Science and e ducation



Yüklə 26,47 Kb.
səhifə2/4
tarix16.03.2023
ölçüsü26,47 Kb.
#88185
1   2   3   4
o-zbekistonda-paxta-ishi-o-zbek-ishi-kampaniyalari-boshlanishi-va-uning-qashqadaryo-viloyatida-amalga-oshirilishi (3)

Keywords: raw materials, cotton, crisis, bribes, personnel, court, criminal liability, imprisonment, imprisonment, acquittal.

XX asrning so‘nggi o‘n yilliklariga kelib mamlakat ichki hayotini qamrab olgan jiddiy iqtisodiy nuqsonlar qishloq xo‘jaligini o‘z domiga torta boshladi. O‘zbekiston SSR ham mamlakatning asosan xomashyo yetishtirib beradigan mintaqasi



hisoblangani sababli, respublika qishloq xo‘jaligi rivoji boshqa ittifoqdosh respublikalarga nisbatan ancha og‘ir, ziddiyatli jarayonlar ta’sirida qoldi. O‘ta markazlashtirilgan boshqaruv, “umumxalq manfaatlarini” ro‘kach qilib olib borilgan siyosat O‘zbekiston SSR qishloq xo‘jaligini, shu sohada band bo‘lgan aholining ijtimoiy, iqtisodiy ahvolini ham nihoyatda og‘irlashtirib yubordi. O‘rta Osiyo, ayniqsa O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining “Paxta” xomashyo kompleksi atrofida rivojlantirishi bu yillarda o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsata boshlagan edi. Yillar davomida partiyaning paxta hosildorligini oshirish uchun ketma – ket berib kelgan besh yillik rejalari yerlarning chala o‘zlashtirib, belgilangan vaqtda “topshirishga”, yerning meliorativ holatini buzilishiga, ketma - ket bir xil ekinlar ekib, katta miqdordagi sarf - harajat qilinishiga sabab bo‘la boshladi. Biroq, bu sarf – harajatlar o‘zini oqlamas, markaz esa besh yillik paxta planini bajarishni qat’iy turib talab qilar edi. Natijada olinadigan real daromad to‘liq bo‘lmas, buyruqbozlik, qattiq nazorat, tazyiq o‘tkazish kuchayib borar, kamomad, o‘g‘rilik, ichki nazorat va hisob - kitobning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi ortib borar edi. Bu holatlar butun mamlakatda qo‘shib yozish degan illatlarni kuchaytirib yubordi. X.Yunusovaning ilmiy tadqiqot ishida ta’kidlanishicha, SSSR FA olimlari o‘tkazgan hisob - kitoblarga ko‘ra, qo‘shib yozishlar butun mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotning 3 foiziga teng bo‘lgan. Xomashyo yetkazish sohalarida esa, qo‘shib yozishlar 5 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan. Mamlakat iqtisodiyotidagi holatlar boshqa ittifoqdosh respublikalarda ham ko‘zga tashlanadi. Masalan, 1977- yilda Belorussiya SSRda qo‘shib yozishga yo‘l qo‘yilganligi uchun 1075 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan. Tojikiston SSRning Leninobod viloyatidagi qurilish tashkilotlarida 1983 - 1984 yillarda 700 ming rubllik qo‘shib yozishga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan. Ozarbayjon SSRda esa 1983- yilning o‘zida 667 sanoat korxonasi va qurilish tashkilotlarida qo‘shib yozishga yo‘l qo‘yilgan. Moldaviyada esa qo‘shib yozishlar nihoyatda avj olgan bo‘lsa-da, kishilar tobora ko‘proq mansab kursilarini egallab borganlar. Biroq, mamlakat ijtimoiy - iqtisodiy va siyosiy hayotidagi barcha salbiy illatlarning tub mohiyati tahlil etilmagan va ochib berilmagan. Aksincha, ularga ayrim olib qaralgan mahalliy kadrlarning faoliyati bilan bog‘liq tarzda milliy, mintaqaviy voqelik sifatidagina baho berildi. Mazkur holatlar mansabni suiste’mol qilish, poraxo‘rlik, qo‘shib yozishlar avj olishiga olib kelgan asosiy omillardan biri deb qaralgan [1]. O‘zbekiston mamlakatning asosiy paxta xom ashyosi bilan ta’minlovchi mintaqasi bo‘lganligi sababli qo‘shib yozishlar illati “rivojlangan” joy O‘zbekiston deb qaraldi va qo‘shib yozishlarga qarshi mamlakat miqyosida katta harakatlar boshlanib, O‘zbekiston birinchi nishonga olingan respublikalardan bo‘lib qoldi. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozimki, darhaqiqat xalq xo‘jaligidagi qo‘shib yozishlar O‘zbekistonda mavjud bo‘lib, aksariyat hollarda kolxoz va sovxozlarning mansabdor shaxslari tomonidan qo‘shib yozishlar paxta tozalash korxonalarining tayyorlov tashkilotlariga tayyorlanmagan va topshirilmagan
paxtani topshirildi deb tovarsiz fakturalarni tuzish yo‘li bilan amalga oshirilgan. Bunday qo‘shib yozishlarga kolxoz va sovxozning brigadasida, bo‘limida tuzilgan, ichki xo‘jalik hisobga olish ma’lumotlari, so‘ngra zavod paxta punktining tovarsiz yozilgan, bir tomondan – kolxoz va sovxoz tomonidan, ikkinchi tomondan – paxta tozalash sanoati korxonasi tomonidan rejaning bajarilganligi to‘g‘risidagi davlat hisoboti ko‘rsatilgan ma’lumotlarni balanslashtirgan tovarsiz kvitansiyalar asos qilib olingandi. Zavod direktori va buxgalteri ushbu ma’lumotlardan rejani bajarishgani to‘g‘risidagi hisobot ma’lumotlarini oshirish uchun foydalanishgan va ularni respublika paxta tozalash sanoati vazirligiga hamda statistika boshqarmasiga topshirganlar [2].
O‘zbekiston janubidagi Qashqadaryo viloyati sanoatining asosiy yo‘nalishlari ham paxtachilikka ixtisoslashgan bo‘lib, paxtani qayta ishlash Qashqadaryoda 51 foizga teng bo‘lgan[3]. Buning ustiga respublikada yetishtirilgan mahsulotlarning o‘z qiymatidan bir necha marta past bahoda sotilishi, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning ko‘p qismi xom ashyo tariqasida sotilib, boshqa joylarda iste’mol qiymatlariga aylanishi respublika byudjetiga ham sezilarli ta’sir etar edi.
XVI Plenum (1984-yil) va O‘zbekiston Kompartiyasining XXII syezdi qarorlari bilan respublikadagi yetuk, har tomonlama tajribaga ega bo‘lgan rahbar kadrlar ishdan olindi. Ming-minglab odamlar hibsga olindi. Qanchadan-qancha oilalar xonavayron qilindi. Natijada, odamlarda loqaydlik, ertangi kunga ishonchsizlik kayfiyati paydo bo‘ldi. Ishlab chiqarish maromi buzildi. Siyosiy parokandalik oddiy oila tashvishidan tortib, umumdavlat ahamiyatiga molik bo‘lgan masalalargacha barcha-barchasini boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ydi.
“Paxta ishi”, “qo‘shib yozishlar” masalasi ham aslida 1983-yilda boshlangan. O‘zbekiston Kompartiya MQsining XVI Plenumi va unda Inomjon Usmonxo‘jayevning Markazdan O‘zbekistonga kadrlar bilan “yordam berish”ni so‘rab qilgan murojatidan so‘ng bu ish avj oldi. O‘zbekistonga yuzlab, minglab kadrlar yuborildi. Bular – Anishchev, Ogarok, Klepikov, Satin, Nesterenko, Buturlin, O.Gaydanov, E.Didarenko, Lyubimov, Kalinichenko, Korolyov, Maydanyuk, Mavrin, Litvinenko, Ivanov, Galkin, Kartashyan va boshqalardir. “Paxta ishi” bo‘yicha juda ko‘p guruhlar tashkil qilindi. Mahalliy xalqning “harakter va psixologiyasi”ni yaxshi bilgan amaldorlar bu guruhlarga tub yerlik prokuror va tergovchilarni bosh qilib, ularga “yaxshi konsultatsiya”lar berdilar va shu tariqa sopini o‘zidan chiqardilar. Yuqori saviyada “maslahat” olgan guruh a’zolari amaliy ishga tushib ketdilar. Ular 70-80-yillarda mamlakatda keng tus olgan qo‘shib yozishlar bo‘yicha jinoyatchilarni aniqlab berishlari kerak edi.
Haqiqatan ham shu yillarda paxta, chorva va boshqa sohalar bo‘yicha qo‘shib yozishlar davlat rejalarini sun’iy ravishda bajarish usuli bo‘libgina qolmay, millionlab so‘m davlat mablag‘larini suiste’mol qilish va talon-taroj etishning
sinalgan usuli edi. Poraxo‘rlik avjiga mingandi. Bunday qo‘shib yozishlar, poraxo‘rliklarning asosiy ilhomchisi va tashkilotchisi Moskvaning o‘zi bo‘lib, respublika, viloyat, tuman rahbarlari, davlat xo‘jaligi direktorlari, jamoa xo‘jaligi raislari, paxta tayyorlash korxonalari va paxta tozalash zavodlari rahbarlari bu ish bilan bog‘liq edilar. Ular asosli ravishda jinoiy javobgarlikka tortildilar va sudlandilar. Shu bilan bir qatorda, qo‘shib yozishlarga bevosita aloqador bo‘lmagan, bu ishga ongsiz sur’atda yoki tasodifan o‘ralashib qolgan, rahbarlarning ta’siri va tazyiqi ko‘zbo‘yamachiliklarga noiloj qo‘shilib qolgan, undan shaxsan hech qanday moddiy manfaatdor bo‘lmagan yuzlab va minglab gunohsiz kishilar ham jabr ko‘rib, aziyat chekdilar. “O‘zbeklar ishi”, “Paxta ishi” bo‘yicha qancha odamning qamoqqa olinganligi to‘g‘risida turlicha ma’lumotlar bor. Ba’zi manbalarda 22 ming, boshqasida 30 ming, hatto 48 ming odam hibsga olinganligi ko‘rsatiladi.
O‘zbekiston janubida shu jumladan, Qarshi cho‘li, Surxon - Sherobod cho‘llarini o‘zlashtirib, Respublikaning janubida joylashgan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan XX asrning 80 - yillariga kelib, o‘rtacha 1 million tonna paxta yetishtirish vazifasini kun tartibiga qo‘ydi. Gektaridan olinishi lozim bo‘lgan hosildorlik yildan - yilga ortib borib, uni bajarishning iloji bo‘lmagandan keyin, qo‘shib yozish degan bir illat paydo bo‘ldi. Shu yo‘sinda O‘zbekistonda “paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” degan uydurma vujudga keldi. Bu ishning yaqqol ko‘zga tashlangani 1981- yilga to‘g‘ri keladi [4]. O‘zbek xalqining fidokorona mehnatiga qaramasdan, Markaz o‘ylab topgan «paxta ishi», «o‘zbeklar ishi» siyosatining asorati XX asrning 80-yillaridan boshlab Qashqadaryoda yaqqol ko‘zga tashlandi. Birgina 1981-83 yillarda Qashqadaryoda halol mehnat qilib obro‘ topgan mashhur kolxoz raislari, sovxoz direktorlaridan, viloyat rahbarlari 36 kishi ishdan bo‘shatilib, ma’muriy yo‘l bilan jazolandi [5]. Ular orasida shahrisabzlik mashhur raislar A.Turopov, Qurbonov, sovxoz direktori N.Sharopov, Kasbi rayon xalq kontroli qo‘mitasinig raisi Ziyod Arabov, O‘zbekiston KP Bahoriston tuman qo‘mitasining ikkinchi kotibi R.Suyarov, Qarshi tuman paxta tozalash zavodi direktori Tohirovlar bor edi [6]. «Paxta ishi» bo‘yicha surishtirish ishlariga jalb etilgan «malakali» tergovchilar «talon-taroj» qilingan boyliklarni undirib olish bilan ovora bo‘lib ketib, qishloq–xo‘jalik va sanoatdagi qo‘shib yozishlarning tub mohiyatini tabiiyki, ochib bera olmaganlar. Mamlakatda yuzaga kelgan ijtimoiy-siyosiy sohadagi inqiroziy holatlar, avvalo, sovet hukumatining ma’muriy-buyruqbozlik siyosati natijasi ekanligini tergov guruhi mutlaq anglab yetmas edi. Shahrisabz tuman partiya qo‘mitasining birinchi kotibi X.Xoliqov S.Jo‘rayev bilan birgalikda 4.651.000 ming so‘m pulni paxtaga qo‘shib yozish hisobiga pora sifatida olganliklarida ayblanganlar. Aslida, bu miqdordagi pulning 3.100.000 so‘mi Serpuxovo, Kutaisi, Boku, Orexovo-Zuevo va boshqa shaharlardagi to‘qimachilik korxonalariga qabul qilinmagan xomashyo uchun pora sifatida berilgan edi.
Xullas, “paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” siyosati markazning SSSR inqirozi kuchayib ketib, tanazzul topishi muqarrar bo‘lgan davrdagi uydurmasi edi. Ushbu o‘zbek xalqiga qaratilgan nohaq siyosat va ayblovdan O‘zbekiston xalqi, jumladan, uning janubiy viloyatlari ahli juda og‘ir, tuzatib bo‘lmaydigan moddiy va ma’naviy zararga duchor bo‘ldilar.
Nohaq ayblangan kishilarni oqlash, adolatni qaror toptirish uchun o‘zbek xalqiga mustaqillik zarur edi va mustaqillik tufayli nohaq ayblangan kishilarning yuzlari yorug‘bo‘lib, mustabid tuzum qamoqxonalariga bardosh berib, sog‘–omon qolganlari o‘z oilalariga qaytib kelishga muvaffaq bo‘ldilar. Azob-uqubatlarga chiday olmay olamdan o‘tganlari esa, qatag‘on qurbonlari singari oqlanib, ularning farzandlari oldidagi munosib nomlari tiklandi, insoniy qadriyatlari o‘rniga qo‘yildi.



Yüklə 26,47 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin