10-modda. Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi, ishlovchilarining ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkin.
11-modda. Sudlov ishlarini yuritish davlat tilida yoki o‘sha joydagi ko‘pchilik aholi tilida olib boriladi. Ishda ishtirok etayotgan, sud ishlari yuritilayotgan tilni bilmaydigan shaxslarga tarjimon orqali ishga oid materiallar bilan tanishish, sud jarayonida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida so‘zlash huquqi ta’minlanadi.
Oldingi tahrirga qarang. Korxonalar, tashkilotlar va muassasalar o‘rtasidagi iqtisodiy nizolarni ko‘rib chiqish va hal qilishda davlat tili qo‘llaniladi. Iqtisodiy nizolar taraflarning roziligi bilan boshqa tilda ham ko‘rib chiqilishi mumkin.
(11-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-446-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda) 12-modda. Oldingi tahrirga qarang. O‘zbekiston Respublikasida notarial harakatlar davlat tilida amalga oshiriladi. Fuqarolarning talabiga ko‘ra rasmiylashtirilgan hujjat matni notarius yoki notarial harakatni bajarayotgan shaxs tomonidan rus tilida yoki imkoniyat bo‘lgan taqdirda — boshqa maqbul tilda beriladi.
(12-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-255-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 37-son, 313-modda) 13-modda. Fuqarolik holatini qayd etuvchi hujjatlar, shaxsning kim ekanligini va uning huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlar davlat tilida rasmiylashtiriladi, zaruriyatga qarab boshqa tilda tarjimasi takrorlanishi mumkin.
14-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida yashovchi shaxslarga davlat tashkilotlari va muassasalariga, jamoat birlashmalariga arizalar, takliflar, shikoyatlar bilan davlat tilida va boshqa tillarda murojaat qilish huquqi ta’minlanadi.
15-modda. O‘zbekiston Respublikasida yashovchi shaxslar, o‘z millatidan qat’i nazar, o‘z ismini, ota ismi va familiyasini milliy-tarixiy an’analarga muvofiq yozish huquqiga egadirlar.