5-MAVZU. OLAMNING UNIVERSAL ALOQALARI VA RIVOJLANISH. FALSAFANING QONUN VA KATEGORIYALARI 62
5-MAVZU. OLAMNING UNIVERSAL ALOQALARI VA RIVOJLANISH. FALSAFANING QONUN VA KATEGORIYALARI REJA: 1.
Falsafa tarixida rivojlanish haqidagi qarashlar evolyusiyasi.
2.
Umumiy o‘zaro aloqa va rivojlanishning dialektik tamoyillari.
3.
Qonun va uning tasnifi.
4.
Falsafaning asosiy qonunlari.
5.
Kategoriya tushunchasi va ularning turlari.
Tayanch tushunchalar: Rivojlanish, dialektika, ob’ektiv dialektika, sub’ektiv dialektika,
stixiyali dialektika, materialistik dialektika, idealistik dialektika, ziddiyat, sakrash, ayniyat,
tafovut, inkor, vorisiylik, miqdor, sifat, me’yor, xossa, qonun, voqelik qonunlari, fan qonunlari,
falsafa qonunlari.
Falsafa tarixida rivojlanish haqidagi qarashlar evolyutsiyasi. Harakat, taraqqiyot,
umumiy bog‘lanish va aloqadorlik to‘g‘risidagi falsafiy ta’limotlar ham falsafa fani bilan birga
paydo bo‘lgan. Bu muammolar tahlili falsafada «dialektika» tushunchasi orqali ifodalangan. Bu
tushuncha falsafa tarixida turli davrlarda turli ma’nolarni ifodalab kelgan. Dialektika dastlabki
davrlarda o‘zaro bahs, munozara olib boruvchi mutafakkirlarning muhokamalaridagi qarama-
qarshi, zid fikrlarning to‘qnashuvi va shular asosida haqiqatni aniqlash ma’nosini ifodalagan.
Antik davr mutafakkirlarining ma’lumotiga ko‘ra, munozarada ishtirok etuvchilar, o‘z
muhokamalarida bir-birlariga muqobil savollarni berib, bu savollarga har tomonlama yondoshib,
ulardagi bir tomonlamaliklarni bartaraf qilishga uringanlar. Bunda, ular, o‘z muhokamalarida har
xil nuqtai nazarlarni hisobga olgan holda, ilmiy, nazariy, ahloqiy, siyosiy, huquqiy va shu kabi
voqea-hodisalar to‘g‘risida o‘z qarashlarini ishlab chiqqanlar. Ular shundan kelib chiqib,
dialektika deganda o‘zaro bahslashuv san’atini, munozara asosida haqiqatga erishish usulini
tushunganlar. Masalan, antik davr mutafakkiri Suqrot dialektikani bahslarda yo‘l qo‘yiladigan
qarama-qarshi fikrlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni ochish orqali haqiqatga erishish san’ati, deb
tushungan. Dialektikani bahs san’ati sifatida tushunish hatto o‘rta asrlarda ham davom etgan.
Buni o‘rta asrlar mutafakkiri Per Abelyarning «Ha va yo‘q» nomli asari yaqqol tasdiqlaydi.
Dialektikaga munozara san’ati sifatida qarash o‘rta asrlarda yashagan O‘rta Osiyo
mutafakkirlariga ham xos bo‘lib, hatto bu narsa Uyg‘onish davrlarida ham davom etgan. Bu davr
mutafakkirlarida ham dialektika savol-javob san’ati sifatida o‘zgacha fikrlarni rad qilish usuli
bo‘lib xizmat qiladi. Bunga misol qilib G.Galileyning «Dunyoning ikki sistemasi to‘g‘risidagi
bahs» asarini ko‘rsatish mumkin. Umuman, dialektika tushunchasining paydo bo‘lishi, u
o‘zining dastlabki davrlardagi tor ma’noni ifodalashiga qaramasdan, o‘sha davrlardan to bizning
kunlarimizgacha qo‘llanib kelingan sermazmun falsafiy suhbat usulining paydo bo‘lishida
muhim rol o‘ynadi va insoniyat madaniyatining rivojlanishiga katta hissa bo‘lib qo‘shildi.
Asrlar davomida to‘planib borgan dialektik munozara madaniyati murakkab
muammolarni muhokama qilish, ulardagi turli qarama-qarshi nuqtai nazarlarni ochish, aniqlash
va tushunish mahoratining qaror topishi inkor qilib bo‘lmas ahamiyat kasb etdi. Bora-bora
dialektika qarama-qarshi nuqtai nazarlar, ular o‘rtasidagi ziddiyatlarni ochish usuli sifatida
qaraladigan bo‘ldi.
Shunday qilib, sekin-asta inson ijodiy tafakkuri o‘z tabiati bilan dialektik ekanligi
haqidagi tasavvur paydo bo‘ldi. Lekin ma’lum vaqt o‘tishi bilan dialektika faqat kishilarning
o‘zaro munozaralarigagina xos emasligi ma’lum bo‘la bordi. Oqibatda, dialektika faqat inson
fikrlash jarayonigagina xos bo‘lmasdan, balki u tabiat va jamiyatdagi narsa va hodisalarga ham
xos, deb qarala boshlandi. Ayniqsa, bu qarash borliq shakllari va turlari o‘rtasidagi bog‘lanish va