ishsizlik — mehnat bozorida talabga ega bo‘lmagan mehnatga layoqatli ishchi kuchining mavjudligi;
ishsizlik nafaqasi — ishsiz shaxslarni davlat tomonidan kafolatlangan tarzda pul shaklida qo‘llab-quvvatlash turi;
ish o‘rinlarini zaxiraga qo‘yish — aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish uchun tashkilot (ish beruvchi) tomonidan ish o‘rinlarini ajratish;
4-modda. Bandlik Bandlik fuqarolarning qonun hujjatlarida taqiqlanmagan, o‘z shaxsiy va ijtimoiy ehtiyojlarini qanoatlantirish bilan bog‘liq bo‘lgan, ularga ish haqi (mehnat daromadi) keltiradigan faoliyatidir.
Fuqarolarga o‘zining ishlab chiqarishga va ijodiy mehnatga doir qobiliyatlaridan foydalanish hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan, shu jumladan haq to‘lanadigan ishni bajarish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish bo‘yicha mutlaq huquq tegishlidir.
Quyidagi fuqarolar band deb hisoblanadi:
mehnat shartnomasi bo‘yicha haq evaziga to‘liq yoki to‘liqsiz ish vaqti shartlari asosida ishlayotgan yoxud kasanachilik bilan shug‘ullanayotgan, shuningdek haq to‘lanadigan boshqa ishga, shu jumladan vaqtinchalik ishga ega bo‘lgan fuqarolar;
kasalligi, ta’tilda bo‘lishi, kasbga tayyorlashda, qayta tayyorlashda yoki malaka oshirishda ekanligi, ishlab chiqarish to‘xtatib turilganligi munosabati bilan, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq vaqtincha ish joyida bo‘lmagan xodimning ish o‘rni saqlanib qoladigan boshqa hollarda vaqtincha ish joyida bo‘lmagan fuqarolar;
haq to‘lanadigan lavozimga saylangan yoki tayinlangan fuqarolar;
5-modda. Aholi bandligi sohasidagi asosiy prinsiplar Aholi bandligi sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat:
bandlik turini tanlashning ixtiyoriyligi va erkinligi;
aholi bandligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish;
kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi;
shaffoflik va ochiqlik;
ishsizlikdan himoya qilish va ishga joylashishda, kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan hamda malaka oshirishdan o‘tishda ko‘maklashish;
O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish, mustaqil ish izlash va ishga joylashish uchun huquqni ta’minlash;
kasb egallash va ishga kirishdagi, mehnat qilish va bandlikni ta’minlash sharoitlaridagi, mehnatga haq to‘lashdagi, xizmat pog‘onalari bo‘yicha ko‘tarilishdagi imkoniyatlar tengligining kafolati;
majburiy mehnatni taqiqlash, ya’ni biron-bir jazo qo‘llash tahdidi bilan ish bajarishga majburlashni taqiqlash.