a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.
b) Frontal (guruh bilan ishlash)
Yangi mavzu: Xudoyberdi To‘xtaboyev bugungi o‘zbek adabiyotining yetakchi vakillaridan biridir. U 1932-yil 17-dekabrda Farg‘ona viloyatining Katta tagob qijshlog‘ida tug‘ilgan. Otadan juda erta yetim qolgan Xudoyberdi bobosi Erkaboy va buvisi Robiyabibilarning tarbiyasida o‘sadi. 1949-yili Qo‘qon pedagogika bilim yurtini, 1955-yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi Milliy universitet)ni bitirgan. So‘ng bir necha yil Farg‘ona viloyatining Bag‘dod, O‘zbekiston tumanlaridagi maktablarda o‘qituvchi, ilmiy bo‘lim mudiri, maktab direktori lavozimlarida ishlagan. Bo‘lg‘usi adib 1958-yili Toshkentga keladi. 12 yil davomida turli gazetalarda ishlaydi, hozirjavob, qalami o‘tkir jurnalist sifatida elga taniladi. Jamiyatdagi illatlarni fosh etuvchi 300 dan ortiq felyeton yozadi. 70-yillar boshida o‘z ijodiy faoliyatini bolalar hayotini keng tasvirlagan asarlar yaratishga yo‘naltiradi. Yozuvchi o‘zining tarjimayi holida bu qarorini shunday izohlaydi: «Ruhi dunyosi pok bo‘lgan, tarbiyaga quloq soladigan, savob va gunohni bilishga intiladigan, ruhi go‘zallikka talpinayotgan bolalar dunyosida ishlasam qanday bo‘lar ekan, deb o‘ylay boshladim va qaror ham qabul qildim, bolalar, o‘smirlar dunyosiga paqqos o‘tib ketdim». Darhaqiqat, adib, mana, necha yillardirki, yozuvchilik iste’dodini bolalar va o‘smirlarning ma’naviy tarbiyasiga bag‘ishlab kelyapti. U ana shu maqsadda yoshlar nashriyoti, «Gulxan», «Yosh kuch» jurnallarida faoliyat ko‘rsatib, o‘zi e’tirof etganidek, «...Bola va o‘smir ruhidagi go‘zallikni himoyalashga e’tibor» berib kelyapti. Yozuvchi tinimsiz mehnati, izlanishlari, bolalarga cheksiz mehr-muhabbati tufayli, o‘zbek bolalar adabiyotining zabardast namoyandasiga aylandi. Adib qalamiga mansub «Omonboy va Davronboy sarguzashti» qissasi (1974-yil), «Sariq devni minib» (1968-yil), «Sariq devning o‘limi» (1973-yil), «Besh bolalik yigitcha» (1976-yil), «Qasoskorning oltin boshi» (1981-yil), «Yillar va yo‘llar» (1983-yil), «Shirin qovunlar mamlakati» (1986-yil), «Mungli ko‘zlar» (1988-yil), «Jannati odamlar» (1996-yil) kabi romanlari ana shu xayrli faoliyat mevalaridir.
Xudoyberdi To‘xtaboyev yurtimizda tashkil etilgan «Oltin meros» xalqaro xayriya jamg‘armasi raisi sifatida ham uzoq yillar samarali faoliyat ko‘rsatgan (1980-1998-yillar). Adibning «Sariq devni minib» va uning mantiqiy davomi bo‘lgan «Sariq devning o‘limi» romanlari nafaqat o‘zbek adabiy oti, balki jahon adabiyoti ko‘lamida ham bolalar uchun yaratilgan sarguzasht asarlarning eng yaxshi namunasiga aylandi. Bu romanlarda 6-sinf o‘quvchisi Hoshimjonning ajoyib sarguzashtlari, uning sehrli qalpoqcha yordamida erishgan qahramonliklari qiziqarli tarzda hikoya qilinadi. Hoshimjon tashlandiq bir uydan oq jundan yasalgan sehrli qalpoqchani topib oladi. Uning sehrini avval uyidagilar bilan sinab ko‘radi. Qalpoqchaning sehrli kuchiga to‘la amin bo‘lgach, uni dastlab qishlog‘idagi folbin xolaning yolg‘onchiligini fosh qilishga qaratadi. Oyisiga qo‘shilib firibgarlik qilayotgan sinfdoshi Mirobiddinxo‘jani tavbasiga tayantiradi, folbin xola xaltachalaridagi dorilarni almashtirib qo‘yib, mijozlarni undan bezdiradi. Sehrli qalpoqcha ishlaridan ruhlangan Hoshimjon uni o‘zi o‘qiydigan maktabida ham sinay boshlaydi. Qalpoqchani kiyib olib, o‘qituvchilar konspektlaridan yozma ishlarni ko‘chiradi, natijada baholari, o‘zlashtirishi yaxshilana boshlaydi, biroq shoshqaloqligi tufayli o‘zi ham pand yeydi. O‘qituvchilar uni koyib, tartibga chaqiradilar. Bilimsiz, yaxshi baholarga o‘qimay turib biror-bir kasb egasi bo‘lish mumkin emas, deb uqtiradilar. Lekin sehrli qalpoqchaning kuchiga ortiqcha ishongan Hoshimjon ustozlarining «ilmsiz bo‘lsang, zootexnik tugul, molboqar ham bo‘la olmaysan» degan gapiga o‘jarlik bilan, «bo‘laman, bo‘laman, bo‘laman», deydi-da, eshikni tarsillatib yopib maktabdan ketadi. Maktabini, jonajon qishlog‘ini tark etadi.