Majburlash — bu o‘quvchining xulq-atvoriga qo‘yiladigan salbiy baholashning ifodasi, xulq-atvor me’yorlariga zid bo‘lgan hatti-harakatlari va bema’ni qiliqlarining muhokamasidir. Pedagogika fanida ushbu vosita tarbiyalashning eng so‘nggi metodi sifatida ifodalanadi. Ushbu metod turlari, qo‘llanilayotgan boshqa tarbiyaviy metodlar istalgan tarbiyaviy maqsadga erishishda imkoniyat bermagandagina, qo‘llanilishi mumkin.
XX asrning o‘rtalarida pedagogikada majburlashdan shaxsni kamsituvchi va salbiy oqibatlarga olib keluvchi tarbiyalash metodi sifatida foydalanish rad etilgan. Biroq, keyinchalik majburlashdan pedagogik jihatdan to‘g‘ri foydalanish qonuniy deb e’tirof etildi: u uyat, or-nomus tuyg‘ulari o‘quvchida bo‘lmaganda, uning hatti-harakati salbiy oqibatlarga olib keladigan holatlarda, tarbiyalanuvchining xulq-atvorini tuzatadi, unga xatosini tushunib yetishga imkoniyat beradi.
Tarbiyaviy faoliyatda majburlash metodi shaxsning qadr-qimmatini kamsitmaydigan puxta o‘ylangan hatti-harakatlar asosida olib boriladi va uni amalga oshirishda bunday vositalarining tanlanishi chuqur tahlil talab qilinishini hisobga olish zarur. Ular qatoriga o‘qituvchining tanbehlari yoki qat’iy talablari, yanada qat’iy mas’uliyatga ehtimolli jalb etish to‘g‘risidagi ogohlantirish, jamoada muhokama qilish yoki pedagogik kengashga chaqirish, boshqa sinfga yoki maktabga o‘tkazish, umumta’lim muassasasidan haydashni kiritish mumkin.
Ilmiy pedagogik adabiyotlarda tarbiyalashning ko‘rib chiqilgan pedagogik vositalaridan tashqari shaxs bilan tarbiyaviy o‘zaro ta’sir ko‘rsatishning ayrim umumiy usullari ham o‘z aksini topadi. Ular qatoriga pedagogik faoliyatning yangi turlarini joriy etish, muomala ma’nosini o‘zgartirish, kabilarni kiritish mumkin. Biroq ularning mazmuni tarbiyalanuvchilarning ongiga ta’sir ko‘rsatishdan iborat hamda ma’no jihatidan yuqorida ko‘rib chiqilgan tarbiyalash metodlarini o‘z ichiga oladi.
Tajribali o‘qituvchi bir vaqtning o‘zida psixologik tarbiyaviy ta’sir metodlaridan ham foydalanish yetarli darajada samara berishini biladi. Ta’kidlab o‘tilganidek, o‘qituvchi tomonidan qo‘llaniladigan pedagogik vositalar o‘quvchilarning ongiga yo‘naltirilgan. Pedagogik tajribaning ko‘rsatishicha, og‘zaki bo‘lmagan ta’sir ko‘rsatish metodlari (mimika, pantomimika, imo-ishora, holat, hatti-harakatlar, ko‘zlarning ifodasi, ovoz intonatsiyasi), his-tuyg‘uga yo‘naltirilgan ta’sir ko‘rsatish metodlari (birgalikda qayg‘urish, g‘azablanish, xursand bo‘lish) va oqilona ta’sir ko‘rsatish metodlari (asosiy vosita — ishontirish) juda samarali hisoblanadi. Shu bilan birga psixologik metodlar ham, pedagogik metodlar bilan bir vaqtda qo‘llanilishi o‘qituvchining o‘quvchi shaxsiga tarbiyaviy ta’sirini kuchaytiradi.
Tarbiya texnologiyalarida foydalaniladigan, ko‘rib chiqilgan metodlar uning masalalarini yanada to‘liqroq hal etish uchun shart-sharoitlarni yaratgan holda, tarbiyalashning barcha shakllarida amalga oshiriladi. Biroq ularni tanlash, o‘zlashtirish va amalga oshirishda ko‘pgina omillarga, jumladan, milliy an’analar, urf-odatlar, pedagogikaga xos bo‘lgan holatlarga e’tibor berish zarur.
Barcha pedagogik holatlarda mutlaqo “to‘g‘ri” bo‘lgan tarbiyaviy metodlar mavjud bo‘lmaydi. O‘qituvchi tarbiyaviy maqsadlarga erishish uchun, odatda, muayyan vaqtga mo‘ljallangan, o‘zining pedagogik o‘zaro ta’sir ko‘rsatish strategiyasini yaratgan holda tarbiyaviy metodlar majmuasidan foydalanadi. Mohir o‘qituvchi o‘zining rang-barang tarbiyaviy metodlariga ega bo‘ladi va muayyan bir holat uchun ularning muqobil variantlarini topib qo‘llaydi. Tarbiyaviy metodlarni qo‘llashning o‘z texnikasi mavjud bo‘lib, u o‘qituvchining pedagogik mahoratiga bog‘liq. A.S.Makarenko aytganidek, “o‘quvchilar o‘qituvchining tarbiyachi sifatidagi ta’sirini, uning tashqi ko‘rinishidan, boy ma’naviyatidan, notiqlik san’atidan, so‘z intonatsiyasini mukammal o‘z o‘rnida qo‘llay olishidan, yuz ifodasidan o‘zlariga qabul qiladilar”.