Falsafiy dunyoqarash murakkab tuzilishga ega.
U muayyan bilimlar, kelajakka
qaratilgan G‘oya va maqsadlar, tabiiy va ijtimoiy fan yutuqlari, diniy tasavvurlar, qadriyatlar,
ishonch, e’tiqod, fikr, hissiyot kabi tarkibiy qismlardan iborat.
Bularning ichida e’tiqod muhim ahamiyat kasb etadi. U dunyoqarashning mazmunini tashkil
etadigan asoslardan biridir. E’tiqod insonning o‘z qarashlari va g‘oyalari to‘g‘riligiga, orzu-
umidlarining asosli ekaniga, faoliyati va xatti-harakatining umumiy maqsadlarga va talablarga
mosligiga bo‘lgan chuqur ishonchidan paydo bo‘ladi. U insonning hissiyoti, irodasi va faoliyatini
belgilaydi, ularni boshqaradi, shaxsni omilkorlikka, samarali faoliyatga undaydi.
Falsafiy dunyoqarash tarkibida hissiyot va aql muhim o‘rin tutadi. hissiyot dunyoqarashning
emotsional-ruhiy jihati bo‘lib, dunyoni tushunish esa, dunyoqarashning aqliy shaklidir. hissiyot –
quvonch, shodlik, zavqlanish, hayot va kasb-kordan mamnunlik yoki norozilik, hayratlanish,
xavotirlanish, asabiylashish, yolg‘izlik, zaiflik, ruhiy tushkunlik, g‘am-qussa, nadomat, o‘z
yaqinlari va vatani taqdirini o‘ylash kabi xilma-xil shakllarda namoyon bo‘ladi. Ana shular
barchasining uyg‘unligi dunyoni his etishga olib keladi. Dunyoni his qilish esa, uni aqliy
tushunishga, muayyan dunyoqarashning shakllanishiga asos bo‘ladi.
Inson aqli unga xos hissiyot va tasavvurlar asosida ilmiy dunyoqarashni shakllantiradi va
takomillashtiradi. har bir kishiga xos hissiyot va fikr, bilim va e’tiqod, intilish va kayfiyat, orzu-
umid va qadriyatlar dunyoqarash tarkibida yaxlitlashadi va olamni bir butun holda aks ettiradi.
Bir butun, yaxlit dunyoqarashning shakllanishi bolalikdan boshlanib, inson hayotining
oxirigacha davom etadi. Bu holat individual dunyoqarashning asosiy tamoyillaridan birini
ifodalaydi.
Falsafiy dunyoqarashning shakllanishida bilim g‘oyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Bilimda
dunyoqarashning barcha belgilari mavjud. Lekin, bilim va dunyoqarash aynan bir narsa emas.
Olamni tushunish bilimlar paydo bo‘lishi uchun asosdir. Bilim inson ongida hissiy va aqliy bilish
jarayonida hosil bo‘ladi, u dunyoqarashning asosi, uning uzviy qismidir.
Falsafa azal-azaldan dunyoqarash bo‘lgan. Chunki, uning o‘zi hayot nima uchun berilgan,
dunyoga kelishdan maqsad nima, umrni mazmunli o‘tkazishning qanday yo‘llari bor, degan talay
savollarga javob topish zarurati tufayli vujudga kelgan. Falsafiy dunyoqarash o‘zining nazariy
asoslangani va puxta ishlangani bilan ajralib turadi. Shu ma’noda, u boshqa fan yoki faoliyat
sohasi uchun umumiy uslub vazifasini ham bajaradi.
Agar nazariya bilish jarayonining natijasi bo‘lsa, usul (metod) shu bilimga erishish yoki uni
amalga oshirish yo‘lini anglatadi. Falsafiy nazariya esa, bir vaqtning o‘zida usul vazifasini ham
bajara oladi. Tarixning burilish davrlarida o‘zgarishlarning asosiy yo‘nalishlari va maqsadlari
nechog‘li to‘g‘ri ekani falsafiy dunyoqarash tamoyillariga solishtirib aniqlanadi. Bunda muayyan
falsafiy nazariya umumiy usul (metod) sifatida qabul qilinadi. Shu sababdan ham bunday
davrlarda falsafiy nazariyalarga e’tibor kuchayadi, taraqqiyot yo‘llaridan borish falsafiy
modellarining ahamiyati ortadi.