Nazorat savollari.
Shubert qo’shiqlari qahramoni Betxoven asarlari qahramonidan nimasi bilan farq qiladi? Bu farqning sababi nima?
Shubert qanday qo’shiq turkumlarini yaratgan? She’rlarning muallifi kim?
Gyote she’rlariga yozilgan qo’shiqlarni sanab bering.
Ballada qanaqa janr?
Topshiriqlar.
Ma’ruza matni asosida konspekt yozing.
Shubert qo’shiqlaridan musiqiy mavzularni chalishni yoki kuylashni o’rganing.
Adabiyotlar.
1. E Chyornaya. Franc Shubert. M. 1964.
V. Galackaya. Muzikalnaya literatura zarubejnix stran. Muzika. 1983.
26 - Mavzu: Frants Shubert. «Tugallanmagan simfoniya»
Rejasi:
F. Shubertning cholg’u sozlari uchun yozgan asarlari.
«Tugallanmagan simfoniya».
Bayoni.
Shubertning cholg’u sozlari uchun yozgan asarlari o’zining tarixiy va badiiy ahamiyatiga ko’ra vokal asarlaridan qolishmaydi. Shubert ijodi sababli musiqa san’atida yangi janr – lirik cholg’u miniatyurasi katta o’rin egalladi. (ekspromtlar, musiqiy lahzalar va boshqalar). Qisqa, kichik shakl va lirik obrazlarning tasvirlanishi – bu asarlardagi asosiy xususiyatlardir. Bunday asarlarni yaratishga katta e’tibor berish bilan birga kompozitor doimiy ravishda yirik shaklli klassik cholg’u asarlari: kvartetlar, triolar, kvintetlar, sonatalar va simfoniyalar yozdi. Re minor va lya minor tonalligida yozilgan torli kvartetlar, «Forel» nomli kvintet, fortepiano uchun yozilgan lya major sonatasi va si minor va do major tonalligida yozilgan simfoniyalar Shubertning durdona asarlari hisoblanadi.
Avval aytib o’tilganidek Shubert lirik-dramatik xarakterdagi romantik simfoniya janrining asoschisidir. Uning «Tugallanmagan simfoniya» nomi bilan mashhur 8 - sonli simfoniyasi xuddi shunday asardir. Simfoniya si minor tonalligida yozilgan va faqat ikki qismdan iborat. Shuning uchun «tugallanmagan» degan nomni olgan, chunki simfoniya asari to’rt qismli bo’lishi kerak. Kompozitorda qolgan ikki qismini ham yozish imkoniyati bor edi. Lekin u ko’nglidagi barcha fikrlarni ikki qism musiqasida ifodalab bo’lgan va simfoniyani yozib tugatishga hojat sezilmagan. Shubert simfoniyani 1822 yilda, ijodiy salohiyati gullab yashnagan davrda yaratdi. Betxovenning qahramonlik ruhidagi simfoniyalaridan farqli ravishda bu asar lirik-dramatik xarakterda. Simfoniyadagi barcha musiqiy mavzular qo’shiq ruhida bo’lib, Shubertning vokal ijodi ta’siri sezilib turadi.
Birinchi qism- Allegro musiqasi sonatali allegro shaklida yozilgan. Deklamaciya xarakteridagi kirish mavzusi bilan simfoniya boshlanadi. Uni pastki registrda violonchellar va kontrabaslar ijro etadi. Bosh tema uncha tez bo’lmagan sur’atda goboy va klarnetlar tomonidan ijro etiladi. Bu juda nozik, lirik, g’amgin va o’ychan kayfiyatdagi musiqiy mavzudir. Yordamchi mavzu ham nihoyatda kuychan xarakterda. Uni qo’shiq kabi violonchellar «kuylab» ijro etadi. Yordamchi mavzuda xalq raqslariga xos xususiyatlar ham bor. Bosh mavzu si minorda bo’lsa, yordamchi mavzu sol majorda yozilgan. Major va minor ladlarining bunday qarama-qarshi qo’yilishi musiqaga go’zallik beradi.
Rivojlov bo’limi musiqasi fojiali, dramatik xarakterda. Bu bo’limda kirish mavzusi qayta ishlangan va rivojlantirilgan. Repriza bo’limida barcha mavzular takrorlanadi. Simfoniyaning ikkinchi qismi ham sonata shaklida yozilgan, lekin unda rivojlov bo’limi yo’q. Berilgan ikki musiqiy mavzu lirik xarakterda. Bu lirika yorqin, osoyishta xususiyatga ega. Bu musiqiy mavzular ham qo’shiq xarakterida. Ularda raqslarga xos xususiyatlar ham bor.
«Tugallanmagan simfoniya» Shubertning eng mazmundor asarlaridan biridir. Afsuski uni orkestr ijrosida eshitib ko’rish kompozitorga nasib qilmadi. Simfoniyaning qo’lyozmasi faqat 1865 yilda topildi va ijro etildi. Shundan keyin «Tugallanmagan simfoniya» kontsert dasturlaridan doimiy ravishda o’rin olib kelmoqda.
Dostları ilə paylaş: |