha talablar qo‘yish, shu jumladan chet davlatlar banklaridan ular o‘zlari joylashgan va ro‘yxatga olingan yerdagi tekshiruv organi nazorati ostida ekanliklarining tasdiqnomasini talab qilish huquqiga ega.
Chet el banklariga litsenziyalar, basharti, chet davlat banki o‘z mamlakatida qaytarib berish sharti bilan pul depozitlari va boshqa boyliklarni qabul qilish huquqiga ega bo‘lsagina beriladi.